www.ziyouz.com
kutubxonasi
19
Viloyat partiya qo‘mitasini birinchi kotibi Rajabov kalovlanib qoldi.
— Endi, o‘rtoq Rashidov... Men obkomga yakinda keldim, — deya manqalandi. — Hali-
hozircha, oblastni yaxshi o‘rganganim yo‘q. Shu sababli, hamma ishni kelgan joyidan
davom ettirib turibman.
— Siz ishni kelgan joyidan davom ettirmang! — ovozini ko‘tardi Sharof Rashidov. —
Bilasizmi, sovet hokimiyati kelgunicha bu yerlar kimga qarashli edi?
— Buxoro amirligiga qarashli edi.
— Ha, Buxoro amirligiga qarashli edi. Buxoro amiri kim edi?
— Amir Olimxon edi.
— Ana shu amir Olimxon... haramidan nari ketmasdi. Deydilarki, qavmi Lutni ishini
ham qilgan fursat topsa. Nima, endi siz ham amir Olimxonni ishlarini... kelgan joyidan
davom ettirmoqchimisiz?
— Men... men...
— Sovet hokimiyati o‘rnatilganiga necha yil bo‘ldi? Javob bering?
— Men... halol kommunistman, Sharof Rashidovich, halol! — deya quti o‘chdi Rajabov.
— Chin kommunist so‘zim. Men ba’zi birovlar yurgan yo‘llaridan yurmayman. Mana,
obkom a’zolari guvoh.
— Men sizni oxirgi amirga tenglashtirmoqchi emasman. Mana, siz farg‘onaliksiz. Bog‘-
rog‘lar vodiysidansiz, qo‘li gul bog‘bonlar yurtidansiz. Shuning uchun ham partiya sizni
mana shu vohalarni bog‘-bo‘stonlarga aylantirsin, deb yubordi. Mana shu el-yurtni obod
qilsin, deb yubordi. KPSS Markaziy Komitetining cho‘llarni bog‘-bo‘stonga aylantirish
haqidagi qaroriga necha yil bo‘ldi? Javob bering?
— Vinovat, Sharof Rashidovich, vinovat. Men... tushunmabman.
— Ishni kelgan joyidan davom ettiryapman emish. Qanaqa ishni? Amirlarga o‘xshab,
cho‘llarni cho‘lligicha qoldirish, dashtlarni dashtligicha qoldirish ishinimi? Xonlarga
o‘xshab, faqat o‘z nafsini qondirish, o‘z qornini to‘ydirish ishinimi?
Sharof Rashidov nega yo‘lini cho‘lga burdi? Nega cho‘l o‘rtasida to‘xtadi? Nega
dabdurustdan bunday gap boshladi?
Rajabov bu burilish tasodif emasligini endi bildi. Bu gaplar oldindan o‘ylab qo‘yilganini
endi bildi.
Bildi-yu... O’zbekistonni barcha kattalariga xos bahonani qo‘lladi. O’zbekistonni barcha
katta zoti dastak etib olmish bahonani qo‘lladi:
— Suv yo‘q, Sharof Rashidovich, suv yo‘q! — dedi.
Rajabov O’zbekiston kattalarini qo‘llab-quvvatlab kelmish suv bahonasini aytdi-yu...
balolarga qoldi!
— Suv? Anavi suv bo‘lmay, nima?!
Sharof Rashidov shahodat barmog‘ini Amudaryoga nish etdi.
— Anavi suv bo‘lmay, nima? Ko‘z bormi?!
Rajabov mung‘ayib-mung‘ayib qoldi. Rajabov boshini yelkalari ichiga oldi.
— Suv, to‘g‘ri, suv... — deya ming‘-ming‘ etdi. — Lekin Orol... chekinyapti.
— Nima-nima?
— Amudaryo suvi to‘laligicha yetib borolmayotganligi uchun Orol dengizi quriyapti.
— Orol dengizi? Endi, shu bahonani topdingizmi? Orol siz bilan bizdan oldin ham bor
edi, siz bilan bizdan keyin ham bo‘ladi! Suvi kamayadi, ammo qurimaydi. Suvi kamaysa,
siz bilan biz aybdor bo‘lmaymiz. Amudaryo bilan Sirdaryo ham aybdor bo‘lmaydi. Chunki
Orol hamma tarafdan yopiq bir... ko‘l. Dengiz okeanga chiqishi kerak. Orol esa, okeanga
chiqmaydi. Demak, Orol — ko‘l. Okean bilan tutashmaydigan, okean suvi tushib
turmaydigan har qanday suv — qurish xavfi ostida bo‘ladi. O’nta Amudaryoni olib borib
quysalar ham suvi kamayib boraveradi. Orol ham shunday. Siz, cho‘l-biyobonda hayot
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |