www.ziyouz.com
kutubxonasi
68
— Faqat men hammamizning tepamizda diyonat hamda rahm-shafqatning eng oliy hakami Xudo
borligiga ishonaman.
— Yana Xudo! Xo‘sh, bu bilan yana nima demokchisan?
— Xudoning marhamati bizning irodamiz orqali namoyon bo‘ladi. U bizda yashaydi, ongimiz
orqali bizga ta’sir etadi.
— Menga qara, qo‘y, bu serdahmaza gaplarni. Xo‘p, boringki, nima bo‘pti? Bizga buning nima
daxli bor?
— Nega daxli bo‘lmas ekan! Aql-idrokning qudrati bilan inson o‘ziga o‘zi xuddi Xudo kabi ta’sir
etadi. Axir yomonlikni chin dildan tan olish nima degani? Menimcha, bu yovuzlikni Xudo darajasida
turib qarg‘ashdir. Inson o‘z mohiyatiga yangicha qarashni o‘zi belgilaydi.
— Sening bu qarashing ommaning ongidan nimasi bilan farq qiladi? Biz to‘daga o‘xshashni
istamaymiz va undan o‘zimizni olib qochamiz. Sizlar bizga teng bo‘lolmaysizlar, biz o‘zimiz
alohidamiz.
— Xato. Erkinlik qonundan qo‘rqmagandagina haqiqiy erkinlik bo‘ladi, aks holda, u sarobdir.
Sening erkinliging mudom ko‘rquv ichida, qonuniy jazoni kutib yashaydi...
— Xo‘p, nima bo‘pti shunga? Senga buning qanday og‘irligi tushyapti? Sen emas, o‘zimiz
tanlaganmiz bu yo‘lni.
— To‘g‘ri, o‘zing tanlagansan. Lekin bu yo‘lga sendan boshqalar ham kirgan. Tushunsang-chi,
axir, bu oxiri berk ko‘chadan chiqib ketish mumkin. Mana shu yerning o‘zida, cho‘lda, ochiq osmon
tagida tavba-tazarru qilinglar, bu ishdan butunlay voz kechaman deb, o‘zlaringizga so‘z beringlar,
xufya savdoning faydasidan, yaramas odamlardan yuz o‘giringlar, o‘zingiz bilan, Xudo nomini
atangan va hammamizni vohid ong vositasida birlashtirgan zoti sharif bilan murosaga kelinglar...
— Xo‘p, keyin nima bo‘ladi?
— Keyin siz yana inson degan nomga musharraf bo‘lasiz.
— Juda chiroyli bo‘lib ketdi-ku! Yana bunchalar osonligini qarang! — Grishan tayogini o‘ynab
o‘tirarkan, qovog‘ini soldi, tepalik ortida o‘tib borayotgan yana bir yuk sostavining shovqini bosilishini
kutdi, so‘ng birdan tushgan sukunat ichida, tili haddan tashqari yechilib ketgan Avdiyga teshib
yuborguday masxaraomuz tikilib turib, dedi: — Endi gap bundoq, muhtaram Avdiy, sening gaplaringni
kamoli diqqat bilan eshitdim. Xursand bo‘lmay qo‘ya qol. Sen qattiq xato qilasan. O’zingcha o‘ylasang
kerak, mendan boshqa hech kim Xudo bilan dildan gaplasholmaydi deb. Bilib qo‘y, Xudo bilan
muomala qiladigan yolg‘iz sen emas. Sen taqvodor bo‘lsang, biz ham mahrum emasmiz bu ne’matdan.
Ana ko‘rdingmi, darrov shu gapdan nafasing ichingga tushib ketdi. Azbaroyi hayron bo‘lganingdan.
Menga o‘xshagan bir odamning Xudo bilan aloqa qilib turishi senga juda g‘alati eshitildi, a?
— Unday emas. Faqat «aloqa» degan so‘z andak qiziq tuyularkan. Aksincha, sening og‘zingdan
bunday gapni eshitib xursand bo‘ldim. Balki sen fikringni o‘zgartirgandirsan?
— Aslo! Muncha sodda bo‘lmasang. Xo‘p, unda bilib qo‘y, Kallistratov, faqat tilingni tishlab
qolma. Xudoga mening o‘z borar yo‘lim bor, men uning huzuriga orqa eshiklar kiraman, xolos.
Xudoying sen o‘ylaganchalik noz-firoq qilib tanlab o‘tirmaydi...
— Xudo oldiga orqa eshikdan kirib sen nimaga erisharding?
— Erishadigan narsam senikidan kam emas. Men odamlarga shodlik bag‘ishlayman. Ular kayfda
Xudoning visoliga yetadilar. Men beradigan narsani ular na sizning pand-nisihatlar, na va’zlar va na
duo-yu ibodatlardan topadilar... Men o‘z odamlarimni Xudoga boshqa har kimdan ko‘ra tezroq
yetkazaman.
— Pulga sotib olingan Xudoga yetkizasanmi? Og‘u yordamidami? Miyalarini aynitibmi? Yana sen
buni Xudoning visoliga yetish baxti deb ataysanmi?
— Ha, nima bo‘pti? Shakkoklik, Xudoni oyoqosti qilish deysanmi? Ana xolos! Nozik ko‘ngillariga
ozor berdikmi? Sening noningni yarimta qilyapmanmi? Yo‘lingni to‘sib ko‘yamanmi? Xo‘p, pul, xo‘p,
qoradori, xo‘p, nima bo‘pti! Pul deganing hazilakam narsa emas. Pul — hamma narsa! Nima, pulning
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |