www.ziyouz.com kutubxonasi
166
oilalaridan gapirishsa, hatto turmush qiyinchiliklaridan nolishsa ham ularga havasi
keladigan bo‘lgan edi. U er hukmron bo‘lgan ko‘p bolali oilaga ega bo‘lish orzusida
yashay boshlagan edi. Chiroyli yoki puldor er havasi shamolda qolgan shamchiroq
singari umri poyoniga qarab borardi. Shinam oila orzusida u osh damladi. Ikki yon
qo‘shnisinikiga bir kosadan chiqardi, bir kosani olib yuqori qavatga ko‘tarildi.
Abduqayum uyda yolg‘iz edi. Nafisa ochiq eshikdan kirib, kosani aravachaga moslangan
stol ustiga qo‘ydi. Nafisa qo‘shni ayollarning bu xonadonga kirib, gaplashib o‘tirishlarini
bilardi, «bu bola ko‘p kitob o‘qiydi, bola emas — balo!» degan ta’rifni ham eshitgan edi.
Shu sababli Abduqayumning «Nafisa opa, bir pas gaplashib o‘tiring», degan taklifini rad
etgisi kelmadi.
Shundan so‘ng yolg‘izlik azobiga Abduqayumning suhbatlari malham bo‘la boshladi.
Shu yerda uning tosh yuragi yumshaganday bo‘lib, zulmatdagi qalbiga iymon nuri asta
mo‘raladi.
Omonullo Nafisaning ishxonasiga borganida stoli tortmasidan o‘n ikki varaqli daftar
olinganini bilmas edi. Nafisa bu daftarga nimalarnidir yozar, keyin uzoq tikilib o‘tirar edi.
Bu holatga qiziqqan hamxona ayol uning o‘limidan so‘ng daftarni olib o‘qidi-yu, ammo
joyiga vaqtida qo‘yishni unutdi. Omonullo kelganida esa daftarni uning qo‘liga
tutqazishdan cho‘chidi. Shu bois Nafisaning qalbidan o‘tganlari sir bo‘lib qolaverdi.
Nafisa Abduqayumning kitoblardan o‘qib berganlarini eslab, ayrim gaplarni esa yozib
qo‘yishni odat qilgan edi.
«Seni haqiqatdan uzoqlashtirib, yomon odatlarga yaqinlashtirgan kimsa eng iflos
odamdir...» — Abduqayum shunday dedilar. Unda... Eng yaqin odamlarim... eng iflos
odamlar ekan-da... Voy, Xudoyim, bu ne ko‘rgulik...»
«Ey Odam farzandi! Dunyoga yomonlik tarqatganni aslo olqishlama! Bu olqishing seni
zulmlarning eng dahshatlisiga olib boradi...» — Men shunday qildimmi? Endi zulmning
eng dahshatlisiga uchraymanmi? Voy, Xudoyim, bu ne ko‘rgulik...»
«Ey boyligi bilan mag‘rur bo‘lgan inson! «Falonchiman!» deb kibrlanma, balki «Asli
o‘zim kimman?...» deb fikrla. Bugun moliga maftun, avlodiga majnun bo‘lgan ey inson!
Ko‘z yumgan kuning achchiq-achchiq haqiqatni ko‘rgach tushunasan... Mol-dunyong
ko‘pligidan sevinma, halol qo‘lga kiritganingdan sevin. Chunki harom daromad seni
oqibat azobga duchor qiladi...» — Bu azoblar hali menga kammidi... Voy, Xudoyim, bu
ne ko‘rgulik...»
«Qalbida iymon nuri bo‘lmagan inson — uyqudadir. Uni faqat o‘lim uyg‘otadi. Shu
sababli Rasulluloh «insonlar uyquda, o‘lganlarida uyg‘onadilar», degan ekanlar...» —
Men qanday uyg‘onar ekanman, Voy Xudoyim...»
Hamxona ayol bu satrlarni o‘qib ko‘p ham ta’sirlanmagan, «eskichaga o‘qiyotgan
ekanda», deb qo‘ya qolgan edi. «Qalbning nurlanishi» degan tushunchadan uzoq
bo‘lgani uchun ham Nafisaning satrlariga ko‘chgan tuyg‘ulariga hamroz bo‘la olmagandi.
Daftarni Omonullo o‘qigan taqdirda ham «qotilni aniqlashga yordam beruvchi dalil yo‘q»,
deb qo‘ya qolar edi.
Idora xo‘jayini «milisaga «g‘ing» desalaring onalaringni ko‘rsataman», degani sababli
hamxona ayol Omonulloga bor gapni aytishdan qo‘rqdi.
... Nafisa o‘sha kuni ertalab bozorga kirib issiq non, qulupnay ko‘tarib kelib
idoradagilarni mehmon qildi. Mehnat ta’tilini tog‘da, eri bilan o‘tkazajagini hamxona
ayolga aytdi. Shunda «yo bugun, yo ertaga olib ketishlari kerak, hammomda kran
o‘lgurdan suv oqyapti. Usta chaqirsam kelmayapti, yo‘g‘imda suv sharillab oqib ketsa
qo‘shnilarimdan balolarga qolaman», deb nolidi. Shunda hamxona ayol: «Voy, Sanjarga
ayta qolmaysizmi, menikini bir pasta tuzatib bergan, asli kasbi santexnik-ku,
bilmasmidingiz?» dedi-da, chaqqonlik bilan turib yigitni chaqirib keldi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |