www.ziyouz.com kutubxonasi
63
deyish aytishgagina oson, axir. Ishlab kun kechirish to‘g‘ri-ku, lekin hadeguncha unga erisha
qolmaysan kishi. Insonni o‘z erkiga, xohishiga qo‘ymaslik ham yaxshi emas.
Bola menga qarab talpindi. Uni ko‘tarib oldim. Uning yuzidan o‘parkanman: «Eh, do‘mbog‘im,
sendan ajralishga to‘g‘ri kelyapti-ku. Qaniydi sen bilan bir umrga ajrashmasak. O‘z o‘g‘limdek
qadrdon va aziz bo‘lib qolgan eding menga», deb o‘tkazdim ko‘nglimdan.
— Ha, mayli, yuring, — dedim keyin sekingina. O‘rnimizdan turdik. Men bolani ko‘tarib oldim,
biroq eshik oldiga borganda to‘xtab:
— Ish bo‘lsa bizda ham topiladi, — dedim yana unga. — Shu yerda ishlasangiz ham bo‘ladi.
Kichikroq xona ham bor. Rost, qola qoling. Shoshilmang. Ketishga har vaqt ulgurasiz. Yana o‘ylab
ko‘ring...
U avval indamay turdi. Ammo men hozircha bu yerda ishlab turishning afzalligini, so‘ng nima
qilish zarurligini hayot o‘zi ko‘rsatishini, ketgisi kelsa xohlagan vaqtida keta olishi mumkin ekanligini
aytib, unda ishonch hosil qildim.
Shunday qilib, Asal va Samad, o‘g‘lining ismi shunday ekan, bizning yo‘l uchastkamizda qolishdi.
Hovlidagi qo‘shimcha qurilgan uycha sovuq edi, shuning uchun Asalni o‘g‘li bilan mening
xonamda yashashga ko‘ndirdim, o‘zim bo‘lsam o‘sha hujraga ko‘chib o‘tdim. Menga shu uycha ham
yetardi.
Shu paytdan boshlab mening hayotim o‘zgarib ketdi. Bir qarashda-ku, hech narsa o‘zgarmagandek
ko‘rinardi, hamon avvalgidek so‘qqabosh edim, ammo men o‘zimni yana inson his qila boshladim,
uzoq yillik yolg‘izlikda sovigan qalbim tag‘in iliy boshladi. Men endi yakka o‘zim yashamasdim...
Odamlar bilan kishilar orasida yashash, ishlash, do‘stlashish, umum ishini ado etish, yordamlashish va
yordam olish naqadar yaxshi. Kuning bitib, vaqt-soating yetib o‘lganingda ham boshqalardan kam
qilib ko‘mishmaydi... Ammo shunga qaramay, hayotning bir tomoni borki, uni sevgilingga bo‘lgan
mehr-muhabbatdan bo‘lak hech narsa bilan almashtirib, to‘ldirib bo‘lmaydi... Men kichkintoyga juda
o‘rganib qoldim. Uchastkaga aylanib chiqqan paytlarda ham uni issiqqina qilib o‘rab olib, o‘zim bilan
birga ko‘tarib yurardim. Xullas, bo‘sh vaqtimning hammasini u bilan o‘tkazardim. Shu paytgacha
qanday qilib yashab kelganimni tasavvur eta olmayman. Qo‘shnilarim ham ancha durust kishilar edi.
Ular Asalga ham, Samadga ham mehribon edilar. Bolani kim sevmaydi deysiz. Asalning o‘zini olsak
dilkash, samimiy, ochiq ko‘ngilli ayol, shuning uchun ham u uchastkadagilar bilan til topishib,
aralashib-quralashib ketdi. Mening esa kichkintoyga ham, Asalga ham mehru muhabbatim yanada
oshib ketdi. Bolaga mehrim onasiga bo‘lgan mehr-muhabbat bilan payvasta edi. Rostini aytsam, har
qancha urinsam ham his-hayajonlarimni o‘zimdan-o‘zim yashira olmadim. Asalni sevib qolgan edim.
Bir umrga butun qalbim bilan yolg‘izlikda o‘tkazilgan hijronli yillar, barcha azob-uqubatlarim evaziga
uni behad sevib qoldim. Barcha judoliklarim, g‘am-hasratlarim bu muhabbatga mujassamlashgan edi.
Ammo buni unga oshkor etishga haqqim yo‘q edi. Asal hamon erini kutardi. Kutishga uzoq kutardi-yu,
biroq hech sir boy bermasdi. Biz yo‘lda ishlayotgan kezlarda uning har bir yo‘lovchi mashinani intizor
va umidvor ko‘zlari bilan kutib olishi va kuzatib qolishini ko‘pincha sezardim. Ba’zan o‘g‘lini ko‘tarib
yo‘l yoqasiga chiqar va u yerda necha soatlab o‘tirar edi. U ko‘rina qolmasdi. U kim va qanaqa odam
ekanligini bilmayman, buni so‘ramasdim ham, Asal ham buni hech kimga so‘zlamasdi.
Vaqt o‘tib borardi. Samad ham ulg‘ayib qoldi. Oh, u juda sho‘x, jajji toychoq ediki, bilmayman,
birov o‘rgatganmi yoki o‘rganganmi, harholda u meni dada, deya boshladi. Ko‘rdimi, bas: «Dada!»
«Dada!» — deb bo‘ynimga osiladi. Asal Samadga qarab o‘ychan jilmayib qo‘yardi. Men bo‘lsam ham
quvonardim, ham yuragim o‘rtanib azob chekardim. Unga ota bo‘lishga ming bor rozi edimu, ammo
nima ham qila olardim...
O‘sha yili yoz kunlaridan birida biz yo‘l tuzatayotgan edik. Mashinalar bizni chetlab o‘tib borardi.
Asal qo‘qqisdan shofyorlardan biriga qarab qichqirdi:
— Hey, Jontoy, to‘xta!
Mashina bizdan biroz o‘tdi-yu, taqqa to‘xtadi. Asal shofyor tomon chopib ketdi. Ularning nima
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |