www.ziyouz.com
kutubxonasi
28
Daf’atan... hamma narsa daf’atan ro‘y beradi. Daf’atan kulfat eshik qoqadi, daf’atan zilzila ro‘y
beradi, daf’atan musibat mo‘ralaydi.... daf’atan jon chiqadi...
Lekin o‘g‘il unga, mangulikning ham bo‘laklab tashlanganini bildirmayaptimi!
Qadimda Oliy haqiqatga qo‘l ko‘targan va qiyomatgacha yer yuzida besamar daydishga mahkum
etilgan barhayot chol haqidagi afsonani esladi u.
Yo‘q, umrboqiy chol bor-yo‘g‘i bir timsol, xolos. Timsolga aylanganidan keyin uning hayotda
yashab-yashamayotganining ham ahamiyati qolmagan. Ko‘rgan kunidan mamnun, ammo darbadar
bo‘lib yurgan qancha kishilar bor dunyoda? G‘oyalar va fikrlar orasida u qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa
surilib yashayotganlar... o‘z qo‘nimini topolmasdan, bor hayoti hissiy va fikriy darbadarlikda
o‘tayotganlar... sevgiyu ishq deb darbadar bo‘lganlar... iste’dodini yo‘lga sololmaganlar... va hatto
ma’lum bir maqsadni o‘z oldiga qo‘yib, qat’iyatu sabot bilan olg‘a intilayotgan va shu holida ham
darbadarlikka mahkumlar... yoshlar.... qariyalar... ayollar.... darbadarlik darslari miyalariga
quyilayotgan beozoru beg‘ubor bolakaylar, jamalaksoch qizchalar... jannat ilinjida darbadarlikni kasb
qilib olgan zohidlar... tarix bo‘ylab sochilib ketgan xalqlaru elatlar...
Muborak kishiga qo‘l ko‘targan osiy ne sabab aynan darbadarlikka mahkum bo‘ldi? Ne sababdan
qo‘li shol, ko‘zi ko‘r, tili soqov bo‘lmadi? Ne sababdan unga aynan
darbadarlik
qismati ravo ko‘rildi?
...Dunyoda ikki umriboqiy banda Tangri xohlagancha vaqt kezmoqda. Biri – Xizr alayhissalom
bo‘lsa, ikkinchisi – o‘sha umrzoq osiy. Zohiran ikkisi ham darbadar. Faqat biri Tangri taolo iroda etgan
botiniy yumushlarni bajarmoqda... ikkinchisi
besamar
daydir ekan, bu besamarlikdan murod ne?
Osiyligi tufayli olgan jazosi boisgina Tangriga va payg‘ambariga imon keltirgan ikkinchi
umriboqiyning hikmati, boz ustiga, uning odamzot naslidan ekani – yanada haybatliroq hikmat
emasmi?
Kim bilsin... shu mahal balki dunyoning qaeridadir o‘sha bechora chol hanuz besamar
daydimoqda... va umrlari boqiy bo‘lmagan, ammo Abu Lahabdan ming bora og‘irroq gunohlarni sodir
etayotgan boshqa kishilarni ko‘rib, o‘z jazosining bu olamda berilganiga hamdu sanolar o‘qiyotgan
bo‘lsa ne ajab?
Insoniyat tarixi – darbadarlik tarixi hamdir. Borar yerlarini yo‘qotib, to avlodlar almashguniga
qadar sahrodan chiqa olmay kezgan bir qavmdan to qiyomatga qadar dunyo kezib qiladigan ishi «Hech
narsa, hech narsa va faqat hech narsa» bo‘lgan daydi chol hamda u bilan to‘qnash kelishi bashorat
berilgan Dajjol... bularning bari timsollarga aylanib, xalqlar va millatlarning ongiga xitob qilmoqda
edi.
Biroq, mahshargacha hali ancha vaqt bor. Hozircha esa...
...guruh-guruh kishilar hanuz qo‘llarida qurol bilan to‘qnash kelmoqdalar, har ikki tomon ham
vatan uchun, din uchun, imon uchun deya qon to‘kmoqda.
...hanuzgacha ba’zi insonlar atrofdagi hamma narsaning tengi yo‘q mo‘‘jiza ekanini fikrlab
ko‘rmasdan... daryoda oqib kelgan bir toshdagi, bir qo‘yning yungidagi, bir tovuqning tuxumidagi
tasodifiy naqshlar muqaddas yozuvlarni eslatgani boisgina guruh-guruh bo‘lib imonga kirmoqda va
aynan shu tarzda, guruh-guruh chiqib ketmoqdalar...
Isajon Sulton. Boqiy darbadar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |