Qushlarning peshvolikka qur'a tashlaganlari va qur'a Hudhud nomiga tushgani
Qushlar bu ajib so'zlarni eshitgach, hayotdagi barcha horib-charchashlari yodlaridan ko'tarildi. Ishq ularning qo'llaridan ixtiyorlarini tortib olib, barchasi shavq o'tidan beqaror bo'ldilar. Ular yashin kabi tezlik biian yo'lni bosib o'tishar edi. G'arbdan Sharqqa borish ular uchun hech gap emas edi. Barcha oshiqib, shoshilinch ravishda harakat qilar, ularga har damda bir xavfli vodiy ro'para kelardi.
Ammo ulardan ba'zilari bu qattiq yo'lni bosib o'tishga qodir bo'lsalar, ba'zilari zor va zaif, ojiz edilar. Bundaylari po'dadan ayrilib, yo'lda qoljb ketar, ba'zilari esa adashib, o'zlarini turli tomonga urishardi.
Qavm orasida sardor bo'lmog'i shart. U qavm holidan xabardor bo'lib turadi. Agar bunday boshliq bo'lmasa, qavmning holi parishon bo'lib, barcha o'z holiga hayron qolishi turgan gap. Agar cho'pon qo'yni o't va suvga yo'llab turmasa, bu suruvni halok bo'ldi deb gumon qilaver. Har bir jamoatda peshvo yo'q ekan, uning yo'lga qadam qo'ymog'i mumkin emasdir.
Yo'l nihoyatda og'ir va yiroq bo'lgani sababli qushlarning hammasi ittifoqlik bilan shunday dedilar:
Bizga bir aqlli, hushli boshliq kerak. U barcha qushlar hokimi boisin. Chunki biz zaifmiz, yo'l esa juda mashaqqatlidir. To'daga ham rahbar, ham hamroh bo'ladigan bir boshliq lozim.
Sayrga chiqqan qushlarning past va oliy tabaqasi bir ovozdan bu ishni Hudhudga yukladi. Uni bu vazifani bajarishga undadilar, ammo uning tab'i amaldor bo'lishdan ibo qilib, qushlarga shunday dedi:
Mayli, men to'dani yo'lga boshqarib, qavmni o'z bilganimcha olib borayin. Bundan o'zga taklif etsangiz, qabul etardim, ammo bu ishni o'z bo'ynimga ololmayman. Agar bajara olmasam, oramizga firoq tushadi deb qo'rqaman.
Shunday deb Hudhud bu ishni qabul qilmadi. Undan o'zga qushlarning barchasi esa johildilar.
Qushlar ko'rdilarki, barcha ish rasvo bo'lmoqda. Shunda qur'a tashlash muqarrar bo'lib qoldi. Ular har bir qush zotiga qur'a tashladilar. Qur'a Hudhud otiga tushdi. Shundan so'ng unga endi uzr aytish uchun uydirma to'qish, yo'q demoqlikka bahona topish uchun hech bir asos qolmadi. Chunki uning ilmi hamma qushlarnikidan ko'p edi. Uning boshliq ekanligi va unga bo'ysunishlikka ahdu paymon qilib barchasi qo'l tashlashdi. Hudhud peshvolikni qabul qilgach, qushlarning hammasi o'z muddaosiga erishib, shunday deyishdi:
Biz endi senga tobemiz: sen bizning boshlig'imizsan. Qanday maqsading bo'lsa, biz uni ravo qilaylik. Sen bizga bosh qo'mondonsan, bizlar esa senga qo'shinmiz. Sen bizni qayerga boshlasang, o'sha yoqqa orqangdan ergashib boramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |