MENING QISHLOG`IM TARIXI
Namangan Davlat Universiteti, Tarix yo`nalishi talabasi
Akramjonov Maqsudbek
Annotatsiya: Ushbu maqolada bugungi kunda Namangan viloyati Uychi tumanida joylashgan Xizrobod qishlog`ining joylashuvi, etimologiyasi va etnografiyasi, uning mustamlaka va mustaqillik davri tarixi, xo`jaligi va aholisi haqida ma’lumot beriladi.
Kalit so`zlar: Xizrobod, Qizilravot, Norin daryosi, Yangi Ariq kanali, Shimoliy Farg`ona kanali, Omon Polvon, Toshmozorbuva, Mamadjon Rasulov
Moziy – ajdodlar zamoni, bugunning barhayot volidasi. O`zining shavkatli tarixi bilan faxrlanmoq ko`hna dunyoning ayanchli xalqlariga nasib etmagan. Jumladan, bizning buyuk xalqimiz vakillariga ham. Vatan ostonadan boshlanadi. Shunday ekan biz bo`lajak tarixchilar sifatida o`z faoliyatimizni avvalo, o`zimizning ostonamiz – jonajon mahallamiz, qishlog`imizdan boshlasak maqsadga muvofiq bo`lar edi. Bundan tashqari bizning ushbu ishimiz qishlog`imiz rivojiga qo`shgan tarixchi sifatidagi hissamiz bo`ladi. Zero, O`z tarixini bilmagan xalqning – kelajagi yo`q!
Qishlog`imiz bo`lmish Xizrobod bugungi kunda Uychi tumaning sharqiy qismida, tuman markazidan 12 km uzoqlikda joylashgan bo`lib, shimoldan Shimoliy Farg`ona kanali, shimoli-sharqiy tomondan Qirg`iziston respublikasi, janubdan Norin daryosi bilan chegaradosh.
O`ziga xos urf-odat va madaniyatga ega bo`lgan Xizrobod qishlog`ining kelib chiqishi XVIII asrlardan boshlanadi. Bu davrda Norin daryosining shimolida – adirliklarning etaklarida joylashgan yerlarga Qipchoq urug`iga mansub bo`lgan ayrim oilalar ko`chib kela boshlagan. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, qishloqning dehqonlari dehqonchilik uchun Chortoqdan kichik ariqlar qazib, buloq suvlarini olib kelishgan. Aholining asosiy mashg`uloti dehqonchilik bo`lganidan, suv inshootlari qurilishiga jiddiy e’tibor berilgan. 1820-yilda Norin daryosidan suv olish maqsadida qishlog`imizning shimoliy qismidan Yangi Ariq kanali qazib o`tkaziladi. Dastlab, bir necha boylar (yirik yer egalari) ushbu yerlarga egalik qilishgan. Ular o`z yerlarini dehqonlarga ijaraga berishgan. Natijada, xonlikning turli hududlaridan dehqonlar ko`chib kelib, o`rnasha boshlaydilar. Shu tariqa, qishloq hududi kengayib, aholi soni oshib boradi. U turli davrlarda “Qizilravot”, “Qiziravot” va “Xizrobod” nomlari bilan atalgan. Ushbu nomlarning qanday kelib chiqqani haqida turi hildagi rivoyatlar mavjud bo`lib, ulardan ikkitasi xalqimiz orasida keng tarqalgan.
Birinchi rivoyatga ko`ra, qishloqning shimolida qadimgi davrlarda rabot (karvonsaroy) mavjud bo`lgan bo`lib, u Buyuk Ipak Yo`lining kichik tarmoqlaridan birida joylashgan edi. Savdogarlar yo`lning bo`yidagi ushbu rabotda hordiq chiqarib, yo`llarida davom etishgan. U yerda yoshi ulug` mo`ysafit kishi va uning qiz nabirasi ularga xizmat ko`rsatgan. Bu holat ko`pchilikni hayron qoldirgan, sababi u davrlarda ayollar bunday ishlarda ishlamaganlar. Vaqtlar o`tib ushbu hudud xalq orasida “qizning raboti” nomi bilan atala boshlanadi. Shu tariqa “Qiziravot” nomi qishlog`imiz nomiga aylangan[1].
Ikkinchi rivoyatga ko`ra, qishloqning shimolidagi bo`sh yotgan yerlarni o`zlashtirish maqsadida odamlar Yangi Ariq Kanalini qazib chiqarishga kirishadilar. Shu maqsadda bir necha bor turli hududlardan kanal qazishadi. Lekin, qancha harakat qilinmasin kanalda suv yurmaydi. Bir kuni qishloqning yoshi ulug` oqsoqollaridan birining tushiga Xizr buva kirib, qazish ishlari “burgan” o`simligining yo`nalishiga qarab qazilishi kerakligini aytadi. Tongda oqsoqol burganlarni bir xil yo`nalishda turganiga guvoh bo`ladi. Natijada, odamlar shu yo`nalish bo`ylab kanal qazishadi va suv bu yerdan yura boshlaydi. Shu tariqa, obod bo`lgan hududlar “Xizr Buva nazar solib, obod qilgan joy” ya`ni “Xizrobod” deb atala boshlandi.
Qishlog`imiz dastlab Qo`qon xonligi, xonlik tugatilganidan so`ng esa Turkiston general-gubernatorligining Farg’ona viloyati, Namangan uyezdi tarkibiga kirgan. Hokimiyat 1917-yilda bolsheviklar qo`liga o`tgach, qishloq hayotida ham o`zgarishlar yuz bera boshladi. 1928-yilda qishlog`imizda ham sho`ro maktabi ochildi. Ushbu maktabda dastlab 60 ta o`quvchi o`qigan, ularga 2 nafar o`qituvchi dars bergan. 1935-yilga kelib ushbu maktabda 130 nafar o`quvchi va 7 o`qituvchi mavjud edi. O`quvchilar soni 1950-yilda 350 tani, 1975-yilda 640 tani, 1991-yilda 1157 tani, bugungi kunda esa 1500 tani tashkil etadi.
1930-1939-yillardagi kolxozlashtirish siyosati natijasida qishlog`imiz hududida “Komunizm”, “Voroshilov”, “Oxunboboyev”, “Kalilin” kabi jamoa xo`jaliklari va Toshkent yer-suv institutining tashabbusi bilan tajriba tariqasida paxtachilikka ixtisoslashgan “Qizilravot” sovhozi tashkil etiladi[2]. 1970-yillarda ushbu sovhozda yangi paxta navi kashf etilib, unga “Qizil-Rovot” nomi berilgan. Ushbu paxta naviga nisbatan o`sha vaqtda “bu paxta tolasini tortsang – tog`ga yetadi” degan ibora ishlatishgan ekan.
Afsuski, 1937-1938-yillardagi qatag`onlik siyosati ham qishlog`imiz ma’rifatparvarlarini chetlab o`tmadi. Ma’rifatparvarlardan Abdulla Oxun, Yunus Oxunlar qatag`onlik siyosati qurboniga aylandi.
1939-yilda bunyod etilgan Shimoliy Farg`ona kanali, shuningdek 1976-yilda qurib bitkazilgan Katta Namangan kanali Xizrobod qishlog`i hududidan o`tgan. Shimoliy Farg`ona kanali va Katta Namangan kanallarining qishlog`imiz hududidan oqib o`tishi natijasida qishlog`imiz shimolidagi juda katta adirliklar o`zlashtirildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida qishlog`imiz mehnatkashlari jang maydonlarida va front ortida g`alaba uchun munosib hissa qo`shadilar. Shu yillarda qishlog`imiz yaqinida paxtani qayta ishlash zavodi bunyod etiladi. Shu zavod yordamida, paxtali kiyim boshlar, shuningdek turli-hil meva va sabzavotlar, donli ekinlar qishloq aholisi tomonidan frontga jo`natiladi. Front ortida yuzlab hamqishloqlarimiz mehnat qildilar. Bevosita jang maydonlarida ham qishlog`imiz jangchilari ko`plab jasoratlar ko`rsatdilar. Jumladan, Tursunboy Ro`ziboyev – 1940-yilda armiya safiga chaqirilib, fashistlar bosqini natijasida 113-otliq diviziya tarkibida bevosita janglarda ishtirok etdi. Katta leytenant T.Ro`ziboyev 1946-yil urushdan qaytib keladi. 1960-yil O`zbekiston SSR Markaziy qo`mitasi bo`lim mudiri bo`lib ishlaydi, keyinroq bir necha yil davomida Oliy kengashda deputat sifatida faoliyat yuritadi. Vatanparvar Tursunboy Ro`ziboyev urushdagi jasoratlari uchun “Qizil Yulduz”, 1- va 2-darajali “Vatan Urushi”, “Xurmat belgisi”, “Jangovor Xizmatlari uchun”, “Jasurligi uchun” kabi 10 dan ortiq ordenlar bilan mukofotlanadi[3].
O`rmonjon O`rolov – ikkinchi jahon urushiga uychiliklardan tuzilgan 102-otliq diviziya tarkibida kiradi. 1942-yildan boshlab to urush oxiriga qadar bir nechta polkda to`pchilar komandiri lavozimida faoliyat yuritgan. Urushdan qaytgach, 5-maktabda bir necha yilllik tanaffuslar bilan direktor lavozimida ishlagan[4].
Urushdan so`ng, 1950-1960-yillarga kelib Xizrobod qishlog`i rivojlanish yo`liga kirdi. Jumladan, qishloq markazida mahalla radiosi, telefon aloqa markazi bunyod etildi. Ko`paysin aya boshchiligida ilk bolalar bog`chasi ochildi. Davlat uylari qurila boshlandi. 100 o`rinli kolxoz madaniyat markazi qurib bitkazildi. Ushbu madaniyat markazi qoshida Boltaboyev Irisboy boshchiligida “Lola” ansambili tashkil etilgan. Unda Aliboyev Yoqubjon (doirachi), Abdullayeva Tojixon (yallachi), Abdug`affor ota (surnaychi), Mo`minjon ota va Abubakr ota (rubobchilar) kabilar faoliyat olib borganlar. Qishlog`imizning mehnat faxriylaridan biri Siddiqova Muborak ayaning ma`lumotlariga ko`ra, ushbu davrda qishlog`imiz aholisi ko`p millatli bo`lib, hududimizda 3 ta kavkazlik, 2 ta ufa tatar, 3 qirim tatar, 3 ta rus oilasi, shuningdek o`ndan ortiq qo`shni millat vakillarining oilalari istiqomat qilgan.
5-maktab, qolaversa qishlog`imiz tarixida fidokor o`qituvchi Mamadjon Rasulov alohida ahamiyatga ega bo`lgan insondir. M. Rasulov qisqa tanaffuslar bilan 1939-1964-yillarda 5-maktab direktori lavozimida faoliyat ko`rsatgan. Fidokorona xizmatlari uchun M. Rasulov 1949-yilda “O`zbekiston SSR xalq ta`limi a’lochisi”, 1958-yilda esa “O`zbekiston SSR da xizmat ko`rsatgan o`qituvchi” unvonlariga ega bo`lgan. Maktabimizda bir nechta xalqimiz rivoji uchun munosib hissa qo`shgan tadqiqotchi-olimlar va o`z kasbining ustalari: harbiy polkovnik, meditsina fanlari doktori professor Toshpoʻlat Jo`rayev, iqtisod fanlari doktori professor Ahmadjon Soliyev, meditsina fanlari nomzodi Abdulvohid G`offorov, Tarix fanlari nomzodi Abdurashid Mirzaxmedov, iqtisod fanlari nomzodi Olimjon Oxunov, iqtisod fanlari nomzodi Shuhratjon Otaxonov, Namangan agrosanoat birlashmasi raisi Abdufatto Egamberdiyev, bir nechta jamoa xo`jaliklarining raisi sifatida faoliyat yuritgan Nuriddin Otaxonov va boshqalar tahsil olishgan.
Qishloq aholisi xo`jaligida qadimdan dehqonchilik va chorvachilik ustun bo`lib kelgan. Paxta, donli va dukkakli ekinlar, turli meva va sabzavotlar (jumladan pomidor) bugungi kunda ham keng miqiyosda yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qo`y, echki va yilqilar boqiladi. Savdo-sotiq bilan hudud aholisi qadimdan shug`ullanib keladi. Qishlog`imizning janubiy hududlaridan XVIII asr va XIX asr boshlarida O`rta Osiyoni Qashqar bilan bog`lovchi “Qashqar” savdo yo`li o`tgan. Qadimda ushbu hududda karvonsaroy mavjud bo`lgani savdo-sotiq yuksak rivojlanganiga isbotdir.
Qishlog`imizdan istiqlol uchun o`z jonini fido etgan, mashhur milliy-ozodlik harakati vakili Omon Polvon (1856-1923-yil 13-iyun) yetishib chiqqan. U 1918-yil mart oylaridan boshlab istiqlolchilar safiga qo`shiladi. U namanganlik qo`rboshilarga yetakchilik qilgan vodiyning eng kuchli milliy-ozodlik harakati vakillaridan bo`lgan. “Namanganlik Rahmonqulibek, Yo‘ldosh Chatoq, Sotvoldi Qozi, Ro‘zimuhammadbek, Hoji To‘rabek, Boytumanbek kabi qo`rboshilar Omon Polvon qo`l ostida birlashgan edi”[5]. U o`zining faoliyatidagi eng yuqori davrida 8000 yigitga rahbarlik qilgan. Omon Polvon 6 yil davomida Namangan uyezdi mujohidlariga yetakchilik qildi. U istiqlol yo`lida o`z jonini fido etgan qahramon sifatida tariximizda munosib iz qoldira oldi! Bugungi kunda Xizrobod qishlog`ida Omon Polvon qabri va Omon Polvon zindoni joylashgan. Omon Polvon tomonidan bunyod etilgan zindonga to`xtalsak, u chuqur o`ra shaklida qazilgan bo`lib, unga xiyonat qilgan jangchilar, qizil askarlar va jinoyatchilar vaqtincha saqlash uchun tashlangan. Afsuski, bugungi kunda zindonning ancha qismi o`pirilib tushgan va sayozlashib qolgan.
Xizrobod qishlog`ida shuningdek, Toshmozorbuva (Toshbuva) ziyoratgohi joylashgan bo`lib, unda Tosh buvaning maqbarasi va qadimiy tut daraxti mavjud. Ushbu tut daraxtiga aholi tomonidan turli xil latta-matolar bog`lanishi va gugurt-cho`plar tashlab ketilishi o`ziga xos odatga aylanib qolgan. Turli xil aholi orasidagi gap-so`zlarga ko`ra, Toshmozorbuva ziyoratgohidan insonlar bedavo dardlariga davo topgan, farzandsizlar farzandli bo`lishgan, ishi yurishmayotganlarning ishlari yurishib ketgan… Ammo bu gap-so`zlarning bari to`qib chiqarilgan uydirmalar xolos. Toshmozorbuva ziyoratgohi qanday paydo bo`lgani haqida xalqimiz orasida quyidagicha rivoyat mavjud:
Bir kuni qishlog`imiz hududida kanal qazilayotgan ekan. Bir necha bor kanalni insonlar qazishga harakat qilishibdi-ku lekin, qaziy olishmabdi. Shu holat ustiga bir arabistonlik oppoq kiyingan inson kelib qoladi. U bizning o`lkalarga Islom dinini yoyish maqsadida tashrif buyurgan edi. U odamlarga kanalni noto`g`ri joydan qazishayotganini aytib, to`g`ri yo`nalishni ko`rsatadi. Ushbu odam ko`rsatgan joydan qishlog`imizdagi insonlar kanal qazishadi va suv u yerdan yura boshladi. Oradan bir necha yil o`tib ushbu arabistonlik inson qaytayotib aynan o`zi kanal yo`lini ko`rsatib qo`ygan joyida to`satdan vafot etadi. Shundan so`ng yerlik insonlar uni avliyo deb atashadi va vafot etgan joyiga dafn etishadi. Vaqt o`tib u yerda maqbara qad ko`tardi va bugungi Toshmozorbuva ziyoratgohi paydo bo`ladi[6].
1970-1980-yillarda Xizrobod hududidagi Norin daryosi atroflarida O`rmon xo`jaligi tashkil etildi. U bugungi kunda ham mavjud. Shu yillarda qoramolchilik va yilqichilik uchun maxsus ferma o`z faoliyatini boshladi. Bundan tashqari, 1970-yillarda o`lkashunoslik muzeyi ochilib, u 30 yilga yaqin faoliyat olib bordi. Uning yonida keyinroq “Noma’lum askar” haykali bunyod etildi. Ammo, bugungi kunga kelib muzey va haykal o`rnida bir nechta savdo rastalari va mahalla guzari faoliyat olib bormoqda.
Mustaqillik yillarida qishlog`imizning ko`rinishida tub o`zgarishlar yuz berdi. Andijon-Qo`qon temiryo`l yo`nalishining “Uychi” bekati qishlog`imiz hududiga joylashdi. Ushbu temir yo`l bekatining qoshida toshko`mir stansiyasining bunyod etilishi - qishlog`imizdagi temiryo`lning ahamiyatini yanada oshirdi. 2018-2021-yillar oralig`ida qishlog`imizda “Xizrobod” nomli to`yxona va xususiy shifoxona, oilaviy restoran, “Agrobank”, mini futbol yopiq stadioni, diagnostika markazi kabi inshootlar qad ko`tardi. Bugungi kunda, qishloq hududida o`nga yaqin xususiy va 2 ta davlat ixtiyoridagi bolalar bog`chasi, 5-umumiy o`rta ta`lim maktabi, Namangan sport texnikumi kabi ta’lim maskanlari mavjud. Xizrobod qishlog`ida hozirgi kunda 15 mingga yaqin aholi vakillari istiqomat qilmoqda. Uchta mahalla fuqarolar yig`ini mavjud. Qishlogʻimiz 2019-yildan boshlab Rovot shaharchasi tarkibiga kiritildi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Dala materiali: Uychi tumani 5-maktab tarix fani o`qituvchisi Mirkamolova Xolida bilan suhbat. 29.11.2021
2. Dala materiali: Uychi tumani Birlashgan qishlog`ida yashovchi Abdurahmonov Abdug`ani bilan suhbat. 24.11.2021
3. Hayotiy (Abdupatto Sobirov). Ardoq.Yodnoma. –T.:Farg`ona, 2001. –B.26
4. Hayotiy (Abdupatto Sobirov). Ardoq.Yodnoma. –T.:Farg`ona, 2001. –B.48
5. Xo`jayev M. Shermuhammadbek Qo`rboshi. – T.:Sharq, 2008. –B.22
6.Dala materiali: Uychi tumani Xizrobod qishlog`ida yashovchi Siddiqova Muborak bilan suhbat. 3.12.2021
Do'stlaringiz bilan baham: |