©2007 Jak Fresko va Roksana
KELAJAKNI LOYIHALASH
JAK FRESKO
Muallif tomonidan alohida minnatdorchilik:
Roksana Medouz
Bob Shilling
Stiv Doll
Tarjimonlar:
Jumaniyazov Temurbek Yangiboyevich
Sayfiyev Farruhjon Shavkat o‘g‘li
Kitobni kelakka hissa qo‘shish va unga aloqador alternativ loyihalar hamda
fikrlarni o‘zbek ommasiga taqdim qilish uchun tarjima qilindi. Barchasi qiziquvchan
yoshlar va kattalar uchun.
2021-yil
MUNDARIJA
Kirish
Kelajakni loyihalash
Kelajakka chorlov
I BOB. O‘tmishdan kelajakka
II BOB. O‘zgaruvchan dunyo
III BOB. Ilmiy metodni qo‘llab
IV BOB. Mavjudlik haqidagi afsonlar
V BOB. Bir tizimdan ikkinchisiga tomon
VI BOB. Yorqin kelajak
VII BOB. Aqlli shaharlar
VIII BOB. Texnofobiya
IX BOB. Dengizdagi shaharlar
X BOB. Yechimlar va qonunlarni belgilash
XI BOB. Hayot tarzi
Xulosa
KIRISH
Kelajakni lohiyalash
Siz kelajakni qurishga tayyormisiz?
Ko‘pchiligimiz, kelajak jamiyatdagi o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz
mumkin deb o‘ylaymiz. Lekin ko‘pchilik odamlarning kelajak haqidagi tushunchalari
ayni paytda hukmron bo‘lgan qarashlar va qadriyatlar bilan qattiq chegaralangan.
Ayniqsa, tez o‘zgaruvchi zamonaviy dunyoda bu qadriyatlar haqiqatdan ancha yiroqda
bo‘lsa ham. Yangi tug‘ilgan chaqaloq o‘zi tomonidan qurilmagan dunyoga kirib keladi.
Har bir keladigan avlod o‘zidan oldigi avlodlardan qolgan qadriyatlar, yutuqlar,
umidlar, muvaffaqiyat va omadsizliklarni o‘ziga meros qilib oladi. Shu jumladan
oldingi avlodlarning qabul qilgan qarorlarining natijalarini ham.
Odamzot mavjud bo‘lgan yuz ming yillar oldin, texnika yutuqlari hali ibtidoiy
yoki umuman mavjud bo‘lmagan davrlardagi harakatlar ham bugungi kun insoniyat
hayot tarzida va atrof-muhitda oz bo‘lsada o‘z izini qoldirgan. Har bir avlod terimchilar
va ovchilar, keyin esa kashshoflar va yer haydovchilar tomonidan navbatdagi avlodga
yashab qolishga yordam beruvchi qurollarni qoldirgan. Avlodlar almashinuvi juda
sekin va deyarli sezilmaydigan tarzda amalga oshgan. U paytlarda juda kam odamlar
ilm-fanga va narsalarning haqiqiy tabiatiga ahamiyat bergan. Tushuntirishlar esa
noilmiy ko‘rinishda bo‘lgan.
Hozirgi yuqori texnologiyalar dunyosida esa unday emas. O‘zgarishlar
millionlarga ta’sir qiladi va bu sanoqli soniyalar ichida sodir bo‘lishi mumkin. Bugun
tug‘ilgan bola uning ota-onasi meros qilib olgan dunyodan hayratnarli darajada farq
qiluvchi dunyoni qabul qiladi. Undan yuz oldin dunyo qanday bo‘lgani hech qanday
ahamiyat kasb etmaydi. Unga oldingi avlod ekspluatatsiya, kuch bilan egallangan
narsalar hamda zamonaviy odamlarga bir tarafdan imkoniyat beradigan, boshqa
tarafdan esa katta qiyinchilikni tug‘diradigan shubhali yutuqlarni meros qilib qoldiradi.
Ilmiy prinsiplarni u yoki bu ko‘rinishda qo‘llash hayotimizni yaxshilaydi va
insoniyatning barcha yutuqlariga javob beradi. Jamiyatga huquq va imkoniyatlarni
beruvchi muhim hujjatlar va deklaratsiyalar qabul qilingan. Ammo insoniyatning
taraqqiyoti va tanazzulining qoq yuragida ilm-fanning mustahkam asoslari yotadi.
O‘tmishdagi avlodlarda uzoqdagi kelajakni rejalashtirish imkoniyati bo‘lmagan.
Kelajak haqidagi barcha bashoratlar ilmiy asoslanmagan edi. Donishmandlar yoki
folbinlar tomonidan tushlar, glyutsinatsiya, shisha shar va shunga o‘xshagan yo‘llar
bilan bashoratlar amalga oshirilgan. Lekin, bashoratlardagi kelajak o‘sha davrdagidan
deyarli farq qilmagan. Ba’zi bashoratlar amalga oshgan, ammo bu shunchaki tasodif
deb qaralishi mumkin.
Hozirda sun’iy yo‘ldoshlar Yer kurrasini aylanib uchar ekan, bizning
hayotimizga aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni soniyaning kichik ulushlarida
uzatib beradi. Bu ma’lumotlar ob-havoni o‘rganish, geografik xaritalarni tuzish,
geologik izlanishlarni o‘tkazish, aholi hududlarini tadqiq etish va global isish
jarayonini nazorat qilishga yordam beradi. Bu birinchi marta olimlarning qoniqarsiz
deb baholagan sayyoramizning haqiqiy holatini kuzatishga imkon berdi.
Har kuni trillionlab bit ilmiy axborotlar kiberfazo bo‘ylab yorug‘lik tezligida bir
zumda uzatiladi. Bu yuqori texlogiyalar sivilizatziyasiga imkon beradi. Fizika va
texnologiya juda ko‘plab jarayonlarni nazorat qilayotgan bir paytda, haligacha
millionlab insonlar kunlik hayotini reja qilishda faylasuflar, folbinlar va har xil eskidan
qolgan udumlarga murojaat qilib yashab kelmoqda. Ko‘plab davlat liderlari insonlar
taqdirini hal etishda psixoanalitik va astrologlarga murojaat qiladi.
Nega zamonaviy inson o‘tmishdagi ajdodlarning qarashlari va tushunchalariga
bog‘lanib qolishi kerak? Ammo, bu hamon davom etib kelmoqda. Masalan, bugun ham
ba’zi davlatlarning o‘zaro kelishmovchiligi barchaga ayon. Bunga aqliy yechim bo‘lsa-
da, ular yakun topmaydi. Bu kelishmovchiliklar faqat qurol sotuvchilariga foyda
keltiradi. Kelishmovchiliklar va urushlar oddiy aholi uchun befoyda bo‘lib, bu bilan
ko‘plab odamlarning qirilib ketishi va atrof-muhitning zarar ko‘rishiga erishiladi xolos.
Agar biz barcha insonlarni o‘zaro bog‘liq bo‘lgan yagona tizim deb qarasak, ular
bitta oiladir. Shu kabi fikrlashni o‘rgansak, barcha harbiy uslublar eskiradi. Ular o‘z
ma’nosini yo‘qotadi. Texnologiya va boshqaruvlar tezlik bilan o‘zgarayotgan davrda
dunyoga yangi nigoh va yondashuvlar bilan qarash zarurati tug‘iladi. Ayniqsa, hozirda
bu juda zarur. Chunki, bugungi kunda ilm-fan katta tezlik bilan ijobiy yechimlarni
ko‘rsatib bera oladi. Ilm-fan hech qachon hozirgidek qudratli bo‘lmagan.
Mazkur material o‘quvchilarni kelajakka munosabatini bildirishiga chorlash
uchun; nafaqat o‘zi uchun, balki butun jamiyat uchun; nafaqat o‘z avlodi, balki
navbatdagi barcha avlodlar uchun ishlab chiqildi. Buni faqat ilmiy tarafdan imkoni
bo‘lgani uchun emas, balki bu hozirda o‘ta zarur ekanidandir.
Kelajakka chorlov
Kelajak o‘z-o‘zidan kirib kelmaydi. Zilzila kabi tabiiy hodisalargina bundan
mustasno. Kelajak insonlarning say’i-harakatlari evaziga keladi va bu asosan ularning
axborot bilan qanchalik yaxshi ta’minlanganiga bog’liq. Siz o‘zingizga “Men qanday
dunyoda yashashni xoxlayman?” va “Men uchun demokratiya nimani anglatadi?” kabi
savollarni berish bilan, ertangi dunyoning shakllanishida o‘z hissangizni qo‘shishingiz
mumkin.
E’tiboringizga fikrlab ko‘rishingiz uchun bir ssenariyni havola etamiz. Tasavvur
qiling, sizga sayyoramizda bugungi hukmron sivilizatsiyani hech qanday cheklovlarsiz
qayta qurishni topshirishdi. Maqsad – dunyoni urushlar, qashshoqlik, ochlik va atrof-
muhit ifloslanishidan qutqarish. Shuningdek, resurslardan maksimal foydalanish
muddatiga erishgan holda, sayyoramizdagi har bir inson uchun eng yaxshi jamiyatni
yaratish.
Unutmang, jamiyatni qayta qurishda, nazaringizda real ishlaydigan va foyda
keltiradigan istalgan uslubdan foydalanishga haqqingiz bor. Yagona cheklov – sizning
ijtimoiy tajribangiz sayyoramizning real imkoniyatlariga asoslanishi zarur. Unga ko‘ra
resurslar Yerdagi hayot davomiyligini ta’minlash uchun yetarli darajada bo‘lishi
kerakligini anglatadi.
Siz ehtimoliy dunyolar ichida eng yaxshisi shu deb tanlashingiz va hatto butun
sivilizatsiyani qayta qurishingiz mumkin. Lekin, resurslarning o‘zini oqlamagan har
qanday ko‘rinishdagi sarf qilinishi jamiyatning istalgan qatlamining turmush tarzini
yomonlashuviga sabab bo‘lishini hisobga olish zarur. Loyihalashtirish faqatgina atrof-
muhit himoyasini o‘z ichiga olmasdan, o‘zingiz zarur deb bilgan barcha tarmoq,
jumladan shaharlar, transport strukturasi, shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar va ta’lim
strukturasini ham loyihalash zarur bo‘ladi.
Tanlov cheklanmagan. Siz milliy o‘ziga xoslikni qo‘llaysizmi? Sizning xalqaro
maslahat kengashingiz bo‘ladimi? Barchaning ehtiyojlarini qondirish uchun sayyora
resurslarini qanday boshqarasiz va taqsimlaysiz? Qarorlarni qabul qilish uchun ilmiy
metodlarni qo‘llaysizmi yoki siyosatga, tasavvufga ishonasizmi? Turlicha diniy
qarashlar bilan qanday munosabatda bo‘lasiz? Siz hattoki almashinish vositasi sifatida
puldan foydalanilmaydigan iqtisodiy tizimni ishlab chiqishingiz ham mumkin.
O‘zingizni shaxs sifatida boshqalardan ustun qo‘ymaysizmi? O‘zingizga
kattaroq uy, hashamatli mashina yoki yuqori sifatli televizorni talab qilmaysizmi?
Bularga loyiq ekaningizni nima bilan asoslaysiz? Yoki bu boshqalarning bunga loyiq
emasliklari bilan bog‘liqmi? O‘zingizni mahoratingiz darajasi bilanmi? O‘zingizning
sarflagan vaqt yoki pul miqdori bilanmi?
Esingizda bo‘lsin, agar siz boshqa millatlarning qadriyatlariga, o‘zingiz yoki
qo‘shni millatlarning qadriyatlariga qarshi chiqsangiz, bu ularning ommaviy
noroziligiga sabab bo‘ladi. Siz siyosiy korrupsiyani qanday yo‘q qilasiz? Universal
qonun va kelishuvlarni e’lon qilasizmi? Kerak payti harbiy va militsiya metodlaridan
foydalanasizmi? Hamma resurslarni barcha millatlarniki deb e’lon qilasizmi?
Bu masalani hal etishda xurofotlardan va millatchilikdan holi bo‘lish etiladi va
bu hislatlarni ishlab chiqilayotgan jamiyat modeliga kiritish lozim bo‘ladi. Bunga
qanday erishasiz? Bu juda ko‘p intizom kiritishni talab qiladigan murakkab loyihadir.
Bu muammoni muhokama qila turib hal etishimiz zarur bo‘lgan masalalar
shulardan iborat. Bu eskirgan an’anaviy qarashlardan mutlaqo erkin bo‘lgan yangicha
yondashuv bo‘lishi mumkin. Ammo doimo bu jamiyat kim uchun qurilayotganini
unutmaslik kerak.
Amaldagi qarashlar doirasidan chiqib, yangi ijodiy g‘oyalarni taklif qilishdan
qo‘rqmang.
Do'stlaringiz bilan baham: |