www.ziyouz.com
kutubxonasi
59
— Bundan voqifman, xojam amin bo‘lsinlarki, sirlarini saqlashda men o‘z
ko‘ngillaridagidan ham mustahkamroqman.
— Sadoqating va yaxshi xizmat qilishingga birinchi ko‘rganimdayoq ishonganman. Senda
shu xislat mavjudligini sezib, seni suydim.
Zirg‘om uni hurmatlab, tashakkur aytmoq uchun o‘rnidan qo‘zg‘oldi:
— Bu ulug‘ marhamat, lekin men unga sazovor emasman, mendek bir askar
amiralmo‘’mininning shunday iltifotlariga sazovor bo‘lishi amri mahol. Payg‘ambarning
qoim maqomlariga xolis xizmat qilish bilan men biror ortiqcha ish qilibmanmi? Bu jami
musulmonlarning vazifasi emasmi?
Xalifa uni qo‘lidan ushlab o‘tqazarkan:
— To‘g‘ri aytasan, bu albatta musulmonlarning burchi, lekin shu burchini ko‘ngil bilan
ado qiladigan kishilar ozda, shunday bo‘lmaganda men Bag‘doddan chiqib, bu shaharni
qurishga majbur bo‘lmagan bo‘lardim, o‘z qavmim va jamoamga va akam Ma’mun
davlatdan umidvor qilib qo‘ygan bu eronliklarga qarshi kurashish uchun uzoq Turkiston
va Farg‘onadan askar olishga sira hojat bo‘lmagan bo‘lardi. Men har tomondan dushman
qurshovidaman. Ozarbayjon va Tabaristondagi uzoq dushmanlar menga ozlik qilganday,
o‘z shahrim va saroyim ichidagi kishilarni aytmaysanmi? Hatto o‘zimga sirdosh qilib
olgan va davlatimni himoya qilishda ishonganim mana bu turklarni ko‘rmaysanmi, ular
faqat mol-mulkim uchun menga yordam qilishyapti. Men ular bilan murosa qilib,
allaqancha mol-dunyo sarflab avaylab kelyapman. Ular meni aldayapmiz deb o‘ylashadi,
— dedi-da, sukutga botdi. Yoshlangandek tuyuladigan ko‘zidan o‘t chaqnab, jiddiy
qiyofaga kirdi. Zirg‘omni salobat bosib, yana nima derkin deb yerga boshini quyi solib
kutib turdi. Xalifa so‘zini davom etdirdi:
— Farg‘onada Afshinni ko‘rdingmi?
— Ha, xojam, ko‘rdim.
— U yerga nima uchun borgan ekan?
— Farg‘onaga nima uchun borganini menga aytgani yo‘q, yangi yil bayrami munosabati
bilan el-yurtidan xabar olishga borgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Har holda yaqin
orada kelib qolsa kerak.
Xalifa Zirg‘omning so‘zini ma’qulladi:
— Ha, albatta keladi-da, u bu yerdek sermaishat joyni qaerdan topardi, lekin...
— Uning sizga sadoqati xususida biror ishtibohingiz bormi?
— Ishtibohgina emas, balki aniq bilaman, lekin o‘zimni chalg‘itib, unga ishonch
bildiraman, chunki biz urush davridamiz... Afshin askarlari biz uchun kerak. Shunday bir
vaziyatda sen mening sirdoshim bo‘lib, saroyimdan jilmasligingni iltimos qilaman.
Zirg‘om qulliq qildi:
— Men qulingizman, buyurgan ishingizni bajarish vazifam.
— Sen hozirdan boshlab menga yaqin suhbatdoshsan. Botirligingga o‘z noming juda mos
kelsa ham, senga sohib— suhbatdosh deb nom qo‘yishga jazm qildim. Chunki sen
menga suhbatdoshsan, shu laqab senga ma’qulmi?
Zirg‘om tashakkur tariqasida boshini egdi:
— Amiralmo‘’mininning menga marhamatlari behaddir. Men bunday muruvvatga sazovor
emasman. Lekin, janoblari, kaminaning darajasini ko‘tarmakchilar va...
Xalifa uning gapini bo‘ldi:
— Nega o‘zingni bunday hurmatga sazovor emasman deb hisoblaysan? Axir sherning
changalidan meni qutqazgan sen-ku!
Zirg‘om xijolat chekib boshini quyi soldi. Lekin xalifa oldida martabasi ko‘tarilayotganini
va shunga haqiqatan ham loyiq bo‘lganini eshitsa, Jahon albatta sevinajagini o‘ylab
ko‘ngli yanada ko‘tarildi. U xalifaga qaradi:
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |