www.ziyouz.com kutubxonasi
15
Qush borki, inida, odam borki, onasida ko‘rganini qilar ekan, ilm degan narsani avvalo
ayol zotiga bersin! Uning fe’lu atvoriga poklik bersin! Yuragiga g‘ayrat va shijoat, o‘zidan
MURABBIY yasab olguncha iroda, sabr, qanoat va salomatlik bersin!
Bolasi hali zaminga tushmay turib, ona unga berarining to‘qson foizini berib bo‘ladi. Ona
joni, qoni, suti bilan bolasining sifatini yasab bo‘ladi. Shuning uchun ham, onalikka
tayyorlashni qiz bolaning sochi jamalak paytidan boshlash kerak.
***
Qizlarimiz yoshligidan kitobxon bo‘lishiga intilaylik. Kitob uning xayollariga qanot beradi,
tafakkuri o‘sadi, inson ruhiyati bilan tanishtiradi. Kitob ko‘rgan kishi odamlar bilan
muomalani o‘rganadi. Kitob unga dunyoni ko‘rsatadi. Hayrat beradi, sevinch va qayg‘u
qaerdan bino bo‘lishini bildiradi. Axir, bu ulg‘ayish degani. Va qizimizning bu bisoti bir
kuni bolasiga bexato o‘tadi.
***
Qiz farzandlarni sayru sayohatlarga ko‘p olib chiqmoq kerak. Toki uning ko‘zlari
kengliklarni, tog‘larni, daryo-ko‘llarni ko‘rsin, ruhiyati, tomir-tomirlari yayrasin. Lolazor
qirlarni ko‘rib tuyg‘ulari alvonlansin! Gullagan shaftolizor, olmazorlar ichida yuraklari
gulga to‘lib ketsin! Ana o‘shanda undan bahorday bolalar dunyoga keladi!
***
Musiqani, ayniqsa, milliy musiqamizni bolamizga beshikdalik paytidan eshittirib boraylik.
Tasviriy san’at, milliy hunarmandchilikka mushtdayligidan boshlab e’tiborini tortaylik,
toki undan tarqaladigan naslning ta’bi nozik bo‘lsin, umrni nima bilan bezashni o‘rgansin,
zavq-shavq bilan yashash sirlarini biladigan bo‘lsin.
***
Qiz bolasi bor uyda aya-buvilar doim orasta yursinlar, yarashimli kiyinsinlar. Qizlar
go‘zallikka tug‘ma intiluvchandir, ular, ayniqsa, o‘z onalarini eng chiroyli bo‘lishini
xohlaydilar. Bu payt ularda did shakllanayotgan bo‘ladi, siz o‘z turish-turmushingiz bilan
qizchangiz huzurida unga mudarrislik qilyapsiz, ko‘zlarini zeriktirmaylik, nigohlarini
xunuklikka ko‘niktirmaylik.
***
Tunov kuni bolalarimning gurungi qulog‘imga chalindi. O‘ttizga yaqinlashib qolgan
kenjatoyim bog‘cha bola paytlarini eslab, zavqlanib derdi:
— Tug‘ilgan kunimizda ayam yangi, chiroyli to‘shaklarga o‘tqizardilar, eslaysizmi?! O‘sha
kuni hech kim ish buyurmasdi, noto‘g‘ri ish qilib qo‘ysak ham urishmasdilar, podshoh
bo‘lib yurardik-a!
Opa-akalari gur-r etib unga qo‘shila ketishdi ... Tug‘ilgan kunlarida qanday yayragan
bo‘lsalar, eslayotganda ham o‘shanday yashnab, charaqlab so‘zlardilar. Ko‘rdingizmi,
inson ruhiyati – mo‘’jiza. Go‘dakligida xush ko‘rgan bir lahzani o‘nlab yillar o‘tsa hamki,
bag‘riga bosib yasharkan. Bu degani o‘ttiz yil burun bergan arzimagan rag‘batimiz ularni
hanuz boyitib, qalban o‘stirib kelmoqda ekan!
Dunyo buyuk ustaxonadir. Tursunoy Sodiqova
Do'stlaringiz bilan baham: |