www.ziyouz.com kutubxonasi
288
Yana telefon jiringladi. Ular Keyj xonim kimni chorlar ekan deb bir muddat jim o‘tirdilar.
— Yana sizni so‘rashyapti, janob Palmer.
— Vudi. — Odatda qattiq jaranglaydigan Berkxardtning ovozi bu gal o‘ta ehtiyotkorona eshitildi.
Lekin Palmer uyqusirashmi yo yana boshqa biror narsa alomatimi — aniqlay olmadi. — Yig‘ilish
paytigacha uchrashishimiz kerak.
— Soat to‘qqiz yarimda kabinetingizda ko‘rishsak bo‘ladimi?
— Yo‘q. U yerga ba’zi direktorlar valaqlashish uchun kirib qolishi mumkin. Soat to‘qqizda xonangda
uchrashsak-chi? Keyin seni ishbilarmonlar dahasidagi yig‘ilishga eltib qo‘yaman? Yo‘lda gaplashib
olamiz.
Palmer bu taklif xususida o‘ylab ko‘rdi va direktorlardan birortasi ham Berkxardt bilan yaqin
aloqadaligimni bilishi kerak emas, degan qarorga keldi.
— Bo‘lmaydi, — nihoyat javob berdi u. — Men u yerga borolmayman. Ayrim ishlarimni tugatishim
kerak, — yolg‘on gapirdi u. — Keyin to‘g‘ri yig‘ilishga jo‘nayman.
— Unda, jin ursin, kel, hozir gaplashamiz, — taklif qildi Berkxardt.
— Hozir nonushta qilyapman. Keyinroq qo‘ng‘iroqlashsak bo‘ladimi?
— 15 daqiqadan keyin men ketaman.
Berkxardt anchagina jim qoldi, chamasi, qopqonga tushib qolayotganini anglagan edi.
— Ha, mayli, — deb u go‘shakni qo‘ydi.
— Palmer soatiga qaradi. 8.20. U o‘rnidan turdi.
— Hozir kelaman. — U kabinetiga o‘tib, yozuvli qog‘ozlarni titkiladi, keraklisini topib, telefon
raqamini terdi.
— Eshitaman? — keksa odamning horg‘in past ovozi eshitildi.
— Janob Lumis? Men Vuds Palmerman.
— Bir daqiqa. Hozir qarayman, janob Lumis uydamikin.
Palmer yozuv stoli orqasidagi oromkursiga o‘tirdi va yarimlab qolgan sigaret qutisiga qo‘lini cho‘zdi.
Bu yoqqa qo‘ng‘iroq qilish haqidagi fikr xayoliga yarim tunda, qandaydir noxush tush ko‘rganidan
keyin kelgandi. Bu g‘oya uni shunchalik o‘ziga rom qilib oldiki, u o‘rnidan turib, bir parcha qog‘ozga
mulohazalarini yozib qo‘ydi, ertalab turgandan keyin ham dastlab shu haqida o‘ylagan edi.
U hozir tunda uyg‘onib ketgan vaqtdagidek o‘ylagan rejalaridan hayajonga tushmayotgan bo‘lsa-
da, Lumis bilan gaplashish uchun har qanday usulni qo‘llashga tayyor edi. Eng asosiysi, undan biron
narsa so‘rashdan naf yo‘q, faqat taklif bilan murojaat qilish lozim. Shunda ham, o‘z xulosasini yig‘ilish
tugashiga sanoqli daqiqalar qolgandagina bildirib, Lumisga o‘ylab ko‘rish uchun unga vaqt
qoldirmagan ma’qul.
— Xayrli tong, janob Palmer, — eshitildi yana bir qariyaning ovozi, ammo u ancha bardam
gapirardi.
— Telefonga kelganingiz uchun minnatdorman, janob Lumis, — gap boshladi Palmer. — Siz uchun,
menimcha, foydali bir g‘oya chiqib qoldi.
— G’oyat ajoyib taklif! — Lumisning ovozi kinoyadan ingichkalashib ketgandek bo‘ldi. — Biroq
avval ayting-chi, bugun ertalab aktsiyadorlar yig‘ilishida sizni ko‘ra olamanmi?
— Ko‘rasiz.
— Va nihoyat, g‘oyangizni eshitishimdan oldin ayting-chi, u menga qanchaga tushadi?
Palmer iloji boricha xotirjam gapirishga urinib, kulib qo‘ydi.
— G’oya juda sodda. General Xeygen bilan gaplashib ko‘rsangiz bo‘lmaydimi?
— Nima haqida?
— Qo‘shilish haqida.
Simning narigi tomonida jimlik cho‘kdi. Keyin:
— Siz buni Eddi Xeygen bilan muhokama qildingizmi?
— Yo‘q.
— Siz shunchaki, qalb amri bilan menga o‘z g‘oyangizni bildiryapsizmi? — yana maydalashtirdi
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |