2. O’zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari
1991 yilning 15 fevralida Prezident I.Karimov tomonidan O’zbekiston Respublikasida tadbirkorlik trisida qonun qabul qilindi. Birinchi xususiy korxonalar ochildi. Bu qonun korxonalarga ijobiy tashabbuslarini amalga oshirishga, turli muommalarni yechishga imkon berdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida savdo, maishiy xizmat, mahalliy sanoat, ijtimoiy sohalar korxonalarini davlat mulkidan xususiy korxonalarga aylantirish jarayoni amalga oshirildi. So’ngra xususiylashtirish yiriklashtirilgan ishlab chiqarish bo’linmalari bo’yicha bajarildi, ularning zaminida ochiq turdagi xissadorlik jamiyatlari tuzildi.
Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga nazar solsak, bugungi kundagi misli ko’rilmagan natijalarni guvohi bo’lamiz.
Jumladan, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi tarkibida chuqur islohotlarning amalga oshirilishi, yerdan foydalanishning ijara shakliga asoslangan bozor munosabatlariga o’tish, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish g’alla mustaqilligiga erishish hamda qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi umumiy hajmini 1,8 barobar oshirish imkonini berdi. Natijada istiqlol yillarida barqaror paxta yetishtirishni ta’minlash bilan bir vaqtda qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi tarkibida paxtaning ulushi 47,7 foizdan 11,1 foizga kamaydi, g’alla yetishtirish hajmi 3,7, go’sht yetishtirish 1,9 barobar o’sdi.
Mustaqillik yillarida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, SHo’rtan gaz-kimyo majmuasi, Qo’ng’irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o’g’itlar zavodi, Asaka va Samarqand shaharlaridagi avtomobil zavodlari kabi yirik sanoat obektlari, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaradigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yigirmadan ortiq korxona, o’nlab zamonaviy to’qimachilik komplekslari va ko’plab boshqa korxonalar foydalanishga topshirildi.
2011-2015 yillarda jami investitsiya hajmi 77,4 milliard dollar bo’lgan sanoat, infratuzilma, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish bo’yicha qabul qilingan to’rtta bir-biri bilan o’zaro bog’liq strategik dasturning amalga oshirilishi, bank-moliya tizimini isloh qilish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o’rin tutadi va yalpi ichki mahsulotni 1,5 barobar ko’paytirishni ta’minlaydi.
Iqtisodiyotda tarkibiy tub o’zgarishlarni faol davom ettirish yaqin yillarda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushini, birinchi navbatda, energetika, neft-gaz-kimyo, kimyo, to’qimachilik va yengil sanoat, rangli metallurgiya, mashinasozlik va avtomobilsozlik, farmatsevtika, zamonaviy qurilish hamda pardozlash materiallari ishlab chiqarish kabi ustuvor tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga 24 foizdan 28 foizga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, kelgusi yillarda ijtimoiy soha va xizmat ko’rsatish sektori yanada ravnaq topadi, infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, turar-joy ob’ektlari, shu jumladan, qishloq joylarda foydalanishga topshiriladi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasi 27,1, shu jumladan, eksport hajmi 29,6 barobar oshdi, shu davr ichida tashqi savdo aylanmasi hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6 foizdan 56,1 foizgacha o’sdi. O’zbekiston asosan xom ashyo yetkazib berib, tayyor mahsulot olib kelinadigan mamlakatdan ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik modernizatsiya qilish uchun mo’ljallangan yuqori texnologik asbob-uskunalarni chetdan olib kelib, eksportga yuqori qo’shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar chiqaradigan davlatga aylandi.
Mustaqillik yillarida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, sog’liqni saqlash tizimini kompleks isloh qilish va uning infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha keng ko’lamli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholining o’rtacha umr ko’rishi 67,2 yoshdan 73,1 yoshga uzaydi, onalar va chaqaloqlar o’limining barqaror ravishda uch baravardan ortiq kamayishiga erishildi. SHu davrda aholi jon boshiga real pul daromadlarini, avvalo, xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar evaziga 3,7 barobar oshirish ta’minlandi. Ayni paytda xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar aholi umumiy daromadining 47 foizini tashkil etmoqda.
Istiqlol yillarida O’zbekistonda mutlaqo yangi bank-moliya tizimi yaratildi. Soliq yukini izchil kamaytirish, erkin tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga qaratilgan soliq siyosatining amalga oshirilishi 2005 yildan boshlab defitsitsiz davlat budjetini shakllantirishni ta’minlash bilan birga iqtisodiyotni barqaror va jadal rivojlantirish, xo’jalik subektlari daromadini oshirish hamda ularning investitsiya jarayonida faol ishtirok etishini ta’minlashda muhim omil bo’lib xizmat qildi. SHu yillar mobaynida ko’plab soliq stavkalari 1,5-2 barobarga kamaytirildi, davlat budjeti tarkibida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash uchun sarflanadigan xarajatlar ulushi mustaqillik yillarida 31,5 foizdan 59 foizgacha ko’paydi.
Qisqa muddatda Yevropa iqtisodiyoti asosiy ustunlaridan biriga aylangan Germaniyada o’tkazilgan qathiy davlat siyosati natijasida mamlakat iqtisodiyotida kichik biznes rivojlantirildi va urushdan keyingi yillar mobaynida biznes taraqqiyoti 10 %dan 65%gacha yetdi.
Yapon mo’jizasi, deb atalgan iqtisodiy shiddat ham davlatning rejalashtirilgan kathiy siyosati tufayli oyoqqa turib, hozirgi paytda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yetishtirishda umumiy foydaning yarmini tashkil eta boshladi.
Jahon sanoatida bosh o’rinlarda turadigan (lider) kompaniyalardan biri “Yamaxa” transmilliy kompaniyasi butun dunyo bo’yicha bir necha o’n milliard AQSH dollariga teng mahsulot ishlab chiqaradi, holbuki mana shu “naxang” kompaniya ham o’z faoliyatini 40- yillar oxirida 7 nafar odam ishlaydigan velosiped tahmirlashni amalga oshiruvchi kichik kooperativ (ustaxona) edi.
2017 yil 14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo’nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag’ishlangan kengaytirilgan majlisi bo’lib o’tdi.
Majlis ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati rahbarlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, hukumat a’zolari, xo’jalik birlashmalari, jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari qatnashdilar. Birinchi bor viloyat, shahar va tumanlar markazlarida tashkil etilgan studiyalar bilan videokonferentsiya aloqasi orqali hukumat majlisida mahalliy hokimiyat, vazirlik, idoralar hududiy bo’linmalari, korxonalarning rahbar xodimlari va tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Majlisda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev ma’ruza qildi.
Ma’ruzada O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o’zbek modeli”ni va mamlakatni o’rta muddatli istiqbolda yanada isloh qilish, tarkibiy o’zgartirish va modernizatsiya qilish Dasturini izchil amalga oshirishni davom ettirish 2016 yilda iqtisodiy o’sishning barqaror va yuqori sur’atlarini saqlab qolishni va makroiqtisodiy muvozanatni, aholi hayot darajasi va sifati oshishini ta’minlaganligi qayd etib o’tildi.
Vazirlar Mahkamasi majlisi kun tartibiga kiritilgan muhim masalalarni muhokama qilish davomida Prezident SH.Mirziyoev 2016 yil yakunlari bo’yicha yalpi ichki mahsulot 7,8 foizga o’sganligini qayd etib o’tdi. Sanoat mahsuloti hajmlari – 6,6 foizga, qurilish-pudrat ishlari – 12,5 foizga, chakana savdo aylanmasi – 14,4 foizga, xizmatlar – 12,5 foizga o’sganligi, davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilganligi, tashqi savdo aylanmasining ijobiy salьdosi ta’minlanganligi, inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmaganligi va 5,7 foizni tashkil etganligi to’g’risidagi ma’lumotlarga to’xtalib o’tdi.
SHuningdek, iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSH dollari miqdorida yoki 2015 yilga nisbatan 9,6 foizga ko’p investitsiyalar yo’naltirildi. O’zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 11,3 foizga o’sdi va 3,7 milliard dollardan oshib ketdi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo’lgan 164 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yakunlandi. SHu jumladan, “JM O’zbekiston” aktsiyadorlik jamiyatida “T-250” modeldagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarish o’zlashtirildi, Jizzax viloyatida tsement zavodi kengaytirildi, Tolimarjon issiqlik energiya stantsiyasida quvvati 900 MVt bo’lgan bug’-gaz qurilmalari hamda Angren issiqlik energiya stantsiyasida quvvati 150 MVt bo’lgan yuqori kulli ko’mirni yoquvchi energiya bloki ishga tushirildi.
Farg’ona vodiysi viloyatlarini mamlakatning boshqa hududlari bilan bog’laydigan, Qamchiq tog’li dovoni orqali o’tuvchi 19 kilometrlik noyob tunnelga ega bo’lgan elektrlashtirilgan yangi Angren – Pop temir yo’l liniyasi qurildi. Toshkent – Buxoro marshruti va qarama-qarshi yo’nalish bo’yicha yuqori tezlanishli “Afrosiyob” yo’lovchi tashuvchi elektropoezdlar harakati tashkil etildi.
Qishloq xo’jaligini modernizatsiya va diversifikatsiyalash bo’yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish hajmlarini 6,6 foizga, jumladan, meva-sabzavot – 11,2 foizga, kartoshka – 9,7 foizga, sabzavot mahsulotlari yetishtirish 10,4 foizga o’sishini ta’minladi.
Xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama qo’llab- quvvatlash va himoya qilish bo’yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi 2016 yilda 32 mingtaga yaqin yoki 2015 yilga nisbatan 18 foizga ko’p kichik biznes sub’ektlari tashkil qilinishiga turtki bo’ldi. Kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi 56,9 foizgacha, sanoatda esa 45 foizgacha oshdi.
Ijobiy tarkibiy o’zgartirishlar va iqtisodiyotning yuqori o’sish sur’atlari tufayli aholining real daromadlari 11 foizga oshdi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 15 foizga, pensiya va ijtimoiy nafaqalar – 12,1 foizga, aholi jon boshiga real daromadlar – 11 foizga o’sdi, 726 ming nafarga yaqin aholining, shu jumladan, 438,5 ming kollej bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |