www.ziyouz.com kutubxonasi
62
— Yo‘q. Qarindosh-urug‘larim ovulda, To‘so‘rning narigi yog‘ida.
— E-e, unda siz ana o‘sha tomonga boradigan boshqa mashinaga o‘tirishingiz kerak. Bo‘lmasa
qiynalib qolasiz.
— Men baribir u yoqqa bormayman. Borishimiz ham mumkin emas, — dedi u o‘g‘liga o‘ychan
boqib. — o‘zimiz aybdormiz...
Men uni ota-onasining roziligisiz turmushga chiqqan bo‘lsa kerak, deb o‘zimcha taxmin qilardim.
Keyin bilsam, haqiqatan ham shunday ekan.
U ketishga tayyorlana boshladi, biroq men uni bolasi bilan shamolda turib qolmasin deb bir oz
uyga kirib kutib turishga ko‘ndirdim. Mashinani bir o‘zim to‘xtatsam ham bo‘ladi-ku, axir.
Yuragim ezilib, yo‘lga chiqdim. Ularning ketishini, o‘zimning esa yolg‘iz qolishimni o‘ylasam
negadir yana qayg‘um oshib, xayolim parishon bo‘lardi.
Avval yo‘lovchi mashinalar kelavermadi. Keyinchalik bo‘lsa bittasini ko‘ra turib atayin o‘tkazib
yubordim, qo‘l ko‘tarmadim. Ammo bu qilmishimdan o‘zim cho‘chib ketdim. Nega bunday
qilyapman? Ana shundan boshlab meni dard-alamlarim iztirobga solib qiynay boshladi. Mashinalar
birin-ketin o‘tib borardi, men esa ularning birortasini ham to‘xtatmay, g‘ayriixtiyoriy ravishda vaqtni
cho‘zardim. Endi kelganini to‘xtataman, derdim-u, ammo qo‘lim yana ko‘tarilmasdi. Uyatdan
yuzlarim laxcha cho‘g‘ bo‘lib yonib, terlab ketdim. Bu nima qilganim: birovni aldab, yo‘lidan
qoldiryapman-ku! Qanday haqqim bor bunga? Uyda u menga ishonib umid bilan kutib o‘tiribdi. Yo‘l
bo‘ylab u yokdan-bu yoqqa yura boshladim. O‘zimdan o‘zim cho‘chirdim. Menga bir balo
bo‘layotgandek edi. Qandaydir bahonayu sabablar qidirib topardim. Goh oynasi siniq ekan, kabina
sovuq bo‘ladi, deyman; goh mashina ko‘ngildagidek bo‘lmasdi; goh shofyori yoqmasdi — olatasirchi
ko‘rinardi, ehtimol, ichib ham olgandir. Kabinasi band mashinalar o‘tganda esa xuddi yosh bolalardek
quvonib ketardim. Ishqilib, ular hozir ketmasaydi, yana bir oz, yana besh-o‘n minut uyimda o‘tira
turishsa yaxshi bo‘lardi. «Axir u qayoqqa ham boradi? — deb o‘ylardim men. — O‘zi aytdi, ovulga
borishi mumkin emas. Boshqa joylarda ularning hech kimi yo‘q. Ribache yo‘l ustidagi serqatnov
shaharcha, u yerda har xil odam yashaydi. Bolasi bilan qaerga boradi? Durustroq joy topguncha, qish
paytida o‘g‘lidan ajralib qoladi! Yaxshisi, shu yerda bir oz yashab turishsin, yana u yoq-bu yoqni
o‘ylab ko‘rsin, ehtimol, erinikiga qaytib borar. Yo u xotinini izlab kelib qolar...»
E, sho‘rpeshona, yaxshisi, tentirab yurmasdan uning o‘zini yo‘l yoqasiga boshlab kelib, jo‘nata
qolsam bo‘lmasmidi! Uch soatlar chamasi yer depsab vaqtni bekor o‘tkazdim. O‘zimdan-o‘zim
nafratlandim: nega, nima uchun bunday qilyapman-a? Yo‘q, hozir uni bu yerga boshlab kelaman-da,
o‘zining oldida mashina to‘xtataman. Bo‘lmasa, hech narsa qilolmay turaveraman. Men uyga qaytdim.
U endi eshikdan chiqib kelayotgan ekan, kutaverib toqati toq bo‘libdi. Men uyalib ketdim, xuddi biror
gunoh qilib qo‘ygan yosh boladek unga javdirab qaradim.
— Kutib qoldingiz-a? — deb g‘o‘ldiradim men. — Yo‘lovchi mashinalar uchramadi, to‘g‘rirog‘i,
uchradi-yu, ammo ko‘ngildagidek emas ekan. Kechirasiz, tag‘in yomon xayollarga borib yurmang.
Xudo haqqi, uyga kirib biroz o‘tira turing. O‘tinib so‘rayman!
U taajjublanib, menga ma’yusgina boqdida, indamay uyga qaytib kirib:
— Siz menga achinyapsizmi? — dedi.
— Yo‘q, uning uchun emas. Bilasizmi... Siz uchun tashvishlanyapman. Qiynalib qolasiz. Qanday
qilib kun kechirmoqchisiz?
— Ishlayman. Suyagim mehnatda qotgan.
— Qaerda ishlaysiz?
— Biror yerga joylasharman. Ammo uyga qaytmayman, ovulga ham bormayman. Mehnat qilib
kun kechiraman.
Men indamadim. Hammasi tushunarli edi. U hozir hech narsa haqida o‘ylamasdi, ko‘ziga ham hech
narsa ko‘rinmasdi.
Alam, g‘urur uni noma’lum tomonlarga haydamoqda edi. Ammo «mehnat qilib kun kechiraman»,
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |