3. G’arb va Sharqda boshqaruvchilik konsepsiyalarining rivojlanishi.
Ko’pchilik zamonaviy tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, “menejment” tushunchasining ilm-fan olamida paydo bo’lishi iqtisodiy sohada bozor prinsiplarining shakllantirilishi bilan bog’liq. Mazkur ilmiy tushuncha XIX asr oxirlarida XX asr boshlarida ilk bor tilga olinadi. Asl ma’nosiga ko’ra “menejment” – boshqaruvchilik faoliyatini anglatadi. Keng ma’noda oladigan bo’lsak, bashariyatning uzoq o’tmishidanoq boshqaruvchilik ma’lum faoliyat turi sifatida mavjud bo’lganini e’tirof etishga to’g’ri keladi. Zero, insonlarning birgalashib hayot kechirishi pirovard natijada muayyan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tizimlarning qaror topishiga olib keladi. Bu xil tizimlarning shakllanishi esa, o’z navbatida maxsus faoliyat turini va shu xil faoliyat bilan mashg’ul ijtimoiy guruhlarning paydo bo’lishiga turtki bo’ldi. Ularning faoliyati dastavval empirik amaliy tajribalar zamirida rivojlanib bordi.
Har bir tarixiy davrning o’ziga xos madaniyati bo’lgan. Har qanday madaniy taraqqiyotni tom ma’noda ijtimoiy hayot davomida to’plagan sotsial tajribalarning umumlashtirilgan natijasi, deb e’tirof etish o’rinli.
O’zbekistonning shon - u sharafiga aylangan ulug’ allomalar o’z zamonasida rivoj topgan ilm-fanning barcha yo’nalishlarida ijod qilib, kattadan-katta ishlarga qo’l urishgan. Ularning ilmiy salohiyati va izlanishlari nihoyatda keng ko’lamlidir.Olimu fuzalolar muhokama etayotgan boshqaruv masalalari yuzasidan ham juda o’rinli mulohazalar bildirgan. Aynan shuning uchun ularning maslahatlari o’z zamondoshlari va kelgusi avlodlar uchun ham nihoyatda qadrli hamda foydalidir.
Abu Nasr Forobiy (870 – 950) shunday zotlardan biri. Allomaning “Fozil odamlar shahri” deb atalgan asarida umumiy ma’nodagi boshqaruvchilik xususida g’oyat qiziqarli fikrlar bayon etilgan. Jumladan, olim insonlar hayotining farovonligini ta’minlash shart-sharoitlari xususida fikr yuritib, shunday degan edi: “Ijtimoiy hayot farovonligi, eng avvalo saxovatpesha hukmdorning mavjudligiga bog’liq. Bunday hukmdor mamlakatdagi adolat tantanasining garovi bo’lish bilan birga, muhtojlar haqida g’amho’rlik qiluvchi himmat sohibi hamdir”. Ijtimoiy turmush farovonligining muhim shartlaridan biri haqida so’z ketganida olimning ushbu fikrini e’tirof etsa bo’ladi: “Ijtimoiy hayotda ezgu maqsadlar yo’lida hamkorlik qilish niyatida kishilarni birlashtirishga asoslangan davlat hayr-saxovatli hisoblanadi”.
Farobiyning ilg’or insonparvarlik g’oyalari O’rta Osiyodan chiqqan yana bir buyuk dahoning dunyoqarashlari shakllanishiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Abu Ali ibn Sino (980-1037) ko’proq tibbiy sohaga ta’lluqli asarlari bilan mashhur. Ammo, Ibn Sino tibbiyotdan tashqari boshqa fan sohalariga oid yirik asarlar yozishga ham muvaffaq bo’lgan. Uning davlat boshqaruvchiligi, xususan, davlat xarajatlari va daromadlari o’rtasidagi balansni ta’minlash tamoyillariga oid fikrlarini e’tirof etish shart.
Abu Ali ibn Sinoning zamondoshlaridan biri Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ham o’z davrining ilm-fanini yuksaltirishga alohida hissa qo’shgan. Beruniyning zamonaviy ijtimoiy-siyosiy fanlar rivojiga qo’shgan hissasiga to’xtalar ekanmiz, olim inson o’zini qo’rshab turuvchi atrof-muhit bilan uzviy bog’liqligi, ular o’rtasidagi munosabatlarning rivoji, ahamiyati haqida fikr yuritib, insonning ma’naviy kamolotga erishishida mehnatning alohida o’rni va rolini ochib bergan.
O’rta Osiyo hududida Amir Temur (1336-1405) sulolasi hukmronlik qilgan davrlarda ilm-fanning ko’pgina tarmoqlari, shu jumladan, zamonaviy iqtisodiy fanlar g’oyat muhim ta’limotlar bilan rivojlantirilgandir.Amir Temur hukmdor sifatida zamonaviy siyosiy boshqaruvchilik sohasining tarkib topishi hamda rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko’rsatgan. Ushbu hukmdor o’zining benihoya katta saltanatini boshqarish uchun maxsus ishlab chiqilgan siyosiy tizimni yaratishga muvaffaq bo’ldi. Siyosiy boshqaruvchilik sohasini shakllantirish va rivojlantirish barobarida menejment g’oyalari bilan hamnafas qarashlar tizimi ham rivojlantirilganki, buni inkor etish mumkin emas. Hukmdorning siyosiy boshqaruvchilik sohasidagi qarashlari asosan “Temur tuzuklari” deb nom olgan asarda yaqqol ifodalangan.
Menejmentning tarkib topishiga turtki bo’lgan boshqaruvchilikka oid ilg’or g’oyalarning yanada rivojlantirilishini Sharq allomalaridan biri Alisher Navoiy (1441-1501) asarlarini o’rganish davomida kuzatish mumkin. Ulug’ shoir, mutafakkir va davlat arbobi bo’lgan Alisher Navoiy o’z iqtisodiy-siyosiy qarashlarini 22 ta asarida ifoda etgan. Alisher Navoiy “Zakariyo” va “Munshaot” asarlarida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi haqidagi g’oyat qimmatli fikrlarini bayon etadi.
O’rta Osiyo hududida istiqomat qilib, bashariyatning kelajakdagi rivojiga ulkan hissa qo’shgan ulug’ zotlar haqida so’z borganda Abdurahmon Jomiy (1414-1492), Zahiriddin Muhamad Bobur (1483-1530), Mirzo Bedil (1644-1721), Ozodiy (1700-1760), Mahtumquli (1733-1782) va boshqa daholarni eslamaslik mumkin emas.
Zamonaviy ilm-fan rivojiga Sharq va G’arb mutafakkirlari o’zicha ta’sir ko’rsatgan.
Sharqda insonning ma’naviy izlanishi va yuksalishi bosh maqsad hisoblansa, G’arbda umumbashariyatning ozodligi va ma’naviy yuksalishi yo’lida izlanish muhim sanalgan. Shu boisdan Sharq matafakkirlarining ilohiy va nazariy bilimlarni bevosita amaliyotga tadbiq etish imkoniyatlari ayrim ob’ektiv shart-sharoitlar tufayli cheklangan bo’lishi ehtimoldan holi emas. Bunday imkoniyat va amaliy tajribalar aynan G’arb mamlakatlarida amalga oshdi.
Insoniyat tarixida ilk bora Buyuk Britaniyada fabrika sharoitida mehnat qilish haqidagi qonunlar majmuasi ishlab chiqildi. So’ng Germaniya, Fransiya, Avstriya kabi mamlakatlarda ham bunday ishlar amalga oshirildi.Shu o’rinda ta’qidlamoq kerakki, e’tirof etilgan qonun majmualarida Sharq allomalarining asarlarida bayon qilingan ijtimoiy kafolatlar haqidagi ilg’or g’oyalar o’z aksini topgandi. Lekin, G’arb islohotchilari bu masalaga o’ziga xos tarzda yondashishgan, qolaversa G’arb mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti Sharq mamlakatlaridagidan farqli ravishda rivoj topgandi. Ana shu o’ziga xoslik pirovard natijada voqealar rivojini, muammolar yechimini belgilab beradi. Sharq mamlakatlarining tarixiy rivojlanish an’anasiga ko’ra, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi islohotlarni amalga oshirish va fuqarolarning manfaatlarini himoyalash davlat (hukmdor) ning zimmasiga yuklatilgan. Shunga yarasha xalq ommasi umidvorlik bilan yashagan. G’arb mamlakatlarida esa bu xil jarayonlar keskin sinfiy kurashlar zamirida kechgan. Omma va shaxs o’z manfaatlarini himoyalash yo’lida shaxsiy faollik ko’rsatishga moyillik ko’rsatardi. Yollanma mehnatkashlar kuchini ekspluotasiya qiluvchilar bilan yollanib mehnat qiluvchilar o’rtasidagi murosasiz kurashlar (ijtimoiy-iqtisodiy konflikt) natijasida butun ijtimoiy tuzilmada islohotlar ro’y bergan. Bunday siyosiy jarayonlar zamirida kuzatiladigan holatlar va ular asosidagi ziddiyatlarni bartaraf etish chora-tadbirlari u yoki bu tarzda Sharq mutafakkirlarining asarlarida o’z ifodasini topgani benihoya quvonarlidir.
G’arbda insoniy kamolotga erishish aql-zakovat vositasida (pragmatizm) amalga oshirilgani haqida e’tirof etilgan edi. Aql-zakovat esa hamma narsaning tub mohiyatini anglashga, jarayonlarning harakatlantiruvchi kuchlarini aniqlashga, tuzilmaning barcha elementlarini muayyan tartibga solishga intiladi.
Sharq olamida asta –sekin ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda tanazzul alomatlari namoyon bo’la boshlagan bir vaqtda G’arb mamlakatlarida jonlanish kuzatiladi. U yerda ijtimoiy taraqqiyotning navbatdagi bosqichida keng ko’lamda bozor munosabatlari shakllanib bormoqda. Bu xil jarayonlar ijtimoiy munosabatlarni nihoyatda keskinlashtirib yuboradi. Bu voqealar davlat tizimi faoliyatida liberalizm konsepsiyalarining ustuvor bo’lishi bilan izohlanadi.Aholining tabiiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga davlat tomonidan ko’proq e’tibor berila boshlandi. Ijtimoiy munosabatlar sohasida eng dolzarb muammo- mehnat munosabatlari edi. Jamiyat miqyosidagi ichki nizolar aynan shu masalaning yechimi bilan bog’langan, demakki, uning keyingi taraqqiyoti pirovard natijada mazkur nizolarning qay tarzda yechilishiga qarab amalga oshishi mumkin. XX asrda ro’y bergan iqtisodiy tanazzul jamiyatning liberalistik modelga asoslangan iqtisodiy rivojlanishi nechog’li asossiz ekanini ko’rsatadi. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat jarayonlar rivojiga davlatning aralashuvini taqozo etardi. Ana shunday shart-sharoitlarda iqtisodiy jihatdan ancha ilgarilab ketgan G’arb mamlakatlarida, xususan, AQSh da “insoniy munosabatlar” maktabining E.Meyo, F.Retlisberg, M.Follet kabi namoyandalari tomonidan jamiyat hayotini ijtimoiylashtirish darajasini oshirish zaruriyatini ifoda etuvchi izlanishlar natijasi e’lon qilina boshlandi. Buyuk Britaniyadagi “ijtimoiy-texnik tizimlar” maktabining radikal namoyandalari ham o’z fikr-mulohazalarini ovoza etdi. Ularning fikriga ko’ra, texnologik jihatdan olib qaralganda, har qanday rivojlanish sotsiotexnik xususiyat kasb etadi. Zero, texnologik jarayonlar o’z-o’zicha amalga oshmaydi, balki insonlar tomonidan boshqariladi.
Ijtimoiy sohada adolat tamoyillarini qaror toptirish muammosining yechimiga ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy-texnik omillar ta’sir o’tkazadi. Shuni inobatga oladigan bo’lsak, mazkur masalalarni tartibga solish uchun davlat aralashuvining nechog’lik muhimligi ayon bo’ladi. Sharq olamida davlat tizimining (hukmdor faoliyati) o’rni va roli nechog’lik ahamiyatli ekanini anglab yetishgan bo’lsa, G’arbda xuddi shu fikrga sotsial tajribalar asosida va aql-zakovat yordamida yetib kelishdi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlarda iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda boshqaruvchilik sohasida amalga oshirilgan muhim ishlarni, jumladan, aholini sotsial himoyalash muammolariga katta e’tibor berilganini e’tirof etish lozim. Shu o’rinda buyuk ajdodlarimiz ham aynan shu masalalar yuzasidan nihoyatda o’rinli va qimmatli maslahatlar berishganini ta’kidlamaslik mas’uliyatsizlik bo’lardi.
Umumbashariy taraqqiyot tamoyillarini o’rganish shuni ko’rsatdiki, sotsial adolat prinsipini tarkib toptirishga intiluvchi har qanday davlat tizimida ijtimoiy munosabatlarni shakllantiruvchi barcha tomonlarning manfaatlarini uyg’un tarzda qondirish yo’l-yo’riqlarini izlab ish tutish yaxshi samara beradi. Bunda albatta davlatning o’rni va roli alohida belgilanadi. Davlat ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish va muvofiqlashtirib borish masalasi bilan shug’ullanmog’i lozim bo’ladi.
Shunday qilib, zamonaviy iqtisodiy taraqqiyot prinsiplarining rivojlanish tamoyillari, xususiyatlari ko’p jihatdan Sharq va G’arb olamining o’zaro ta’sirlashuvi zamirida shakllanar ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |