www.ziyouz.com
kutubxonasi
58
shernikidan ham haybatliroq bo‘lib, mo‘ylabi dikkayib, ko‘zi qizarib va qovog‘i solinib
ketdi.
O‘takasi yorilib, har tomonga qochib ketgan odamlar sherning qonga bo‘yalganini,
Zirg‘om uning ustiga minib olganini va xalifa Zirg‘omga tikilib turganini ko‘rib, yopirilib
kelishdi. Ular g‘ovur-g‘uvur ichida xalifaning salomat qolgani uchun shukurlar aytib,
Zirg‘omning botirligiga qoyil qolib, hang-mang bo‘lib turishardi. Bu tasodifiy hodisadan
qo‘rqib rangi o‘chib ketgan xalifa Zirg‘omga zo‘rg‘a jilmayib, qaradi-da: «Barakallo,
Zirg‘om! Chindan ham sher ekansan», — dedi.
Xalifaning maqtovini eshitgan Zirg‘om o‘zini tutib oldi. Qo‘lidagi qon tomib turgan
xanjarni yerga qo‘ydi-da, «Men amiralmo‘’minining qullariman, bu qilgan ishim sizning
iltifotingiz tufayli bo‘ldi. Bu yirtqich hayvondan o‘ch olishga siz munosib edingiz, yolg‘iz
o‘zingiz uni albatta o‘ldirgan bo‘lardingiz, lekin men shoshilib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim,
sizga chovt solganiga chiday olmay, unga tashlanib o‘ldirdim. Qilgan jur’atim uchun
meni avf etasiz»,— dedi.
Zirg‘omning bunday odob bilan uzr aytishi xalifaga yana yoqib tushdi. «Qolgan gaplarni
keyin alohida o‘tirib so‘zlashamiz», — dedi-da, ketishga qo‘zg‘aldi. Shu payt sherning
tirnog‘i botgan bilagi og‘riyotganini sezgan bo‘lsa ham, xalifa o‘zini dadil tutdi va
odamlarni tarqalishga buyurdi. O‘zi esa Zirg‘om bilan qasr tomon yo‘l oldi va hojibiga:
«Biz chaqirtirgan tabibdan bo‘lak hech kimga huzurimga kirishga ruxsat
bermaygaysan», deb amr qildi. Tabib kelib xalifaning jarohatini ko‘rdi va zarar
qilmaganini, qo‘lidagi qalqon joniga ora kirganini aytdi va salomat qutulgan bilan
muborakbod qilib, kechga qadar o‘rnidan qimirlamay yotishini maslahat berdi.
* * *
Xalifaning bu ko‘rgiligi butun saroy ahliga tarqaldi, uning holini so‘ragani vazirlar,
qo‘mondonlar kelishdi, lekin hojib ularni xalifaning farmoyishidan voqif qilganidan keyin
ular qaytib ketdi. Xalifa Zirg‘omni o‘z xonasi ichidagi maxsus hujraga taklif qildi. U yuz-
qo‘lini yuvib, u yoq-bu yoqlarini tuzatib o‘sha hujraga kirdi. Xalifa unga minnatdorchilik
izhor qilgandek o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, lekin Zirg‘om uni turishga qo‘ymay, qo‘liga
yopishib, o‘pdi. Xalifaning taklifiga muvofiq odob bilan uning yonida o‘tirdi. «Zirg‘om,
sen tufayli yangidan dunyoga keldim», — dedi xalifa.
Zirg‘om uyalib, boshini quyi soldi: «Xojam, avf etgaysiz, bunday maqtovga arzigulik bir
ish qilolganim yo‘q. Sherni halokatga solgan sizning o‘qingiz, uning qo‘zg‘algani jon
talvasasi edi. Mabodo men biror ish qilgan bo‘lsam, bu burchimdir, men sizning
qulingizman».
Xalifa unga qarab: «Ofarin senga, mening atrofimni ikki yuzlama, laganbardor kishilar
o‘rab olgan. Ularga shunchaki ishonch bildirsam ham, sening qahramonliging va
sadoqatingni sezib, ko‘pdan buyon suyub yuraman. Shunday qalbaki kishilar orasida
xalifalar saroyida sendek qo‘mondonning bo‘lishi oson gap emas. Sadoqatingni avvaldan
sezib, seni soqchilar boshlig‘i lavozimiga tayinlagandim. Sen shu mansabga loyiq
kishisan», — dedi-da, bu suhbatlarini birov eshitayotgan-eshitmayotganini aniqlash
uchun eshik va deraza tomon qarab qo‘ydi. Zirg‘om yerga bosh eggancha sukut etib
turardi. Keyin Mu’tasim boshini ko‘tarib davom etdi:
— Farg‘onadan tezroq qaytib kel, deb seni chaqirtirganimning sababini bilasanmi?
— Ojizman, janob oliylari.
— Davlatimizning barqaror turishi uning sirlarini maxfiy tutishga bog‘liqligini bilmasang
kerak?
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |