www.ziyouz.com
kutubxonasi
89
— Vo ajabo. Xayr, mayli. Men seni yaxshilab eshitdim, Iso. Sen uzoqni ko‘zlagan ekansan. Lekin
sen o‘zingga haddan ortiq bino qo‘yib yubormadingmikin, odamlarning ishonchlariga haddan ziyod
umid bog‘lamadingmikin, maydonlarning tuban ekanligini va tuproqqa qorilib yotishini
unutmadingmikin? Shahar qal’asidan chiqqaning zamon sen bunga ishonch hosil qilasan hali. Birok
sen hech qachon tarixning yo‘lini burib yuborolmaysan, bu daryoni hech kim burolmaydi. Men bir
narsaga hayronman: nega hammadan burun o‘zing yonadigan o‘t yoqyapsan? Dunyo Qaysarlarsiz
yasholmaydi. Birovlarning qudrati, shavkati boshqalarning tobeligi, muteligi. Sen dunyoni boshqacha,
o‘zing to‘qib chiqargan tartibga solaman, yangi tarix yarataman deb, bekor qilyapsan. Qaysarlarning
o‘z xudolari bor. Ular sen o‘ylab topgan Xudo-Ertaga sig‘inmaydilar. «Erta»ning cheki yo‘q.
Chegarasi yo‘q. U barchaga xuddi havo kabi bab-barobar tegishli. Zotan, barchaga barobar mansub
bo‘lgan narsalarning qadr-qimmati ham yo‘q, o‘rni ham yo‘q. Shu boisdan Qaysarlar hamma va har
narsaning ustidan hokimdirlar. Dunyoda hukm surib turgan Qaysarlar ichra shavkatli Tiveriy
xudolarga suyuklidir. Uning dov-davlati — Rumo saltanati jahonning yarmini egallab turibdi. Men
Tiveriy sha’n-shavkati ostida Yahudoda hokimlik qilyapman. Hayotimning ma’nosi shunda deb
bilaman. Vijdonim pok. Mangu Muzaffar Rumoga xizmat qilmoqdan ortiq sharaf yo‘q menga!
— Har bir odam o‘ziga o‘xshagan boshqa biron odam ustidan hokimlik qilish uchun o‘lib-tiriladi.
Sen bundan mustasno emassan, Rim noyibi. Hammadan yomoni ham shunda. Sen, axir dunyo shunday
qurilgan-da, deysan. Qusurni har doim osongina oqlash mumkin. Lekin, bashar qavmining qarg‘ish
tekkan joyi shu. Ammo kim buni o‘ylab o‘tiribdi? Lekin, bozor farroshlarining oksoqolidan tortib,
dahshatli sultonlargacha hammasi giriftor bo‘lgan hokimiyatparastlik kasalligi — barcha
yomonliklarning eng yomonidir. Bashariyat hali buning og‘ir jazosini tortajak. Hokimlik va yer da’vo
qilgan xalqlar qirilib ketadilar, bir-birlarini tag-tomirlarigacha yo‘q qilib yuboradilar.
Pontiy Pilat musohibning so‘zini toqatsizlik bilan bo‘ldi va qo‘lini ko‘tardi.
— Bo‘ldi, bas. Senga shogird emasmanki, har bir so‘zingga some bo‘lsam. Yetar! Tilning suyagi
yo‘q. Og‘izda nimalar qilmaydi kishi. Iso, sen qancha karomat qilma, bari behuda. Hokimlar
boshqaradigan dunyoning boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Uning tamal toshi shunga qo‘yilgan,
shunga turadi abadul-abad: kuch kimda bo‘lsa — hokimiyat ham shunda. Dunyoning jilovini zo‘rlar
o‘z qo‘llarida tutadilar. Osmonda yulduzlarni o‘z o‘rnidan ko‘chirib bo‘lmaganday, bu nizom ham
hech qachon o‘zgarmagay. Qani, o‘zgartirib ko‘r-chi. Odamzod uchun bekor kayg‘uryapsan,
hayotingni qurbon qilganing bilan uni qutqarolmaysan. Odamlarni na ibodatgohlarda voyizlar va na
ko‘kdan tushgan vahiylar xalos etadi! Xuddi poda cho‘pon ortidan borganday, Qaysarlarga
ergashadilar, ne’matlar va kuch-qudrat oldida ta’zimda turadilar. Hammadan ko‘ra berahmroq va
hammadan ko‘ra shavkatliroq kimsani ko‘klarga ko‘taradilar, sarkardalarni va ular inson qonlarini
daryo-daryo oqizgan, birovlarni hukmron, boshqalarni qul qilgan, xo‘rlagan janglarni og‘iz ko‘pirtirib
maqtaydilar. Shuni shijoat ruhi deb ataydilar, avlodlardan avlodlarga qo‘shiqlar bitib qoldiradilar,
g‘oliblar sharofatiga yalovlar ko‘taradilar, karnay-surnaylar chalib olqishlaydilar; tomirlarda qon
ko‘piradi, kasamyodlar aytiladi — o‘zgalarga bir qarich ham yer bermaymiz deb, ontlar ichiladi; xalq
nomi bilan qonli urushlar oqlanadi, zarurat deb tushuntiriladi; nasllar yurt g‘animlariga nafrat ruhida
tarbiyalanadi: o‘z shahanshohimiz bor bo‘lsin, o‘zga shohning kuli ko‘kka sovurilsin, tiz cho‘ktirilsin,
eli bandi qilinsin, yer-suvlari tortib olinsin, ota-bobo zamonlaridan to hanuzgacha hayotning,
umrguzaronlikning butun lazzati mana shunda emasmi, axir. Sen esa, Iso, bularning barini qoralab,
la’nat tamg‘asi osmoqchisan, sho‘rlik-bechoralar, g‘arib-g‘uraboning holiga achinasan, hamma joyda
xayru baraka bo‘lishini istaysan, inson — vahshiy hayvon ekanligi, vujudimiz tuz-namaksiz
yasholmaganday bu hayvon ham urushsiz kun kechirolmasligini unutasan. Hali-zamon soqchilar
qurshovida G’ulqof sari qadam qo‘yasan. Jillaqursa, qatling oldidan, mana shu soatda nimada
yanglishib, qayda sahvu-xatoga yo‘l qo‘yganingni bir boshdan o‘ylab ko‘rsang edi. Sen bilan
xayrlasharkanman, bir narsani aytib qo‘yay! Sen yovuzlikning tomirini odamlarning had-hisobsiz
hokimiyatparastligida, xalqlar hamda ellarni zo‘ravonlik bilan tobe qilinishida ko‘rasan, ammo bu
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |