www.ziyouz.com kutubxonasi
134
emasdi. Shu sababli «bu ayol to‘g‘ri gapir-yaptimi yo yo‘qmi?» deb tahlil etmadi.
Matluba to‘g‘ri javoblardan chekinib, o‘zi istagan gaplarnigina aytmoqchi bo‘layotgani
bilan qarmoqdagi xo‘rakka aldanajagini bilmas edi. U Nafisaning o‘limidan xabar topgani
bilan, o‘zining bu fojiaga aloqador deb gumon qilinayotganidan, Omonullo aynan shu ish
tufayli kelganidan bexabar edi. «Erimni qamab ham tinchishmas ekan», degan fikr uni
chalg‘itib qo‘ygandi.
— Savolimga javob bermadingiz, opa, mendan oldin ham birov keldimi? — Omonullo
ayoldagi sarosimani sezgani uchun savolini takrorladi.
Xursanali bo‘lib o‘tgan tintuvning «isini chiqarmaslik»ni tayinlagani sababli Matluba sir
boy bermaslik uchun nigohini olib qochdi.
— Adamizni ushlashganidan beri nechtasi kelib, nechtasi so‘roq qildi, nechtasi tintdi.
Hisobi yo‘q bularning. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Adamizning ayblari bor ekan,
qamadilar. Bizning gunohimiz nima? Bolalarimning gunohi nimada? Aybimiz bo‘lsa,
bizlarni ham qamanglar, otinglar, — Matluba shunday degach, yig‘lay boshladi.
Omonullo ovutishni istamay, bir oz kutdi. Matluba yonog‘iga yumalagan ko‘z
yoshlarini kafti bilan artib, xo‘rsingach, so‘rog‘ini davom etdi:
— Tursunali aka bilan munosabatingiz yaxshi edimi?
— Bu nima deganingiz? — Matluba ajablangan holda unga tik qaradi.
— Oralaringizdan ola mushuk o‘tmaganmidi?
— Ola mushuk? U kishi... bolalarimning otasi... ko‘z ochib ko‘rganim. Ola mushuk
deganingiz hammaning uyida bor. Er-xotinning orasidan gap qochmay iloji yo‘q.
Savolingizga qaraganda odamlardan bir ig‘vo eshitganga o‘xshaysiz. Indamasangiz
odamlar nimalar to‘qimaydi?
— To‘g‘ri aytasiz, ba’zan odamlar ko‘pirtirib yuborishadi. Lekin... shamol bo‘lmasa
daraxtning uchi ham qimirlamaydi.
— Maqsadingiz nima, ochiq aytavering?
— Tursunali aka... sizga xiyonat qilarmidilar?
Bu savoldan so‘ng Matlubaning egilgan boshi yanada egildi. Titroq barmoqlariga tikilib
jim qoldi.
— Ochiq aytavering. Agar sir bo‘lsa, oramizda qo-ladi.
— Sir... bilmayman, odamlar ig‘vo qilaverishadi. Bolalarimning otasi axir...
Omonullo tushundi. Tursunalining xiyonati faqat bu ayolga emas, voyaga yetib
borayotgan bolalarga ham isnod keltiradi. Ayniqsa xonadondagi qizning bo‘yi yetib
qolgan bo‘lsa og‘ir, yanada og‘ir. Erta-indin sovchi eshik qoqib kelsayu «otasi buzuq
ekan», deb iziga qaytsa naqadar fojia... Xiyonatdan xabar topgan ayol qanchalik
qonsiramasin, farzandlari taqdirini o‘ylab, dardini ichiga yutadi.
Omonullo iztirob cho‘g‘lari ustida o‘tirgan ayolni qiynamaslik uchun muddao o‘qlarini
aniq nishonga ola qoldi:
— Nafisa Boltaevani tanirmidingiz?
— Nafisa... — «er yutsin uni», deb o‘yladi Matluba, ammo tili boshqa gapni aytdi: —
eshitganman...
— O‘zini ko‘rmaganmisiz?
— Ko‘rganman. Lekin... yaxshi tanimayman.
— Odamlarning gaplariga qaraganda...
— Odamlarning gaplarini menga aytmang. O‘zingiz ko‘rib, qo‘l bilan ushlagan
bo‘lsangiz ayting. Adamizga shuncha azob kammi? Endi nomlarini ham bulg‘ashyap-
timi?
— Begonalar emas, Boltaevaning onasi ham aytyapti.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |