Klapanlari yuqorida joylashgan gaz taqsimlash mexanizmi (20b- rasm) o‘zining afzalliklari tufayli, konstruksiyasining birmuncha murakkabligidan qat’i nazar (klapanlari pastda joylashganga nisbatan) deyarli barcha zamonaviy avtomobil dvigatellarida qo‘llaniladi. Bunda yonish kamerasi ixcham, siqish darajasi va silindrni yonuvchi aralashma bilan to‘ldirish koeffitsiyenti nisbatan yuqori bo‘ladi. Bu omillar avtomobil dvigatelining quvvati va yonilg‘i tejamkorligini birmuncha oshiradi. Bunday gaz taqsimlash mexanizmi quyidagi detallardan tashkil topgan:
Taqsimlash vali bilan uning tishli g‘ildiragi, koromislolar 11 bilan uning o‘qi 12, klapanlar 5, mahkamlovchi detallari bilan birga klapan prujinalari va yo‘naltiruvchi vtulkalaridan tuzilgan.
Bu mexanizm quyidagicha ishlaydi: taqsimlash vali aylanganda uning mushtchasi turtkichga tiralib, uni shtanga 14 bilan birgalikda yuqoriga ko‘taradi. Harakat shtanga orqali, koromisloning 11 ketingi uchiga burab kiritilgan boltga 4 o‘tadi va koromislo o‘z o‘qida buriladi. Burilishi natijasida ikki yelkali koromisloning bir uchi klapan 5 sterjeniga tiralib uni pastga suradi, klapan prujinasi siqiladi, natijada klapan o‘z o‘rindig‘idan siljiydi va yangi zarad (yonuvchi aralashma yoki havo) keladigan yoki ishlatilgan gazlar chiqib ketadigan kanal ochiladi. Klapan to‘la ochilgan payt turtkichning tubi mushtchaning eng yuqorigi qismida turgan holatiga to‘g‘ri keladi. Taqsimlash vali burilgan sari turtkich mushtchaning 2 do‘ng qismidan o‘tadi va shtanga bilan birgalikda pastga siljiydi. Klapan esa prujina ta’sirida yuqoriga surilib avvalgi vaziyatini egallaydi, ya’ni uning kallagi o‘z o‘rindig‘iga jips o‘rnashadi. Klapanlari yuqorida joylashgan mexanizmda taqsimlash valining, o‘rnatilish joyiga qarab ular silindrlar blokida joylashgan yoki silindrlar bloki kallagida joylashgan bo‘lishi mumkin. Klapanlari va gaz taqsimlash valining dvigatelda turlicha joylashtirish usullarining sxemalari 21-rasmda ko‘rsatilgan.
21-rasm. Gaz tasimlash mexanizmi detallarning joylashtirish
usullariga oid sxemalar:
a-klapanlari va taqsimlash vali pastda-silindrlar blokida joylashgan; b-klapanlari
yuqorida-silindrlar blokining kallagida, taqsimlash vali pastda-silindrlar blokida
joylashgan; v va g - klapanlari va taqsimlash vali yuqorida - silindrlar blokining
kallagida joylashgan; 1-taqsimlash valining mushtchasi; 2-turtkich; 3-rostlash bolti;
4-klapan; 5-prujina; 6-kiritish kanali; 7 va 8 -tishli g‘ildiraklar; 9-shtanga;
10-koromislo; 11-koromislo o‘qi; 12-taqsimlash valining yuritmasi; 13-tishli shkiv
yoki zanjir; 14-rostlovchi shayba.
Klapanlar yuqori harorat sharoitida ishlaydi. Qizigan dvigatelda klapanning o‘z o‘rindig‘iga jips o‘rnashishi ishonchli bo‘lishi uchun klapan sterjeni bilan koromislo 10 (20 b, v-rasm) yoki turtkich 2 (21a- rasm) oralig'ida katta bo'lmagan (A=0,15.. ..0,30 mm) tirqish nazarda tutilishi lozim. Chunki klapanlarning qizishi natijasida ularning sterjeni uzayadi. Shunda, agar tirqish bo‘lmasa, klapanning qizigan sterjeni koromisloga tiralib qolib yuqoriga emas pastga, kallagi tomon uzayadi. Natijada klapanning kallagi o‘z o‘rindig‘iga jips o‘rnashmasdan dvigatel ish jarayonining normal o‘tishini buzilishiga olib keladi. Ya’ni, ayniqsa ish yo‘li taktida yuqori harorat va bosimga ega gazlar to‘liqligicha porshenga ta’sir etmasdan qisman ochiq qolgan klapan orqali tashqariga chiqa boshlaydi. Buning oqibatida klapanning ishchi yuzasi kuyadi, dvigatel quvvati pasayadi. Tirqish me’yoridan katta bo‘lsa klapanning ochiqlik davrining qisqarishi hisobiga bunda ham dvigatelning quvvati pasayadi, uning ishlashida o‘ziga xos shovqin (taqillash) kuzatiladi. «Issiqliq» deb nomlangan bu tirqishni rostlash uchun taqsimlash mexanizmi yuritmasida rostlovchi bolt va qotiruvchi gayka o‘rnatilgan.
Ayrim zamonaviy avtomobil dvigatellari gaz taqsimlash mexa- nizmining yuritmasida «gidrokompensator» deb nomlangan tuzilma qo‘llash bilan klapanlar tirqishsiz o‘rnatilgan. Bunday konstruksiyani qo‘llash gaz taqsimlash mexanizmining shovqinsiz ishlashini ta’minlaydi. Shuningdek, texnik qarovda tirqishni rostlash bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar qisqaradi. Gidrokompensatorni yuritmada joylashtirish usullari turlicha bo‘lishi mumkin.
Neksiya avtomobilining S2 rusumli dvigatelida gidrokompensator turtkich ichida joylashtirilgan bo‘lib, u dvigatelning moylash tizimi bilan bog‘langan (22- rasm).
22-rasm. Neksiya avtomobili S2 rusumli dvigatelining gaz taqsimlash
mexanizmida gidrokompensatorning joylashtirish sxemasi:
1-taqsimlash valining mushtchasi; 2-gidrokompensator; 3-moy kanali; 4-klapan.
Do'stlaringiz bilan baham: |