www.ziyouz.com kutubxonasi
71
Bordi-yu seni yomon deyishsa, demak yomonsan», dedilar (Bayhaqiy rivoyati).
Rivoyat qilinishicha, kimdan-kim ahli (oila a’zolari) va mol-mulkidan qo‘rqib,
qo‘shnisidan eshigini bekitsa, u mo‘min emas. Shuningdek, yomonligidan qo‘shnisi emin
bo‘lmagan kishi ham mo‘min emas.
Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam sahobalaridan: «Zino haqida nima deysizlar?» deb so‘ragan edilar, ular: «U
harom ish. Uni Alloh va rasuli harom qilgan bo‘lib, u qiyomat kunigacha haromdir», deya
javob berishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘nta ayol bilan
zino qilishi qo‘shnisining xotini bilan zino qilishidan yengilroq», dedilar-da yana
so‘radilar: «O‘g‘irlik haqida nima deysizlar?» «Alloh va Uning rasuli uni harom qilgandir.
U harom ish», deya javob berishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘nta
uydan o‘g‘rilik qilishi qo‘shnisining uyidan o‘g‘irlik qilishidan yengilroq», dedilar (Imom
Ahmad rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi
vasallamning oldilariga kelib, qo‘shnisidan shikoyat qildi. U zot sollallohu alayhi
vasallam: «Bor, sabr qil», dedilar. Haligi kishi yana ikki yo uch marta keldi. Payg‘ambar
sollallohu alayhi vasallam oxiri: «Bor, matohlaringni ko‘chaga uloqtirib tashla», deb
maslahat berdilar. So‘ng u kishi shunday qildi. Ko‘chadan o‘tayotgan kishilar undan nima
uchun bunday qilganini so‘rashar, u esa qo‘shnisi haqida so‘zlab berar edi. Ular bu
javobni eshitib, qo‘shnisini la’natlashar, ayrimlari duoibad qilishardi. Shunda qo‘shnisi
kelib, unga: «Uyingga qaytaqol, bundan keyin sira mendan yomonlik ko‘rmaysan»,
dedi» (Abu Dovud, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).
Qo‘shni garchi zimmiy bo‘lsa ham, undan yetadigan ozoru aziyatlarga sabr qilish lozim.
Rivoyat qilishlaricha, Sahl ibn Ubaydulloh Tustariyning zimmiy qo‘shnisi bo‘lib, uning
hojatxonasidan Sahlning uyiga iflos-nopok narsalar sizib chiqar edi. Sahl har kuni uning
tagiga bir idish qo‘yib qo‘yar, majusiyning hojatxonasidan chiqqan narsalar idishga
to‘planar va kechqurun hech kim ko‘rmaydigan joyga olib borib tashlanar edilar. Sahl
hazratlari uzoq muddat shu taxlit ish yuritdilar. Vafotlari yaqinlashgach, majusiy
qo‘shnisini chorlab: «Mana bu uyga kirib, bu yerda nima borligini ko‘rib qo‘y», dedilar. U
kirib idishga tushayotgan iflos, nopok narsalarni ko‘rdi va: «Bu nima?» deb so‘radi. «Bu
uzoq muddatdan beri hovlingdan mana shu uyga tushadi. Uni kunduzlari shu idishga
to‘plab, kechalari olib chiqarib tashlar edim. Mabodo, ajalim yaqinlashib qolmaganida,
buni senga aytmas edim. Boshqa biron kishining xulqi buni o‘ziga singdira olmasligidan
qo‘rqdim. Endi xohlaganingni qil», dedilar. Shunda majusiy: «Ey shayx, men kofir
bo‘lsam ham, uzoq vaqtdan beri menga shunday go‘zal munosabatda bo‘lib kelayotgan
edingizmi?! Qo‘lingizni bering, men Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning
elchisi ekaniga guvohlik beraman», deb musulmon bo‘ldi. Sahl roziyallohu anhu shundan
so‘ng vafot etdilar.
Alloh taolodan barchamizni xulqlarning, amallarning va so‘zlarning eng go‘zallariga
yo‘llamog‘ini tilaymiz. Albatta, U saxovatli, mehribon va rahmli zotdir.
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
Do'stlaringiz bilan baham: |