2-§. In’ikos, uning mohiyati va shakllari
In’ikos shakllari evolutsiyasi va ong. Ong in’ikosning oliy shaklidir. Xo‘sh, in’ikos deganda nima tushuniladi. In’ikos muayyan ta’sir natijasida paydo bo‘ladi. Buning uchun esa, hech bo‘lmaganda, ikkita obyekt bo‘lishi va ular o‘rtasida o‘zaro ta’sir bo‘lishi lozim. In’ikos predmet, moddiy hodisalarning o‘zaro ta’siri natijasida bo‘ladigan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirishdir. Eng umumiy ma’noda, har qanday predmetlarning u bilan ta’sirlashuvda bo‘lgan boshqa predmetlarning ta’sirini muayyan tarzda aks ettirishi bilan bog‘liq xossasiga in’ikos deyiladi.
Masalan: Qumda yurgan odamning oyoq izlari qoladi. Silliqqina suv yuzasida atrofdagi predmetlar – uy, odamlar, daraxtlar aks etadi. Bu hodisalarning hammasida bir predmetning ikkinchi predmetga ta’siri natijasida ikkinchi predmetda sodir bo‘lgan tashqi o‘zgarishlarni ko‘rish
mumkin. Ammo in’ikos faqat ushbu o‘zgarishlarda ifodalanmay, balki u o‘zaro ta’sir qilayotgan narsalarning ichki jarayonlari bilan ham bog‘liq. Masalan: ikki predmetning o‘zaro ta’siri natijasida ularda ichki, tarkibiy o‘zgarishlar ham bo‘ladi.
In’ikos bo‘lishi uchun predmetlararo o‘zaro ta’sir va o‘zgarish bo‘lishi shart. In’ikos tashqi ta’sirga mos, adekvat o‘zgarishlar majmuasidir. Shunday ekan har qanday o‘zgarish emas, faqat tashqi ta’sirga mos o‘zgarishlar in’ikosga kiradi.
In’ikosning ichki asosi obyektlarning sabab-oqibat munosabatlaridir. Sababiy bog‘lanishlar obyektivdir. O‘zaro ta’sir natijasida bir hodisadan ikkinchisiga modda yoki energiya, ular asosida tarkib ham o‘tadi. Bir hodisaning tarkibiy o‘zgarishlarini o‘zaro ta’sir natijasida ikkinchisiga o‘tishi in’ikosning mohiyatini tashkil qiladi. Taraqqiyot natijasida in’ikos ham rivojlanib kelyapti va u o‘ziga xos shakllarda takomillashib boryapti.
In’ikosning shakllari:
notirik tabiatda in’ikos;
tirik tabiatda in’ikos;
psixik in’ikos;
ong.
In’ikosning quyi shakli – notirik tabiatdagi in’ikos hisoblanadi,oliy shakli esa – ongdir.
Notirik tabiatdagi in’ikos – ong vujudga kelishining asosidir. Noorganik tabiatdagi in’ikos fizikaviy – ximiyaviy o‘zgarishlarning majmuasi sifatida namoyon bo‘ladi. In’ikosning asosiy xususiyati – uning faolligidir. In’ikosning faolligi notirik tabiatda ham uchraydi. Inson ongida in’ikos faolligi o‘zining oliy shakliga erishadi.
Tirik tabiatda biologik in’ikosning shakli bu seskanish (sezgi)dir. Sezgi o‘simliklarda ham mavjuddir, u o‘simliklar faolligini ta’minlaydi. Masalan, kungaboqarning nurga nisbatan tovlanishi yoki chivintutarning gulga qo‘ngan hasharotlarni ushlashi. O‘simliklar har qanday omillar ta’siriga javob bermaydi, balki biologik ahamiyatga ega bo‘lganlarigagina javob beradi. Shu bilan birga o‘simliklar bu omillarni izlamaydi, agar ular bevosita organizmga ta’sir qilmasa. Masalan: O‘simlik o‘ziga bevosita qaratilmagan nurga e’tibor bermaydi. O‘simliklarni faolligi qanchalik sodda bo‘lmasin, ular uchun yetarlidir.
Hayvonot dunyosi vujudga kelgandan keyin xatti-harakat ham shakllangan. Hayvonlar xatti-harakati tufayli o‘ziga zarur bo‘lgan
narsalarni topib olishgan. Buning natijasida in’ikos shakli ham o‘zgargan. Masalan: bir hujayrali organizmlarni trubkadagi suvga solib uni bir tomonini qizdirsak, issiqqa ta’sirlanuvchi bir hujayrali organizmlar trubkaning qizdirilgan tomoniga o‘tadi, ya’ni ta’sir qilayotgan narsaga nisbatan aks ta’sir paydo bo‘lyapti.
Tirik organizmlar rivojining yuqoriroq bosqichida endi ta’sir qilayotgan narsaga yaqinlashish yoki uzoqlashish bilan cheklanib qolinmaydi. Tashqi ta’sirni qabul qilgan hayvon turi murakkab harakatlarni bajara boshlaydi. Bu xatti-harakatlarda maqsadga muvofiqlik paydo bo‘ladi. Ularni biz instinktiv xatti-harakatlar deymiz. Instinkt bir turni hammasiga taalluqli bo‘lgan avloddan-avlodga beriladigan murakkab xatti-harakatlardir. U oddiy psixik in’ikos, sezgini vujudga kelishi bilan bog‘liq. Tirik mavjudotlar sezgilar yordamida predmetlarning alohida xususiyatlarini aks ettira borgan. Masalan: Pashsha suvni yaltillashini, qurbaqa hasharotlarni harakatlanishini sezadi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, instinkt ma’lum bir tor sharoitlarda maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sharoit o‘zgarishi bilan hayvon faoliyatidagi maqsadga muvofiqlik yo‘qoladi. Agar suv sathini oyna bilan almashtirsak ham pashsha urug‘ qo‘yaveradi. Agar asalari qurgan inini tagini teshib qo‘ysak ham ular asal bilan to‘ldiraveradi.
Keyinchalik hayvonlarda hissiy qabul qilish paydo bo‘lgan. Hissiy qabul qilish tufayli hayvonlar narsa va hodisalarni to‘laligicha, jamlikda, uning shakli va kattaligini ham aks ettiradi.
Taraqqiyotni yanada yuqoriroq bosqichida hayvonlar tashqi olamdagi predmetlararo murakkab munosabatlarni ham aks ettira boshlagan. Bu hayvonlardagi tafakkurning elementi hisoblanadi. Ushbu hodisani olimlar maymunlar ustida o‘tkazishgan tajribasida kuzatishgan. Oldin qafas ichida maymunni qo‘li yetmaydigan qilib primanka qo‘yishgan. Maymun primankani qo‘li bilan olishga harakat qiladi. Qo‘li yetmagach, tayoq yordamida primankani oladi. Tajribani davom etkazishib, primankani tayoq bilan ham yetmaydigan joyga qo‘yishadi. Shunda maymun yana boshqa tayoq topib, ularni bir-biriga ulab primankani olishga harakat qiladi. Ushbu murakkab harakat murakkab holatning in’ikosidir. Maymun primanka, bambuk tayoqchalar, o‘zini katagi va xatti-harakati o‘rtasidagi munosabatni tushunmaganda, yuqoridagi murakkab harakatni amalga oshirmagan bo‘lar edi.
Shu ma’noda in’ikos hamma joyda mavjud. Ayni paytda har bir holatda u o‘ziga xos xususiyatga egadir. Chunonchi, notirik tabiatdagi
in’ikos bilan tirik tabiatdagi in’ikos bir-biridan tubdan farq qiladi. Notirik tabiatda in’ikos oddiyligi bilan ajralib tursa, tirik tabiatda u murakkab xarakter kasb etadi. Shu bilan birga, notirik tabiatda in’ikos sustligi, tirik tabiatda esa, faolligi bilan ajralib turadi. Tirik tabiatda in’ikos tashqi ta’sir natijalaridan faol foydalanishni keltirib chiqaruvchi axborotli in’ikos shaklini oladi.
Ayni paytda axborotli in’ikosning o‘zi tirik tabiatning har bir darajasida yanada murakkablashib, o‘ziga xoslik kasb etadi. Mana shunday murakkablashuv jarayoni psixik in’ikosning shakllanishiga zamin yaratdi.
Aynan psixik in’ikos darajasida voqelikka faol munosabat ham shakllanadi, in’ikosning ilgarilab borishidan esa, o‘z navbatida, uning o‘ziga xos, yuqori shakli bo‘lgan ongning paydo bo‘lishiga imkoniyat yaratdi.
Ong vujudga kelishi uchun faqat biologik qonunlarning o‘zi yetarli emas. Yangi predmetli-amaliy faoliyat – mehnat zarurdir. Mehnat qilish jarayonida inson ongi shakllana boshlagan. Mehnat inson va tabiat o‘rtasida amalga oshadigan jarayondir. Bu jarayonda inson modda almashinuvini boshqaradi va nazorat qiladi. Moddiy faoliyat asosida inson ongi o‘sadi. Mehnat jarayonida rivojlangan qo‘l butun organizmni, shu jumladan miyaning ham takomillashuviga ta’sir ko‘rsatgan. Mehnat faoliyati ta’sirida miyaning rivojlanib borishi munosabati bilan insonning sezgi a’zolari ham takomillashib borgan. Masalan: badan bilan sezish tobora aniqroq va nozikroq bo‘lib borgan, quloq inson nutqining eng nozik tafovutlari va o‘xshashliklarini eshitishga qodir bo‘lgan. Ko‘z o‘tkirroq ko‘radigan bo‘ldi.
Ongning tarkibi qanday? Inson ongi nafaqat tabiat mahsuli, balki jamiyat mahsuli hamdir. Shuning uchun ong murakkab tarkibga, tuzilishga ega.
Har xil bilimlar, ehtiyojlar, his-tuyg‘ular ong tarkibiga kiradi. Ongning asosini bilimlar tashkil qiladi. Ongning tarkibi bir butun tizimni tashkil qiladi, ya’ni alohida elementlardan tashkil topgan tizimdir. Uning elementlari o‘zaro qonuniy munosabatlarda bo‘lishadi.
Sezgi, hissiy qabul qilish (idrok), tasavvur, tushuncha, tafakkur ongning yadrosini tashkil qiladi.
Ongning asosiy funksiyasi inson xatti-harakatlarini xayolan boshqarish, tartiblashtirish, ularni ketma-ketligini nazorat qilish va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xatti-harakatlarni loyihalashtirishdir.
Ongning shakllari: fikr, shubha, e’tiqod, ishonch, bilim.
Do'stlaringiz bilan baham: |