www.ziyouz.com kutubxonasi
34
ham xazinasi bo‘ladi. Tomib turmasa, quriydi bu xazina. Ular esa xazinalarining
qurishiga sira yo‘l qo‘yishmaydi.
— Xazinasiga o‘t ketsin!
— Qarg‘ama. Ularning ishi to‘g‘ri. Ular duch kelgan odamni tushirishmaydi.
Pochchaginamga o‘xshagan g‘irromlarni o‘marishadi. O‘zing o‘ylab ko‘r, ishchidan yo
dehqondan nimani o‘marishadi?
— Pochchangdan hech nima qolmadi. U uyga tashimas edi.
— Bu bilan ularning ishlari yo‘q.
— Men qayoqdan topaman shuncha pulni?! — Matlubaning titroq ovozi bir necha
parda ko‘tarildi. Oshxonada ivirsib yurgan, qo‘li ishda, qulog‘i esa mehmonxonada
bo‘lgan Nazmi ham bu ovozni eshitdi.
— Er kerak bo‘lsa, topasan, — dedi Sarvar xotirjam tarzda.
— Bermasam o‘ldirishadimi?
— Bilmayman. Agar shunaqa shart qo‘yilgan bo‘l- sa — o‘ldirishadi.
— Bolalarimga-chi? Tegishmaydimi?
— Bilmayman... Agar bolalarni garovga qo‘ygan bo‘lsa...
— Nega garovga qo‘yarkan? Bolalarda nima haqqi bor uning?! Voy Xudoyim,
qayoqdanam shu hayvonga tegdim!
— Bo‘ldi, g‘ingshima. Endi hayit o‘tgan, xinani xohlagan joyingga qo‘yasan.
«Xotinlar telegrafi» uchun qiziq ma’lumot bera oluvchi gapga shoshgan Nazmi kirib
kelib, ikkovlari ham jim qolishdi.
— Bolalarning o‘qishiga qattiq turganing yaxshi,— dedi Sarvar gapni burib. Matluba
avvaliga ukasining muddaosini tushunmay ajablandi. So‘ng keliniga bir qarab olib:
— Hozir o‘yinqaroq payti. Otasi bo‘lganidayam ha-yiqib turarmidi... — deb qo‘ydi.
— Onasi, ertalab vaqtli ketaman. Kiyimlarimga dazmol urib qo‘y, — dedi Sarvar,
xotini uzatgan choyni olib.
Nazmi «kiyimlaringiz tap-tayyor» deyishga og‘iz juftladi-yu, o‘zining bu suhbatga
ortiqchaligini anglab, o‘rnidan tura qoldi.
— Menam vaqtli ketaman, — dedi Matluba, — Ertaga kelaman. Pul oladigan yigit
adamlarnikini tayin qilgan.
— Men ham adamlarnikida bo‘laman. O‘sha yigitni bir ko‘rib qo‘yay.
— Ko‘rmaganing yaxshimikin. «Birov bilmasin» degan.
— Aytaveradi. Bu birov bilmaydigan ish ekanmi? Sen ko‘p siqilaverma. Yolg‘iz
bo‘lganingda boshqa gap edi. Ahmoq bo‘lsa ham, hayvon bo‘lsa ham o‘sha peshonangga
bitgan ering. O‘n besh yil bergan bo‘lsa, o‘n besh yil o‘tirmaydi. O‘n besh yilgacha yo
podsho o‘ladi, yo eshak.
Sarvar shunday deb o‘rnidan turdi.
— Rostdan ham vatli ketishim kerak. Sen ham damingni ol.
Matluba bu xonadonga har kelganida kelini hurmat yuzasidan mehmonxonada
yotmoqchi bo‘ladi. Har safar ham Matluba uni yotoqxonasiga chiqarib yuboradi. Odat bu
gal ham kanda bo‘lmadi. Mehmonxonada yolg‘iz qolgach, Matluba o‘ringa yonboshladi.
Bir necha nafasdan so‘ng yuragi bezovtalanib, qaddini ko‘tardi. Xayollari cho‘l
shamoliday bevosh bo‘lib ketdi. Tursunali akasini ilk bor ko‘rgan kunini ham esladi. Eslay
turib, o‘sha kunni la’natladi. Asalday totli tuyulgan damlar zaharga to‘la turmushning
aldamchi debochasi ekanini kech angladi. Yumuq ko‘zlar ochilgan damda zaharga to‘la
hayot qo‘yniga kirib bo‘lgan, endi ortga yo‘l yo‘q edi. Hozir ham turmushning zaharli
nishi yuragiga sanchilib, bezovta qila boshladi. Yuragi qattiqroq sanchganda beixtiyor
«oyijon!» deb yubordi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |