Parmalash stanogi. Parmalash stanogi slesarlik ishlarida metall materiallarni parmalash uchun mo‘ljallangan, lekin undan yog‘och materiallar parmalashda ham foydalanish mumkin. Dastgohda parmalash kolovorot va drel yordamida parmalashga qaraganda birmuncha qulay.
Parmalash stanogi plita 1, kolonka 2 va unga o‘rnatilgan konsol 3 dan iborat. Konsol reykali uzatma yordamida kolonka bo‘ylab vertikal yo‘nalishda siljiydi. Konsol bilan birgalikda unga o‘rnatilgan elektrodvigatel 4 va shpindel 5 harakatlanadi. Parmalanadigan yog‘ochning qalin-yupqaligiga qarab konsolni kolonka bo‘ylab plitaga yaqinlashtirish yoki undan uzoqlashtirish mumkin. Shpindelga sangali patron 8 o‘rnatilib, unga kerakli diametrdagi silindrik quyruqli parmalar qotiriladi. Konussimon quyruqli parmalar bevosita shpindelning o‘ziga kiritib qotiriladi. Shpindel konsolga nisbatan dasta 6 yordamida reykali uzatma bo‘ylab suriladi. Shpindelga pog‘onali shkiv kiydirilgan. Shkiv elektrodvigateldan harakatga keltiriladi, uning yordamida shpindelning aylanish sonini o‘zgartirish mumkin.
Charx. O‘quv ustaxonalarida ishlatiladigan ba’zi asboblar ish jarayonida o‘tmaslashib qoladi, ularni o‘tkirlash, ishga sozlash maqsadida charxlash ishlari bajariladi.
Har qanday yangi keskich asboblar charxlash yo‘li bilan o‘tkirlanadi. Charxlash elektr charxlar yordamida bajariladi. Charxlarga o‘rnatiladigan toshlar halqa shaklidagi abraziv materiallardan iborat. Abraziv materiallar qattiqligi yuqori bo‘lgan donalardan iborat bo‘lib, ularning maydalangan donachalari o‘tkir qirrali bo‘ladi. Bu o‘tkir qirrali donalarni biriktirish natijasida hosil qilingan charxtoshlar o‘zidan yumshoq materiallarni charxlaydi, ya’ni yupqa metall qirindi chiqarib o‘tkirlaydi.
Charxtoshlar elektr dvigatel yordamida harakatga keltiriladi. Elektr charxlarda toshning aylanish tezligi katta bo‘lib, charxlash vaqtida uchib ketish hollari uchrab turadi. Buning oldini olish maqsadida charx toshlari valga planshaybalar yordamida puxta o‘rnatiladi.
Charxtoshni valga o‘rnatganda uning bir tekis aylanishiga e’tibor beriladi.
Yorilgan yoki darz ketgan va chetlari uchgan toshlardan foydalanilmaydi.
Elektr charxlarda charxlashda shikastlanmaslik uchun ishlayotgan odam toshning yon tomonida turib charxlashi lozim. Shuningdek, tosh ishlayotgan odamga yoki tig‘ga qarama-qarshi tomonga aylanishi kerak. Aks holda charxlash vaqtida uchib chiqqan kukun ko‘zga zarar etkazadi. Bundan qat’i nazar himoya ko‘zoynagi taqib ishlash yoki dastgohka o‘rnatilgan himoya oynagini tushirib olish, kukun xonadan tashqariga chiqarib yuboriladigan bo‘lishi kerak.
Elektr charxlarda tirgak bor, ishchi qo‘lini unga tiragan holda tig‘ni toshning
o‘ng va chap chetlariga surib charxlash ishini bajaradi. Agar tig‘ni surib turmasdan bir joyda tutib turilsa, tosh o‘yiladi va charxlash tekis chiqmaydi. Tirgak bilan tosh orasidagi 2-3 mm masofa qoldirib o‘rnatilishi kerak. Charxlash jarayonida toshning diametri kichiklashib, tirgak bilan tosh orasidagi masofa kattalasha boradi. Shuning uchun vaqt-vaqti bilan tirgakni toshga yaqinlashtirib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |