www.ziyouz.com kutubxonasi
59
hammasi o‘z joy-joyida turgandek: tog‘lar ham o‘z urnida, yoi ham o‘sha, ammo na uy-joy, na hovli va
na biron tirik jon zoti ko‘rinardi. Faqat tosh uyumlarigina qalashib yotardi. Bizning hovlimiz xiyol
chetroq-da, naq tog‘ning tagginasida edi. Tog‘ etagidagi joylar juda tor edi. Toqqa ko‘zim tushdi-yu,
darhol dong qotib angrayib qoldim. Balandlikdan qor qatlari ko‘chib, o‘zi bilan birga yo‘lda uchragan
hamma narsani tep-tekis qilib supurib ketgan, go‘yo o‘tkir tirnoqli temir pan-jalari bilan tog‘
yonbag‘irlarini qo‘porib, pastlikka ag‘anatib uloqtirgan-u chuqur va ulkan jarlikning sahnini qo‘sh
qo‘shgandek ag‘dar-to‘ntar qilib tashlagan edi. Xotinim o‘zining so‘nggi xatida juda qalin qor
tushganini, so‘ngra kutilmaganda yomg‘ir yog‘a boshlaganini yozgan edi. Demak, qor uyumini
qulamasidan ertaroq portlatib, pastga qulatib yuborish zarur edi, biroq bu ayol kishining qo‘lidan
kelarmidi.
Ana shunday qilib, oilam bilan ham uchrashdim. Ming bor o‘lim bilan yuzma-yuz kelib, tiriklayin
do‘zaxga tushib qaytsam-u, bu yerda bola-chaqamdan nom-nishon bo‘lmasa. Tinka-madorim qurib,
qotib turardim. Tog‘-toshlarni larzaga keltirib hayqirgim, dod degim kelardi-yu, nafasim bo‘g‘zimga
tiqilib, ovozim chiqmasdi. Go‘yo butun vujudim toshga aylanib qotib qolgandek edi. Faqat yelkamdagi
safar xaltamning sirg‘alib oyog‘im ostiga tushib borayotganini sezib turardim, xolos. Men uni o‘sha
yerga tashlab ketdim, unda qizlarimga, xotinimga sovg‘alar olib kelgan edim, yozda gimnastyorkamni
novvotga ayirboshlab oluvdim. Men turgan yerimda go‘yo biror mo‘‘jizani kutayotgandek uzoq turib
qoldim. Keyin orqamga qayrildim-da, yo‘ldan ketaverdim. Bir zum to‘xtab, ortimga qayrilib qaradim,
tog‘lar sarak-sarak bo‘lib tebranib, butun og‘irliklari bilan ustimga bostirib kelayotgandek bo‘ldi.
Yuragim qinidan chiqayozgandek qichqirib yubordimda, qocha boshladim. Qoch! Bu la’nati joylardan
qoch! Ana shunda dahshatli ovoz bilan ho‘ngrab yig‘lab yuborgan edim.
Qayoqqa va qay tarzda borayotganligimni eslayolmayman, uchinchi kuni stantsiyaga kelib
qolibman. G‘ala-g‘ovur xalq to‘lqini ichida adashgan kishidek daydib yurardim. Nomimni atab bir
ofitser meni chaqirib qoldi. Qarasam — injener Husainov. Harbiy xizmatdan bo‘shab, uyiga
qaytayotgan ekan. Men boshimga tushgan kulfat haqida unga ikki og‘izgina so‘zlab berdim. Endi
qayoqqa bormoqchisan, deb so‘radi u. «O‘zim ham bilmayman», deb javob berdim. Yo‘q, dedi u,
bunday qilish yaramaydi, chidash kerak. Bir o‘zingning sandiroqlab yurishingga yo‘l qo‘ymayman.
Qani, yur, Tyan-Shanga ketdik, yo‘lni qurib tugallash kerak. U yog‘ini yana ko‘rarmiz.
Men bu yerga ana shunday qilib kelib qolganman. Dastlab yo‘lda ko‘priklar qurib yurdim. Vaqt
o‘tib borardi, biror ishning boshini tutish kerak edi. O‘sha kezlarda injener Husainov ministrlikda
ishlayotgandi. U mening oldimga tez-tez kelib turar va har kelganida avvalgi ishimga, uchastka yo‘l
masteri bo‘lib o‘tishga maslahat berardi. Bunga yuragim dov bermasdi. Eslasam, yuragim orqaga tortib
ketardi. Qurilishda yakka o‘zim emasman, ko‘pchilik bilan ishlash oson bo‘ladi. U yoqda-chi, kim
biladi, yolg‘izlikdan yuragim yorilib ketsa kerak. Oradan necha yillar o‘tib ketdi. Biroq men hamon
o‘zimni o‘nglolmas, boshimga tushgan tashvishlarni unutolmasdim. Go‘yo shu bilan hayotim tamom
bo‘lgan-u, bundan bu yog‘iga hech narsadan umidim yo‘kdek edi. Uylanishni xayolimga ham
keltirmasdim. Gulbaram va bolalarimni haddan tashqari sevar edim. Hech kim, hech qachon ularning
o‘rnini bosa olmaydigandek tuyulardi menga. Faqat kun kechirish uchungina va shunchaki uylanish
esa — ish emas. Bundan ko‘ra so‘qqabosh bo‘lib yurgan ma’qulroq.
Nihoyat, uchastkaga master bo‘lib borishga qaror qildim, ishlab ko‘raman, agar yoqmasa, yana
biron yoqqa ketaveraman-da, deb o‘yladim. Menga bu yerda dovonning naq o‘zidagi uchastkani
berishdi. Yomon bo‘lmadi, asta-sekin kirishib, ko‘nikib ketdim. Ehtimol bunga uchastkaning juda
sertashvishliligi sabab bo‘lgandir: dovon-da, har qancha desangiz ham ish topiladi. Ammo bu menga
og‘irlik qilmadi, aksincha, yaxshi bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan qalbimdagi dard-alamlar so‘na boshladi,
ularni asta-sekin unuta bordim. Ba’zi-ba’zida o‘sha mudhish kun tushimga kirib chiqardi: o‘sha yer
yuzidan supurilib ketgan hovli qarshisida toshdek qotib, yelkamdagi safar xaltamning sirg‘alib
oyog‘im ostiga tushib borayotganini sezib turaman. Keyin qayrilardim-da, orqamga qarab qaytib
ketardim. Uyg‘onib ketib qarasam, ko‘zimda g‘ilt-g‘ilt yosh bo‘ladi. Bunday paytlarda sahardayoq
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |