Osiyoning Allohga bo‘lgan iymoni
Bir kuni Muso Bani Isroilni himoya qilib, Fir’avn ahllaridan birini o‘ldirib qo‘ydilar.
Podshohning azob berishidan qo‘rqib, Madyanga qochib ketdilar. U zotning ketganlarini
eshitgan Osiyo onamiz qattiq iztirob chekdilar. Na taom, na uyquda halovat bo‘lmadi,
chunki Musoning firoqi qalblarini o‘rtardi. Muso alayhissalom o‘n yildan so‘ng Misrga
payg‘ambar bo‘lib keldilar. Insonlarni yagona Allohga ibodat qilishga, Unga hech narsani
sherik qilmaslikka chaqirdilar. Nihoyat Muso alayhissalom akalari Xorun bilan Fir’avnning
qasriga kirdilar. Buni ko‘rgan Osiyo nihoyatda xursand bo‘ldilar. Ular Fir’avnni Haqqa
da’vat qilishayotganini eshitdilar. Osiyo onamiz Muso alayhissalomning sodiq, haq
payg‘ambar ekanliklariga ishondilar. Va yagona Allohga hamda Muso alayhissalomning
rasul ekanliklariga iymon keltirdilar. Fir’avn ahllaridan amakilari Xaziqil ham imon keltirib
mo‘min bo‘ldi. Xaziqil va Osiyo imon keltirganlarini qasr ahlidan yashirdilar. Osiyo
onamiz Fir’avn, Homon va a’yonlarning Muso alayhissalomga zarar berishlaridan qo‘rqib,
Allohdan u zotga yordam berishini, ular ustidan g‘olib bo‘lishini so‘rab duo qildilar. Muso
alayhissalomning Fir’avn sehrgarlari ustidan g‘olib bo‘lganlarini ko‘rib ko‘p suyundilar.
Iymonlari yanada quvvatlandi. Fir’avnning mo‘minlarni qiynashi Hazrati Osiyoning
nafsoniyatlariga ta’sir qilardi va yanada Allohga bo‘lgan imonlari ziyoda bo‘lardi. Osiyo
iymonlarini oz muddat yashirib yurdilar. Bu ko‘pga bormadi.
Xotini yolg‘iz Allohga imon keltirgani, Muso alayhissalomning da’vatlarini tasdiq etganini
bilib qolgan Fir’avn qattiq g‘azabga keldi. Osiyoning oldilariga qattiq jahl bilan kirdi va:
«Musoning Rabbisiga kufr keltirasan, bo‘lmasa, o‘lguningcha azoblayman», deb keskin
talab qildi. Osiyo hech qo‘rqmasdan: «Rabbim, Rabbing va hamma narsaning Rabbisi
bo‘lgan yolg‘iz Allohga keltirgan iymonimdan qaytmayman», dedilar. Fir’avnning g‘azabi
yanada ortdi. Kohin va vazirlarni to‘plab dedi: «Mazohim qizi Osiyo haqida nima
bilasizlar?» Ular Osiyoni maqtashdi. Fir’avn: «U boshqa Xudoga itoat qilyapti!» dedi.
Kohinlar: «Uni o‘ldirgin», deyishdi. Fir’avn: «Uni o‘ldirolmayman, lekin qattiq azob
bersam, dinidan qaytadi!» dedi va xizmatchilariga «Azobning eng qattig‘ini qo‘llanglar»,
deb buyurdi. Ular yerga to‘rtta qoziq qoqib, unga Osiyo onamizning qo‘l-oyoqlarini
mahkam bog‘lashdi va quyoshning qaynoq harorati ostiga qo‘yishdi. Shuncha azob
berilsa ham, Osiyo iymonlaridan qaytmadilar. Bularning hammasi Alloh uchun bo‘lgani
sababidan azob ham u kishiga rohat bo‘ldi. Fir’avn azobni tinimsiz kuchaytirishni amr
qilardi, Osiyo esa hammasiga sabr qilardilar. Iymonlari esa ziyoda bo‘lib boraverdi.
Mo’minalar silsilasi. Fotimaxon Sulaymon qori qizi
Do'stlaringiz bilan baham: |