www.ziyouz.com kutubxonasi
10
— Nimaga lallayasan?! Ko‘tar, daryoga tashla. Kum
7
ga borib, Bifshteks qochdi, deb
ayt. Keyin lepila
8
ni boshlab kel.
Qamoq lagerining tabibi muolija qilib ketgach, Tengiz Nuriddinni chaylaga boshladi.
Eski gazetalardan iborat «dasturxon» usti betartib edi. Pachoqburun kirib, chala yeyilgan
non-go‘shtlarni yig‘ishtirib chiqib ketgach, Tengiz alyumin krujkaga to‘latib aroq quydi-
da, mehmonga uzatdi. Nuriddin uni olish uchun qo‘l ham uzatmadi.
— Ha, — dedi Tengiz, qoshlarini chimirib. — Hazar qilyapsanmi?
— Ichmayman, — dedi Nuriddin. So‘ng tarang vaziyatni yumshatish maqsadida
qo‘shib qo‘ydi: — Shu paytgacha ichmaganman.
— Namoz o‘qiysanmi?
— Yo‘q.
— Unda menga o‘xshagan chala musulmon ekansan. Ichmaydigan odamlarni hurmat
qilaman. Ichishni anavi to‘ng‘izlarga chiqargan. Bu nima, bilasanmi?
— Aroqni aytyapsizmi?
— Ha, sen bilan men buni aroq deymiz. Aslida bu bizning millatimizni qirib tashlovchi
atom bomba. Bu enag‘arlar bizlarni qanday quritishni bilishgan. Sen bilan biz buning
fahmiga bormay ichaveramiz, ichaveramiz. Ichib olib bolalarni tug‘diraveramiz. Borib-
borib millat qirilib ketganini bilmay qolamiz. Senlar ko‘psanlar, uncha bilinmas balki.
Ammo biz kammiz. Hademay qirilib bitamiz.
— Siz... gruzinmisiz?
— Yo‘q... — Tengiz miyig‘ida kuldi: — Men — avarman! — Tengiz bu gapni iftixor
bilan aytdi. — Avar degan xalq bor bu dunyoda, eshitganmisan?
Nuriddin eshitmagan edi. Bir oz xijolat bo‘lgani holda bu haqiqatni tan oldi.
— Sen meni gurjiga o‘xshatma. Ular Qofqazni sotishgan. Mening bobolarim esa
qofqazimizni bu kofir to‘ng‘izlardan himoya qilgan. Imom Hamzat, imom Shomil,
Hojimurodlarni eshitganmisan? Ha, eshitmagansan.
— Men... o‘qimaganman. Sakkizinchini bitirib, dalaga chiqib ketganman. Keyin
harbiyga chaqirishib, Afg‘onga tashlashdi. Keyin bu yerlar... Qo‘limga bitta kitob olib
o‘qimaganman sira.
— Unda seni «esh-shak» deganlari to‘g‘ri ekan. Qaysarliging uchun emas,
o‘qimaganing sababli esh-shaksan. O‘qimagan odamning esh-shakdan nima farqi bor?
Sen mening tariximni bilmaysan. O‘zingnikini bilasanmi? Sening hamzatlaring,
shomillaring bormi? Bilmaysan! Esh-shak ham o‘zining ota-bobolarini bilmaydi.
Gaplarimga hayron bo‘lyapsanmi? «O‘g‘ridan ham shunaqa gaplar chiqadimi?»
deyapsanmi? Men o‘g‘ri bo‘lib tug‘ilmagan edim. Ota-bobom ham o‘g‘ri emasdi. Men
o‘zimnikilarning ushog‘iga ham xiyonat qilmaganman. Men yerimga o‘g‘ri bo‘lib bosib
kirganlarning mol-joniga qiron keltiraman. Men o‘g‘ri emas, qasoskor, xunxo‘rman!
Ammo o‘g‘ri degan unvonni olganman. Men uchun qasosning o‘zgacha yo‘li yo‘q.
Bilasanmi, men salkam oliy ma’lumotli faylasufman. Ha... meni to‘rtinchi kursdaligimda
haydashgan. Leningradda o‘qirdim. Bir professor bor edi, — Tengiz shunday deb
istehzoli jilmaydi. — Nikolay Aleksandrovich Sagoev degan. Qiziq, a? Ismi o‘rischa,
nasabi tog‘liklarniki. Keyin bilsam asli Nazir Alievich Sagoev ekan. Tilimni tiyolmay
o‘shanga bir kuni aytdim: «Muhtaram professor, mayli, o‘zingizning ismingizni o‘rischa
qilibsiz, otangizning shunday chiroyli ismini nega o‘zgartirasiz? Sizda tog‘liklar
nomusidan zarracha bormi?» dedim. U enag‘ar meni komsomol majlisiga qo‘ydi. Mening
qaysarligim tutib, majlisda avarcha gapirdim. O‘sha professorning o‘zi tarjima qilib turdi.
7
Lager boshlig‘i.
8
Do‘xtir
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |