13.3. Makroiqtisodiy va mikroiqtisodiy darajalarda mehnatni boshqarish
Mehnatni boshqarishning uch darajasi: xalqaro, davlat va korxona darajasi farqlanadi.
Mehnatni boshqarishning xalqaro darajasi. Xalqaro darajada mehnatni boshqarishni Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) amalga oshiradi. U 1919 yilda ijtimoiy osoyishtalikni o‘rnatish va saqlashga,keskin ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tadrijiy, tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan edi. XMTni tashkil etishda dastlab 45 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda uning tarkibida 71 ta davlat bor va ularda dunyo aholisining 98 foizi yashaydi. Har bir qatnashuvchi davlatdan XMTga hukumat hamda mehnatkashlar va tadbirkorlar tashkilotlarining vakillari kiradi.
XMTning ish yo‘nalishlari - mehnat va ish bilan bandlik sohasida siyosat yuritish uchun konventsiya va tavsiyalar ko‘rinishida xalqaro mehnat me’yorlari ishlab chiqish va qabul qilish, texnikaviy hamkorlik olib borish, ijtimoiy-mehnat muammolari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va ularning natijalarini e’lon qilish.
Xalqaro mehnat konferentsiyasi (XMK) XMTning oliy organidir. U yiliga bir marta o‘tkaziladi va to‘rt kun davom etadi. O‘rta hisobda qatnashchilar soni 2000 kishini tashkil etadi. Konferentsiyada XMTning asosiy ish yo‘nalishlari ishlab chiqiladi va unda dunyodagi mehnatkashlar ijtimoiy mehnat holati muammolari muhokama qilinadi va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Ma’muriy kengash XMTning ijroiya organidir. U o‘z faoliyatini yiliga uch marta o‘tkaziladigan sessiyalar o‘tkazish yo‘li bilan muvofiqlashtirib boradi. Kengash 56 a’zodan, shu jumladan, hukumat, mehnatkashlar va tadbirkorlarning vakillaridan iborat. XMT a’zosi bo‘lgan mamlakatlar hukumatlarining 28 nafar vakili bo‘lib, ulardan 10 nafari doimiy va ularni ekspertlar sanoati eng rivojlangan mamlakatlarning namoyandalaridan saylaydilar. Qolgan 18 kishi turli mamlakatlarning teng huquqli vakilligini ta’minlash uchun mintaqalarga oid kvotalar bo‘yicha har uch yilda bir marta qayta saylanadi. Kengash tarkibiga mehnatkash va tadbirkorlar vakillari har bir guruhidan 14 kishi miqdorida kiritilgan. Ma’muriy kengash raisi har yili konferentsiyadan keyin mintaqaviy mansublikni hisobga olgan holda rotatsiya qilish tamoyili bo‘yicha saylanadi. Kengash konventsiyalar va tavsiyalarni qo‘llanish ustidan nazorat yuritish uchun 12 kishidan iborat ekspertlar guruhiga ega.
Xalqaro mehnat byurosi (XMB) XMTning doimiy kotibiyatidir. XMBning Jenevada joylashgan markaziy devoni XMT o‘z loyihalarini amalga oshiradigan turli mamlakatlarda 40 ta bo‘limga ega. Ma’muriy kengash besh yil muddatga saylaydigan Bosh direktor XMBga boshchilik qiladi. Xalqaro mehnat byurosi va uning rahbariyati tarkibi doimiydir va bunda ko‘plab xodimlar muddatsiz shartnomaga egalar. Doimiy organ bo‘lgan XMB aslida ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha jahon tadqiqot va ijtimoiy axborot markazi rolini bajaradi. XMBning ikki instituti: Mehnat masalalarini tadqiq qilish xalqaro instituti hamda Kasb va texnikaviy malaka oshirish xalqaro markazi mavjud.
Korxona darajasida mehnatni boshqarish.Miqyosi va faoliyat sohasidan qat’i nazar, har bir korxonada mehnatni boshqarish amalga oshiriladi. Bu jihatdan korxonalar o‘rtasidagi tafovut faqat boshqarish ahamiyatliligining darajasi, mazmunining to‘liqligi, faoliyat natijalariga erishish uchun maqsadlar qo‘yilishi, boshqarish ob’ektlari va funktsiyalarini aniqlashdan iborat bo‘lishi mumkin.
Korxonada mehnatni boshqarish maqsadi – xodimlar mehnatidanoqilona va samarali foydalanish hamda mehnatga haq to‘lash va mehnatni moddiy rag‘batlantirishga mablag‘ sarflash bilan birgalikda fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlari va vazifalariga rioya etish.
Umumiy tarzda olib qaraganda, bevosita mehnat jarayoni, mehnat jarayonidagi kishilar o‘rtasidagi munosabatlar, ishchi kuchini tiklash korxonada mehnatni boshqarish ob’ektlari bo‘ladi. Korxonadagi boshqarish faoliyatiga tatbiqan olib qaraganda ushbu ob’ektlarni aniqlashtirish va alohida ob’ektlar sifatida korxona xodimlarini boshqarish, xodimlar mehnat faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlashni boshqarish, mehnat unumdorligi va mehnat sifatini boshqarish, mehnatga qiziqtirish va mehnatni rag‘batlantirishni boshqarish, mehnat faoliyati jarayonida ishlab chiqarish, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni boshqarishni ajratish mumkin.
O‘z navbatida, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ob’ektlarning har birini ham maydaroq ob’ektlarga bo‘lish mumkin. Masalan, korxona xodimlarini boshqarish, xodimlarni izlash, tanlab olish, yollash, moslashtirish, ularni kasbga o‘qitish va qayta tayyorlashni, lavozim bo‘yicha ko‘tarilishlarini rejalashtirish va faoliyatlarini baholashni o‘z ichiga oladi. Xodimlar mehnat faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlashni boshqarish mehnatni taqsimlash va kooperatsiyalash, ish joylarini tashkil etish, mehnat usullari, mehnat sharoitlari, mehnat tartibi va dam olish tartibini oqilonalashtirish, mehnatni me’yorlash hamda moddiy rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Davlat darajasida mehnatni boshqarish.Har bir mamlakatda mehnatni boshqarish uchun o‘z umumdavlat organlari tizimi tashkil qilinadi. Ushbu organlarning nomi va tuzilmasi vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turishi mumkin. Lekin har qanday tsivilizatsiyali davlat mehnat, ish bilan bandlik va ijtimoiy siyosat masalalari, xususan, mehnat sharoitlari, ishlar va xodimlar tarifikatsiyasi, byudjet sohasidagi mehnatga haq to‘lashdagi razryadlararo nisbatlar, ish bilan bandlikni boshqarish, ish beruvchilar va yollanma xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tashkil etish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |