www.ziyouz.com
kutubxonasi
55
Oftobning ko‘ngliga bir nima keldi shekilli, shuni o‘ylayotgandek boshini quyi solib turdi-
da: «Afshin hokimning yaqin do‘sti edi, uning ta’ziyasida hozir bo‘ldimi?»— deb so‘radi.
— Ha, hozir bo‘ldi, hokim uni o‘z oilasiga vasiy qilib belgiladi...
Zirg‘omning gapini quvvatlaydigan eski ishlardan xabardor kishidek Oftob sekin kulib
qo‘ydi. Uning kulganidan shubhalangan Zirg‘om: «Oyi nimaga kulyapsiz? Bu to‘g‘rida
mendan boshqa kishilardan ham biror narsa eshitganmisiz?» — dedi.
— Yo‘q, lekin Jahonning onasi rahmatlik dugonamdan eshitgan narsalar esimga tushib
ketdi. U hech bir sirni mendan yashirmasdi, men ham sirlarimni unga ochiq
aytaverardim. Jahonning onasi ko‘pincha erining Afshinga e’tiqod qo‘yishidan nolib
yurardi. Uning ochko‘zligini, tamagirligini bilgani uchun o‘zi unga inonmasdi. Lekin
hokimning ishlariga aralashishni o‘ziga ep ko‘rmasdi.
Afshin ochko‘z, tamagir ekanini eshitgan Zirg‘omning xayoli qochdi, chunki u juda katta
merosga vasiy bo‘lib olgan edi-da. Ehtimol, Jahonning mol-mulkiga xiyonat qilar. Ammo
Zirg‘om o‘zi halol bo‘lgani uchun o‘zgalardan ham shubhalanmasdi. Nahotki, shunday
katta qo‘mondon o‘zi vasiy bo‘lgan mol-mulkka xiyonat qilsa?
— Merosga Afshin qo‘lini cho‘zadi deb o‘ylaysizmi?
— Bilmayman, lekin o‘sha bechora aytgan sirni senga oshkor qilyapman-da. Somon
ustida bilganlarimni ham, uning merosdan mahrum qilinish sabablarini ham hokimning
xotini aytgan edi...
Zirg‘omning Somon haqidagi shak-shubhalari ko‘z oldiga keldi.
— Otasining ko‘ngli qolganini Somonning o‘zi ham sezib yurgan ekan. Vasiyatni man
qilay deb jon-jahdi bilan kirishib ko‘ribdi. Otasi qachon «kohinni chaqirib kel», deb
yuborsa, chaqirib kelmay qayoqdagi bahonalarni to‘qib chiqardi.
— Vasiyatnoma kohinning qo‘li bilan yozildimi? — Oftob so‘radi.
— Ha, uni topib kelish uchun men Vardonni yuborgandim.
Oftob boshini irg‘ab: «O‘zi yaxshi kohin. Jahonning onasi rahmatlik shu kohinni ham
yoqtirmasdi. Uni ko‘rgisi kelmasdi. Bayramlarda uylariga kelsa, basharasini ko‘rmay, deb
ayvonga chiqib ketardi. Yaxshiyam, Vardonni esimga solding, u qaerda?»
— Shu yerda, safardan charchab keldi, hozir uxlagan bo‘lsa kerak. Rostini aytsam, u
shijoatli odam. Hamma ishlarimda shunga suyanaman. Uni xizmatkorim deb aytishga
ham tilim bormaydi. Uni do‘stim desam arziydi. Xizmatkorlardan u allaqancha yuqori
turadi. Unda qandaydir bir xislat bor, bejiz odam emas.
— Undan beparvo bo‘lma, o‘g‘lim. U zamondan jabrlangan bo‘lsa kerak. Zamon o‘zi
shunaqa, hamma vaqt dono kishilarni qoqiltirib-suqiltirib kelgan.
Uxlash vaqti yaqinlashgani, xususan, o‘g‘lining yo‘ldan horib kelgani onaning esiga
tushib qoldi.
— Qo‘zichog‘im, bor, o‘rningga borib yot. Xudo xohlasa, ertaga xalifa Mu’tasimning
oldiga borasan. U bilan yaxshilik ishlar ustida ko‘rishishing nasib bo‘lsin, — dedi-da,
o‘rnidan turdi. Hammalari o‘z o‘rinlariga borib yotishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |