Metall va qotishmalarga termik va kimyoviy-termik ishlov berish
Qotishmani qizdirish va sovitish natijasida uning ichki tuzilishini va, demak, fizikaviy, mexanik va boshqa xossalarini o`zgartirish termik ishlash deb ataladi.
Po`latni termik ishlash asoslarini D.K.Chernov yaratgan edi. D.K.Chernov kritik nuqtalarni kashf etdi va qizdirish xamda sovitish yo`li bilan po`latning strukturasini(ichki tuzilishini) o`zgartirish mumkinligini ko`rsatdi.
Qotishmalarni termik ishlash to`g`risidagi fanni rivojlantirishda Vatanimiz olimlarining xizmati ayniqsa kattadir. XX asrning boshlaridan qilingan ishlar natijasida termik ishlash nazariyasi anchagina rivojlandi. Vatanimiz olimlaridan A.A.Bochvar, N. A.Minkevich, S.S.Shteynberg, N.YA.Selyakov, N.T.Gudtsov, G.V.Kurdyumov, A.P.Gulyayev va boshqalarning, chet el olimlaridan R.Mel, E.Beyn, G.Ganneman, F.Vefer, G.Esser va boshqalarning ishlari ana shunday ishlar jumlasidandir.
Qotishmalarni termik ishlashning axamiyati g`oyat katta, chunki termik ishlash yo`li bilan ularning xossalarini juda keng chegarada o`zgartirish mumkin.
Qotishmalarni termik ishlashdan ko`zda tutiladigan maqsad ularning tuzilishini (strukturasini) o`zgartirish yo`li bilan mexanik xossalarini zarur tomonga qarab o`zgartirishdan iborat.
Termik ishlash operatsiyalarining shu operatsiyalar davom etadigan vaqt va temperaturalar oralig`i ko`rsatilgan tartibi termik ishlash rejimi deyiladi. Qotishmalarni termik ishlashda asosiy omillar temperatura bilan vaqtdir. Shu sababli har qanday termik ishlash rejimini to`g`ri burchakli koordinatalar sistemasida grafik tarzda ifodalash mumkin. Buning uchun ordinatalar o`qiga temperatura, abtsissalar o`qiga esa vaqt qo`yiladi. Bunday grafik (-rasmda tasvirlangan.
Termik ishlash rejimi qotishmaning qizdirilish vaqti Tqni, vaqt birligida necha gradus qizdirilishi, ya'ni qizdirilish tezligi vq ni, qizdirilish temperaturasi tmax, ya'ni qotishma qizdirilgan eng yuqori (maksimal) temperaturani, shu temperaturada tutib turilish vaqti Tt ni va sovitilish vaqti Ts ni, vaqt birligida necha gradus sovitilishi, ya'ni sovitilish tezligi vs ni ifodalaydi.
Qotishmaning qizdirilishi yoki sovitilish tezligi o`zgaruvchan bo`lishi ham mumkin. Agar qotishmaning qizdirilish yoki sovitilish tezligi o`zgarmas bo`lsa, bu hol temperatura-vaqt grafigida vaqtlar o`qiga qiyalik burchagi muayyan bo`lgan to`g`ri chiziq bilan ifodalanadi.
Qizdirilish yoki sovitish tezligi o`zgaruvchan bo`lsa, haqiqiy tezlik temperaturaning vaqt bo`yicha olingan birinchi hosilasiga, ya'ni temperaturaning cheksiz kichik o`zgarishi orasidagi nisbatga teng bo`ladi. Grafik tarzda esa qizdirish yoki sovitishning haqiqiy tezligi qizdirish yoki sovitish egri chizig`iga berilgan(masalan, tC) temperaturada o`tkazilgan urinma bilan vaqt o`qi orasidagi burchakning tangensiga teng bo`ladi.
Termik ishlash rejimi murakkab bo`lishi, ya'ni u juda ko`p qizdirishlar, uzlukli va bosqichli qizdirishlar (sovitishlar), manfiy temperaturagacha sovitish va boshqalardan iborat bo`lishi mumkin. Bunday termik ishlashni ham temperatura-vaqt koordinatalarida grafik tarzida ifodalasa bo`ladi.
Binobarin, temperatura-vaqt koordinatalarida termik ishlashning har qanday protsessi ifodalanishi mumkin ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |