1.Tadbirkorlik faoliyatining iqtisodiy, ijtimoiy, va huquqiy asoslari
Tadbirkorlik jamiyatda ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi mavjud muammolarni hal qilishda va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida katta rol o’ynaydi. U ishlab chiqarish, ish bajarish, xizmat ko’rsatish sohalarida yangi ish o’rinlari yaratib, aholini ish bilan ta’minlash va ishsizlikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarda ham, O’zbekistonda ham har yili yaratilayotgan yangi ish o’rinlarining yarmidan ortig’i kichik va xususiy tadbirkorlikka to’g’ri keladi. Demak, tadbirkorlik aholining ish bilan bandligi, mehnat va iqtisodiy faolligining o’sishi va buning natijasida uning daromadlarini oshishiga katta hissa qo’shadi. Bu jarayonning ikki oqibatini e’tiborga olish lozim. Bir tomondan, aholining moddiy va mahnaviy ehtiyojlarining o’sishini, kengayishi bo’lsa, ikkinchi tomondan, ularni to’laroq qondirish imkoniyatlarining yaratilishidir. Bu pirovard natijada aholi hayotini yaxshilash, turmush darajasini ko’tarish farovonligini oshirishni ta’minlaydi. Tadbirkorlikning rivojlanishi bilan uning mazkur sohadagi roli ortib boradi.
Bu borada tadbirkorlik muvofiqlatirish vazifasini bajarish, talab bilan taklifni o’zaro muvofiqlatirish, narxlarni barqarorlatirish, bozorda muvozanat o’rnatish va uni ushlab turish, mavjud ehtiyojni kengaytirish va to’laroq qondirishga xizmat qiladi, uning bilan birga tadbirkorlik bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatning shakllanishi, rivojlanishida va mahsulot sifati va raqobatbardoshligini ko’tarish, ishlab chiqarish harajatlari va mahsulot tannarxini pasaytirish, faoliyat samaradorligini oshirishda muhim rol o’ynaydi.
Tadbirkorlik nafaqat shaxsiy daromad manbayi, balki davlat uchun ham salmoqli daromad manbayi bo’lib xizmat qiladi. Davlat byudjeti tushumlarining anchagina qismi tadbirkorlik sektoriga to’g’ri keladi. Demak, tadbirkorlik byudjetni to’ldirib, davlatning kuch-qudratini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni mablag’ bilan ta’minlashda ham katta rol o’ynaydi.
SHunday qilib, tadbirkorlik aholi turmushi va farovonligini yaxshilash, uning madaniy-mahnaviy yuksalishi, mamlakat ishlab chiqarish, eksport, iqtisodiy salohiyatini ko’tarish, mustaqilligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur huquqiy muhitni yaratish yagona konseptsiya asosidagi qonunchilik va me’yoriy bazani yaratish va doimo takomillashtirib borish tizimining mavjudligini taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |