www.ziyouz.com
кутубхонаси
46
zarar yetkazadi. Bu dengizdagi har bir qatra hech bir shaksiz olam yuzini balo seli bilan
xarob qila oladi. Agar ishq tig'i yuz ming qirg'in zohir etsa, uning oldida na qasos
olishning, na xun puli to'lashning ma'nosi bo'ladi! Ishqdan ko'p ofat chekkan kishi o'z
joniga minnat qo'yish bilangina chora topadi.
Ko'rgilki, ishqning bo'stoni ajablanarlidir, undagi suv va ranglar begunoh kishilar
qonidandir. Undagi har bir kiprik yuz minglab jonga nish uradi. Bilgilki, o'sha qotil
hinduning odati o'zi shunaqadir. Uning bir turfa holi yuz tuman ko'z qorachig'ini xuddi
ortiqcha nuqta misoli yo'q qilib yuboradi.
Ishq mulkida gado va shoh birdir, mayxona
ichida rahbaru gumroh teng hisoblanadi. Ishq aro dardu balodan, zulmu sitamu jafodan
o'zga narsa yo'qdir!
Ishq Shayxni shunchalik shaydo etib, olam ahli ichra rasvo qildi. So'ngra u menga
ham o'z g'avg'osini solib, ko'nglim mulkini talon-toroj etdi. Agar holimni kishi undan
ortiq demasa ham, har holda undan kam ham emas.
Kel, Navoiy, so'zni shu yerda to'xtatgil, ishq aro ko'p da'volar izhor qilmagil. Agar
umrimdan bir necha kun omonlik topsam, ishqim sharhini nazmga solib, bir doston
yozayin. Shunda so'zimning chinligi yoki lof ekanligi insofli kishiga yaqqol bilinadi.
Alqissa, Shayx ayriliqqa uchragach, butxonadagi ishlarini tugatdi va Ka'baga borishga
hozirlik ko'rdi. U yorini ishq ayvonida dafn etib, din va imon ahli go'ristoniga qo'ydi.
Ka'badan butxona tomon yo'lga qanday chiqqan bo'lsa, xuddi shunday holda
butxonadan Ka'baga tomon qaytdi. Bu yerda u Allohga o'tmishdagi ishlaridan uzr so'rab
arz qildi va nihoyat uzrlari qabul bo'lib, qazo uni o'z yoriga qo'shdi.
LXXX
Qushlarning peshvolikka qur'a tashlaganlari va qur'a Hudhud nomiga tushgani
Qushlar bu ajib so'zlarni eshitgach, hayotdagi barcha horib-charchashlari yodlaridan
ko'tarildi. Ishq ularning qo'llaridan ixtiyorlarini tortib olib, barchasi shavq o'tidan beqaror
bo'ldilar. Ular yashin kabi tezlik biian yo'lni bosib o'tishar edi. G'arbdan Sharqqa borish
ular uchun hech gap emas edi. Barcha oshiqib, shoshilinch ravishda harakat qilar, ularga
har damda bir xavfli vodiy ro'para kelardi.
Ammo ulardan ba'zilari bu qattiq yo'lni bosib o'tishga qodir bo'lsalar, ba'zilari zor va
zaif, ojiz edilar. Bundaylari po'dadan ayrilib, yo'lda qoljb ketar, ba'zilari esa adashib,
o'zlarini turli tomonga urishardi.
Qavm orasida sardor bo'lmog'i shart. U qavm holidan xabardor bo'lib turadi. Agar
bunday boshliq bo'lmasa, qavmning holi parishon bo'lib, barcha o'z holiga hayron qolishi
turgan gap. Agar cho'pon qo'yni o't va suvga yo'llab turmasa, bu suruvni halok bo'ldi
deb gumon qilaver. Har bir jamoatda peshvo yo'q ekan, uning yo'lga qadam qo'ymog'i
mumkin emasdir.
Yo'l nihoyatda og'ir va yiroq bo'lgani sababli qushlarning hammasi ittifoqlik bilan
shunday dedilar:
— Bizga bir aqlli, hushli boshliq kerak. U barcha qushlar hokimi boisin. Chunki biz
zaifmiz, yo'l esa juda mashaqqatlidir. To'daga ham rahbar, ham hamroh bo'ladigan bir
boshliq lozim.
Sayrga chiqqan qushlarning past va oliy tabaqasi bir ovozdan bu ishni Hudhudga
yukladi. Uni bu vazifani bajarishga undadilar, ammo uning tab'i amaldor bo'lishdan ibo
qilib, qushlarga shunday dedi:
— Mayli, men to'dani yo'lga boshqarib, qavmni o'z bilganimcha olib borayin. Bundan
o'zga taklif etsangiz, qabul etardim, ammo bu ishni o'z bo'ynimga ololmayman. Agar
bajara olmasam, oramizga firoq tushadi deb qo'rqaman.
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |