Metafora va so‘z yasalishi
O’zbek tilshunosligida metaforaga so’z yasashning bir usuli sifatida qarash ham mavjud. Masalan, S.Usmonov nima uchundir metaforani ekstralingvistik hodisa, deb ataydi va leksik- semantik usulda so’z yasash ko’rinishlaridan biri sifatida ko’rsatadi 1.
So’z yasalishining metafora bilan bog’liq tomoni borligini belgilovchi asosiy omil shundaki, har ikkala hodisa ham bir narsani nomlashni nazarda tutadi. Biz bitiruv malakaviy ishimiz avvalida obyektimizga sinxronik nuqtai nazardan yondoshish tamoyiliga amal qilishimizni aytib o’tgan edik. Shuning uchun tarixan so’z yasalishida metaforaning o’rni qandayligi masalasini ochiq qoldiramiz. Hozirgi o’zbek tili nuqtai nazaridan so’z yasalishi va metaforaning munosabati qanday? Aftidan, bu ikki hodisaning yaqqol kesishuv sohasi semantik (lug’aviy) deb ataluvchi so’z yasalishi turidadir. ―So’z ma‘nosining o’zgarishi asosida so’z hosil qilish semantik usul bilan so’z yasash‖ deyiladi2. Ya‘ni shaklda hech qanday o’zgarish yuzaga kelmaydi. Masalan, yupqa (sifat); yupqa (ot); to’garak (sifat); to’garak (ot). Bu nomlarning kelib chiqishi metaforik asosda bo’lganligi ko’rinib turibdi: Yupqa-yupqa qilib (hamirdan yoyilgan) hamirdan tayyorlanadi, to’garak – doira olib o’tiluvchi kishilar yig’indisi, ya‘ni o’xshash motiv va semalar mavjudligini aniqlash qiyin kechmaydi. Shuning o’zi hozirgi ikki (omonim) so’zning kelib chqishi metaforaga borib taqalishini ko’rsatadi. Bu holat metaforik qo’llangan so’zni, balki semantik usul bilan so’z yasalish deb hisoblash lozimdir, degan savol tug’dirishi mumkindir. So’z yasalishining lisoniy va nutqiy bo’la olishi masalasi qo’yila boshlaganidan keyin, ayniqsa, bu savol dolzarb bo’lishi turgan gap. Chunki bir martalik va nomuntazam metaforalar ham har holda nomlashni nazarda tutadi va, balki, ularni nutqiy so’z yasalishi deb hisoblash mumkindir. Bu savolga javob berish uchun biz so’z semantik tarkibi tahliliga murojaat qilamiz. Zero, so’z yasalishi ham, metafora ham so’z semantikasining faoliyati natijasidir. So’zni har qancha shaklan o’zgartirmang, ma‘no o’zgarmasa, u o’z mohiyatini saqlaydi. Semantik usul bilan yasalgan so’zning semantik strukturasini qiyoslab ko’raylik:
To’garak (sifat) tub so’z. Quyidagi semalarga ajraladi:
belgi; b) shaklga oid; v) dumaloq.
To’garak (ot) yasama so’z quyidagi semalarga ajraladi:
narsa; b) kishilar yig’indisi; v) havaskorlikka, qo’shimcha faoliyatga oid.
Ko’rinadiki, har ikki semem struktura tarkibi bir biridan tubdan farq qiladi. Metaforik qo’llangan so’z semem tarkibini nometaforik qo’llash holati bilan qiyoslaylik.
Masalan, ko’z so’zi quyidagi semalarga ajraladi:
a) mucha; b) qobiqda joylashgan;
v) dumaloq; g) ko’ruvchi (tashqi dunyo bilan aloqada).
―Uzuk ko’zi g’oyat ajoyib edi‖ gapidagi ―ko’z‖ so’zi ham xuddi shunday semalarga ajraladi:
a) mucha, b) qobiqda joylashgan;
v) dumaloq.
Uzuk so’zi bilan bog’lanish unda 3-semani kuchaytirib, qolganlarini esa xiralashtiradi. Mana shu bog’lanish bo’lmasa, ko’z – o’zining to’liq semalarini bir xil darajada saqlab turaveradi. Demak, so’z yasalishidan farqli o’laroq, metafora so’z semantik strukturasiga ta‘sir qilmas ekan.
So’z yasalishi faqat tilga xos, metafora ham lisoniy, ham nutqiy hodisa bo’lib, ma‘lum bir matniy qurshovda amal qiladi va alohida qo’llanish imkoniyatiga ega emas. Yasama so’z esa aksincha yakka holda nomlanganda, qo’llanganda ham ma‘no anglataveradi. Metafora uchun ma‘lum bir matniy qurshov, ya‘ni kontekst talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |