Odatlanilgan vazifa va virdlarni bajarmasdan uxlab qolgan kishi haqida
277/8. Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim kechasidagi vazifalarini yoki ulardan birortasini bajarmasdan uxlab qolsa, so’ng
ularni bomdod namozi bilan peshin orasida o’qib olsa, go’yo kechasi o’qigandek bo’ladi»,
dedilar. Imom Muslim rivoyatlari
Fasl: Qur’onni mahkam tutish va uni unutishdan ehtiyot bo’lish to’g’risida
278/9. Abu Muso Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «Qur’onni yodlagandan keyin mahkam tutinglar. Muhammadning nafsi qo’lida
bo’lgan Zotga qasamki, Qur’on arqoni yechilgan tuyaning qochganidan ham qattiqroq
qochadi», dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyatlari
279/10. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qur’on sohibi (ya’ni, uni yod olgan kishi) bog’lab qo’yilgan tuyaga o’xshaydi. Agar uni
mahkam tutsang, o’rnida turadi. Agar bo’sh qo’ysang, ketib qoladi», dedilar. Buxoriy va
Muslim rivoyatlari
280/11. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga
ummatimning savoblari ko’rsatildi. Bularning ichida kishi masjiddan chiqarib tashlagan
axlatlar (uchun olgan savobi) ham bor edi. Yana menga ummatimning gunohlari
ko’rsatildi. Bir kishiga Qur’ondan biror sura yoki oyat berilganidan so’ng, uni unutib
yuborganidan kattaroq gunohni ko’rmadim», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari
281/12. Sa’d ibn Ubodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Qur’onni o’qib, so’ng uni unutib yuborsa, qiyomat kuni Alloh taologa qo’li kesik
holda yo’liqadi», dedilar. Abu Dovud va Doramiy rivoyatlari
Fasl: Qur’on o’quvchi kishi undagi odoblarga ahamiyat berishi lozim. Avvalo, qiroatida
ixlosli bo’lish va u bilan Allohning roziligini talab qilish, boshqa narsani maqsad qilmaslik,
Qur’on xulqi bilan xulqlanish, zehnni bir joyga qo’yib, undagi ma’nolarni tadabbur qilish
talab etiladi. Qur’on tilovat qilayotganda Allohga murojaat qilayotganini va Uni ko’rib
turgan kishidek his qilishi, agar Uni ko’rmayotgan bo’lsa, Alloh uni ko’rib turganini
zehniga joylashi lozim.
Fasl: Qur’on tilovat qilishni hohlagan kishi og’zini misvok va shunga o’xshash narsalar
bilan tozalashi lozim bo’ladi. Misvok arok daraxti shoxidan bo’lishi yaxshiroq. Agar u
topilmasa, boshqa narsalar bilan tozalashining zarari yo’qdir. Misvok iste’mol
qilinayotganda og’izni o’ng tomonidan boshlash va sunnatni bajarayotganini niyat qilish
kerak. Misvok iste’mol qilinayotib: «Allohumma barik liy fiyhi ya arhamar rohimiyn»
Ya’ni: «Ey rahm qiluvchilarning Rahmlisi bo’lgan Allohim, unda men uchun baraka
qilgin», deb aytadi.
Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |