www.ziyouz.com
kutubxonasi
54
yaxshi ko‘raman, sen ham uni sevasanmi? Rostini ayt!» — dedi. Zirg‘omning nazarida
butun olam charog‘on bo‘lib ketdi:
— Ha, onajon, sevaman, buning uchun siz mendan ranjimasangiz kerak. Uni men bilan
birga yuragingizga jo qilgansiz-ku.
— Sira ham ranjimayman, bolam, lekin u ham seni sevadimi? U hokimning qizi,
otasining saroyida biz mehmon bo‘lib turganmiz. Ulug‘lar odaticha u o‘zini, ehtimol
sendan yuqori ko‘rar. Unga nima ham deb bo‘ladi. Sening otang kimligini bilmaydi-da,
axir. — Oftob bu so‘zni aytishga aytib qo‘ydi-yu, lekin o‘zi afsuslandi. Badani zirillab
ketib, gapirayotgan gapini to‘xtatib qo‘ydi.
— Ko‘nglingizni to‘q qilavering, oyijon, — dedi Zirg‘om, — u meni astoydil yaxshi ko‘radi,
xudoga shukur, u o‘zini katta olishni xayoliga ham keltirmaydi. Asli zotimni bilmasa
ham, men bilan turmush qurishga ahd qildi. Gapdan gap chiqib, hozir nasabimni tilga
olib qoldingiz, va’dangizga vafo qiladigan payt endi kelgandir deyman?
Zirg‘omning niyatini sezgan Oftob: «Bolam, va’daga vafo qiladigan vaqt hali bo‘lgani
yo‘q, lekin yaqin qoldi. Jahon to‘g‘risida gaplashaylik, unga boshim osmonga yetib sovchi
qo‘yaman. O‘zim ham shuni ko‘pdan o‘ylab yurardimu, lekin bu aqldan uzoq narsa deb
qo‘yardim. Ha, aytgancha, bu gapni otasining huzurida aytdimi?» — dedi.
— Oyi, o‘rtamizdagi sirni endi sizga aytib bera qolay. Men siz bilan Somurroga
kelishimdan burun Jahon bilan turmush qurishga ahdlashgandik. Buni sizga ilgari
aytmaganimning sababi, u vaqtda men hech qanday obro‘ va mansabga ega emasdim,
shuning uchun unga qanday tenglashaman deb o‘ylagandim. Xudo meni xalifa oldida
shunday obro‘ga erishtirgandan keyin, uni Jahonga ma’lum qilish va otasi huzurida nikoh
masalasini hal etish uchun Farg‘onaga borish taraddudiga tushgandim. Otasining
betobligi va vafoti xalal berib qoldi, bo‘lmasa va’dasiga vafodor Jahon bilan turmush
qurish masalasini hal qilgan bo‘lardik. Otasining vafoti sababli bu ishni keyinroqqa
qoldirdik.
— Jahonga uylansang, Farg‘onada turmoqchi edinglarmi yoki uni bu yerga olib
kelmoqchimiding?
— Bu albatta sizning ra’yingizga bog‘liq narsa edi. U sizning gapingizdan sira chiqmaydi.
Men uning ta’ziyasi tugaguncha Farg‘onada turib, nikohdan keyin bu yerga olib
kelmoqchi edim, lekin xalifadan «zudlik bilan qaytib kel», degan buyruq olgach, Jahon
bilan maslahatlashdim, u qaytishimni ma’qul ko‘rib, to‘y masalasini keyin bamaslahat hal
qilamiz, dedi.
Oftobning chehrasi ochilib, yuzida tabassum paydo bo‘ldi.
— Shunday kunlarni bergan xudoga hamd aytaman va seni eng yuqori baxtga
erishtirishini ko‘nglimning sultonidan iltijo qilaman. — Onasining gapi otasi ustida
borayotganini payqagan Zirg‘om: «Siz meni tuqqaningiz, emizib katta qilganingiz uchun
men eng baxtli odamman, lekin...» Otasi to‘g‘risidagi gap bir-biriga ulanib ketishidan
qo‘rqqan ona uning so‘zini bo‘lib: «Xalifa nima uchun seni zudlik bilan kel deb
chaqirganining boisini bildingmi?».
— Hozircha bilganim yo‘q, u meni biror harbiy masalada u yoq-bu yoqqa yubormoqchi
bo‘lsa kerak, yoki o‘zingiz biror gap eshitdingizmi?..
— Sen yo‘g‘ingda men hech narsa eshitganim yo‘q, bolam, chunki men Mas’udadan
bo‘lak hech kim bilan gaplashganim yo‘q.
Zirg‘om so‘radi:
— Xalifa Afshinni ham chaqirtirdimi?
— Bilmayman, hozir Afshin qaerda? U Somurroda emasmi?
— Yo‘q, uni men Farg‘onada uchratdim.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |