Ishchi kuchi migratsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va mohiyati
XXI asrda jahon iqtisodiyotining integratsiyalashuvi va liberallashuvi jarayonida ishchi kuchi migratsiyasining ahamiyati muntazam oshib bormoqda. Aynan shu bois, ishchi kuchi migratsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy mazmun va mohiyatini ochib berish uning qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Migratsiya – aholining, shu jumladan ishchi kuchining bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chib o‘tish harakati bo‘lib, uning miqyosi va sur’ati mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat hamda mehnat bozori sig‘imini ham belgilab beradi. Ijtimoiy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, ishchi kuchi migratsiyasi deganda mamlakat mehnat resurslarining bir hududdan boshqa bir hududga ko‘chib yurishi tushunilsa, iqtisodiy nuqtai-nazardan esa, ijtimoiy mazmuni bilan bog‘langan holda, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band aholining mintaqa va hududlararo ko‘chib yurishi tushuniladi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Xalqaro Migratsiya bo‘yicha Tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan ta’rifga ko‘ra, mehnat-migrantlari deganda insonlarning biror bir hududdan u o‘zi istiqomat qiladigan mamlakat miqyosida yoki ruxsat etiladigan mamlakatga ko‘chib borib, u erda iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan qismi tushuniladi.
Ishchi kuchi migratsiyasi deganda, odatda, mehnatga qobiliyatli aholining ishlab chiqarishni rivojlantirish va joylashtirishdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq makoniy ko‘chib yurishi tushuniladi. Aholining mazkur qismining ko‘chib yurishini talqin qilishda ikkita yondashuvdan foydalaniladi. Birinchi yondashuv ancha keng va umumiy bo‘lib, unda migratsiya aslida ishchi kuchining makonda harakat qilishga mos keladi, ikkinchi yondashuv ancha tor va maxsus yondashuv bo‘lib, bunda migratsiya makonda xarakat qilishning muayyan turlari bilan cheklanadi. Ikkinchi yondashuv migratio (lotincha «ko‘chib yurish», «joyini o‘zgartirish») so‘zining dastlabki ma’nosiga mos keladi.
Ishchi kuchi migratsiyasining, butun aholi migratsiyasi kabi, makonda xilma- xil ko‘chib yurish turlaridan ajratishning umumiy qabul qilingan mezonlari mavjud. Ularga doimiy yashash joyini o‘zgartirish, hududining majburiy chegaralarini kesib o‘tish, migrantning yangi yashash joyida uzoq muddat yoki doimiy turishi kiradi. Mehnat migratsiyasi vujudga kelishining asosiy motivlaridan biri bo‘lib, mehnatga yaroqli aholining yuqori ish haqi olish maqsadida o‘zi uchun qulay sharoitli ish joyiga ega bo‘lishi hamda o‘zining eng yaxshi mehnat faoliyatiga erishish istagi hisoblanadi.
Har bir xududda emigratsiya va immigratsiya tomonlari mavjud bo‘ladi. Emigratsiya – chegara ortiga chiqib ketish bo‘lsa, immigratsiya – chegara ortidan kirib kelish demak. Immigratsiya va emigratsiya o‘rtasidagi farq migratsiya saldosini beradi. SHu erda yana shuni ta’kidlash kerakki, «remigratsiya» atamasi ham bo‘lib, emmigrantlarni qaytadan o‘z makoniga qaytishini anglatadi. Qonuniy migrantlarning yana bir alohida turi mavjudki, bu chegara ortida ishlovchilardir. Buni shunday izohlash mumkin, ya’ni har kuni doimiy ravishda qo‘shni davlat chegarasini kesib o‘tib u erda ishlashdir. Bunga yaqqol misol qilib meksikalik ishchilarning har kuni AQSH hududiga o‘tib ishlashini yoki Belgiyaliklarni Fransiya hududiga o‘tib ishlashini aytishimiz mumkin.
Zamonaviy mehnat migratsiyasining Xalqaro Mehnat Tashkilot (XMT) tomonidan 5 ta asosiy turi ajratib ko‘rsatiladi:
SHartnoma asosida ishlovchilar. Bunda ishlovchilarning kirib kelish muddati qabul qiluvchi davlat tomonidan aniq qilib ko‘rsatadi. Bu holat asosan mavsumiy ishlar, jumladan, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ekish, parvarishlash va hosilni yig‘ib olish kabilar bilan bog‘liqdir. Mazkur turdagi faoliyatga odatda malakasiz yoki malakasi past bo‘lgan ishchilarning mehnat migratsiyasi misol bo‘la oladi.
Malakali kadrlar migratsiyasi. Bunga amaliy tajribasi va bilimi shuningdek tayyorgarligi yuqori bo‘lgan xodimlarning mehnat migratsiyasi misol bo‘la oladi.
Noqonuniy migrantlar. Mazkur toifaga tegishli rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar kiradi.
Qochoqlar – bular hayoti va faoliyati xavf ostida bo‘lganligi sababli xorijga ketib qolgan kishilar.
Ko‘chmanchilar – bular doimiy yashash uchun boshqa mintaqalarga ko‘chib yuruvchilar.
Jahon tajribasida mehnat migratsiyasining quyidagi shakllari tasniflanadi.
yo‘nalishi bo‘yicha:
rivojlanayotgan davlatlardan sanoati rivojlangan davlatlarga migratsiya;
rivojlangan mamlakatlar o‘rtasidagi migratsiya;
rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi migratsiya;
yuqori malakali ishchi kuchining sanoati rivojlangan mamlakatdan rivojlanayotgan mamlakatga migratsiyasi.
hudud bo‘yicha:
ichki migratsiya – biror bir mamlakat miqyosida bo‘lib, shahar va qishloq o‘rtasidagi, shaharlararo va qishloqlararo mehnat migratsiyalariga bo‘linadi. Ana shu asosda qishloqdan shaharga, shahardan qishloqqa, shahardan shaharga, qishloqdan qishloqqa boradigan mehnat migrantlari oqimi shakllanadi;
tashqi migratsiya – davlat chegarasini kesib o‘tish bilan sodir bo‘ladigan migratsiya jarayoni bo‘lib, uning o‘zi ham o‘z navbatida ikkiga bo‘linadi:
v) migrantlarning malakasi bo‘yicha:
yuqori malakali ishchi kuchi migratsiyasi;
past malakali ishchi kuchi migratsiyasi;
g) mehnat safarining davomiyligiga qarab:
qaytib kelmaydigan migratsiya – uzoq muddatga mo‘ljallangan yoki abadiy bo‘lib, odatda, bunga tashqi migratsiyasi va ichki migratsiyaning qishloqdan shaharga bo‘lgan migratsiyasi misol bo‘ladi;
vaqtinchalik migratsiya – ishga muayyan muddatga ketishini o‘z ichiga oladi. Bunga tashqi migratsiyaning ma’lum muddatga shartnoma bo‘yicha qaytarib kelish sharti bo‘yicha kelishgan ko‘chib ketishi misol bo‘la oladi;
mavsumiy migratsiya – bir yil va undan kam bo‘lgan holda biror bir hududdan boshqa hududga mavsumiy ish bo‘yicha borishini taqozo etadi;
tebranuvchan migratsiya – ishchi kuchining bir aholi punktidan boshqasiga muntazam ravishda ishga borishi va yana qaytib kelishini o‘z ichiga oladi. Uning muntazamligi mehnat faoliyatining tartibiga mos keladi. Tebranuvchan migratsiya urbanizatsiya sharoitida yuzaga keladi. Asosiy yo‘nalishlari – qishloqdan shaharga, shahar yaqinidan aglomeratsiya o‘zagiga. Tebranuvchan migratsiya yirik va o‘rta shaharlarning ta’sir doirasida tarqalgan bo‘lib, u o‘sha erda ishchi kuchini shakllantirishning muhim manbaidir. SHahar yaqiniga qatnaydigan transportning rivojlanishi bilan bu xildagi harakat ayniqsa, tez ortib bormoqda, ularning ko‘lami, jadalligi va oqibatlari doimiy ko‘chib borishlar miqdoridan ortib odatiy holga aylanib bormoqda.
d) qonun jihatdan:
qonuniy migratsiya;
noqonuniy migratsiya.
Mamlakatda migratsiya jarayonlari jadalligini baholash va uning sur’atini
aniqlashda migratsiya koeffitsienti ko‘rsatkichlaridan ham foydalaniladi. Ushbu ko‘rsatkichlarga kelish koeffitsienti, ketish koeffitsienti va migratsiya saldosi koeffitsienti kirib, ular har ming kishiga nisbatan hisoblanadi:
Aholining kelish jadalligi koeffitsienti:
Kk Ks Ao‘s * 1000 (1) Aholining jo‘nab ketish jadalligi koeffitsienti:
Kj Js Ao‘s * 1000 (2)
Migratsiya qoldig‘i yoki aholining migratsiya o‘sishi koeffitsienti: Kms Kk Kj (3)
Bu erda: Kk – kelish jadalligi koeffitsienti; Ks – kelganlar soni;
Ao‘s – o‘rtacha aholi soni;
Kj – jo‘nab ketish jadalligi koeffitsienti; Js – jo‘nab ketganlar soni;
Kms – migratsiya saldo koeffitsienti.
Ketish koeffitsienti mazkur hudud aholisining migratsiya faolligi, kelish koeffitsienti esa hududning migrantlar uchun qulay ekanligini tasvirlab beradi. Migratsiya saldosining miqdori (ijobiy yoki salbiy) migratsiyaning ishchi kuchi bozorini shakllantirishga bevosita ta’sirini tavsiflaydi. Bunga mazkur mintaqadagi kelgan va ketganlar tarkibidagi farq (tafovut) ta’sir qiladi. Musbat belgi mazkur hududga aholining kelishi, manfiy belgi jo‘nab ketganligini bildiradi.
Ishchi kuchi migratsiyasiga ta’sir etuvchi omillar va uning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri
Ishchi kuchi migratsiyasining kelib chiqish sabablari va o‘z navbatida uning mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy va salbiy ta’sirlari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Migratsiya omillari deganda ishchi kuchining bir joydan ikkinchi joyga o‘tishi uchun sabab bo‘ladigan ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlar tushuniladi. Mehnat migratsiyasiga ta’sir etuvchi omillarni ikkita katta guruhga, ya’ni iqtisodiy va noiqtisodiy omillarga ajratish mumkin. Bunda iqtisodiy omillar quyidagicha tartibda tasniflanadi:
mamlakatning iqtisodiy rivojlanganlik darajasi, ya’ni ishchi kuchi o‘zi yashaydigan mamlakatlariga nisbatan ancha iqtisodiy yuksalgan davlatlarga ko‘chib ketishiga intiladi:
mamlakat mehnat bozorining holati yoki boshqacha aytilsa kam rivojlangan va aholi sonining zichligi oqibatda ishsizlar boshqa davlatga ish izlab ketib qolishadi;
iqtisodiyotdagi erkinlashtirilishi natijasida xalqaro munosabatlar yaxshi
yo‘lga qo‘yilib ishchi kuchlari almashinishi yuzaga keldi;
kapital harakati, ya’ni kapital olib kirish yoki olib chiqish natijasida kapital bilan birga malakali xodimlarning ham migratsiyasi sodir bo‘ladi.
Noiqtisodiy omillarga esa quyidagilar kiradi:
siyosiy-huquqiy omillar;
milliy omillar;
diniy omillar;
irqiy omillar;
oilaviy munosabatlar omillari.
Ishchi kuchi migratsiyasiga ta’sir etuvchi omillarni aniq va ravshan izohlab o‘tish muammoga aniqlik kiritadi. Hozirgi vaqtda mehnat migratsiyasining sabab- oqibatlarining o‘zaro bog‘liqligini tushuntirib beradigan bir qator nazariya va konsepsiyalar ishlab chiqilgan. Ular yordamida mintaqalar o‘rtasidagi turli migratsiya oqimlarining ko‘lami, yo‘nalishlari, jadalligi, hududlarning ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishi mezonlari bilan birgalikda makrodarajada muvofiqlashtiradi (ish haqi miqdori, ish bilan bandlik darajasi, ishchizlik darajasi, kapital qo‘yilmalar hajmi, uy-joy sharoitlari, ish o‘rinlari soni va hokazolar bilan). Bunday o‘zaro aloqalarning muhim jihati – ular fe’l-atvorining migrantlar tarkibiga (yoshiga, jinsiga, ma’lumot darajasiga va kasbiy tayyorgarligiga va hokazolarga) bog‘liqlikni aniqlashdir.
Aholining oila yoki uy xo‘jaliklarida turmush sharoitining o‘zgarishi migratsiya to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun muhim bo‘lgan ko‘rsatkichlarning o‘zgarishiga ta’sir etadi va mikrodarajada o‘rganiladi. Bunday yondashuv migratsion xulq-atvor qonuniyatlarini tadqiq qilish uchun zarurdir. Umuman, ishlab chiqilgan nazariyalar va konsepsiyalar migratsiyani bashorat qilishda muhim bo‘lgan model va farazlar tuzilishiga asos bo‘ladi.
SHuningdek, mehnat migratsiyasining yuzaga kelishiga quyidagi vaziyat va holatlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi:
o‘z kasb yo‘nalishini amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarni yaratish, boshqa yashash joyida ish haqining eng yaxshi shart-sharoitlariga ega bo‘lgan ishga joylashish;
inson solig‘i hamda iqlimga xos yashash va ishlash shart-sharoitlarining zarurligi;
qarindoshlarga qo‘shilish;
ma’lum bir madaniyat, bilim va yashash tarzini o‘zgartirishga ehtiyoj;
mehnat ziddiyatlari va oiladagi kelishmovchiliklar;
tasodifiy holatlar, vaziyatlar va h.k.
Migratsiya sabablarining birinchi marta nazariy jihatdan tushuntirib berish odatda ingliz geografi Rovensteyn nomi bilan bog‘lanadi. U XIX asrning oxirlarida
«migratsiya qonunlari» nazariyasini taklif qilgan. Ana shu qonunlarga muvofiq migrantlar bir hududni cheklangan imkoniyatlar bilan tark etib, boshqa mintaqalarda katta imkoniyatlar niyatida joylashib oladilar. YAngi joylarni tanlashda masofa katta rol o‘ynaydi, chunki migrantlar yaqinroq masofalarga joylashishni xohlaydilar. Qishloq-shahar migratsiyasining har bir oqimi qishloq joylariga qarama-qarshi migratsiya oqimini vujudga keltiradi. Rovensteyn ta’kidlaganidek, shahar aholisi qishloq aholisiga nisbatan kam harakatdadir. SHuningdek, infratuzilmalar taraqqiyoti, transport va aloqa vositalarining rivojlanishi, savdoning kengayshi hamda sanoatning o‘sishi ham migratsiyani kuchaytiradi.
SHuningdek, ishchi kuchi migratsiyasini kelishiga tabiiy-iqlim, demografik, etnik omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Tabiiy-iqlim omillar deganda, ushbu jarayonga atrof-muhitning ta’siri tushuniladi. U iqlim, landshaft, ekologik tizimdagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Tabiiy-iqlim sabablarining mehnat migratsiyasiga ta’siri yashash joyini o‘zgartirganda migrantlarning bir qismini yangi joydagi iqlimga moslashuvi zarurligida namoyon bo‘ladi. Bu ba’zida ko‘chib kelganlar salomatligining yomonlashuvi bilan yoki migrantlarning ayrim qismlari uchun esa bu ob-havo iqlim sharoitlari yaxshi ta’sir qilishi bilan xarakterlanadi.
Mehnat migratsiyasining donor mamlakatlar iqtisodiyotiga o‘tkazadigan ijobiy ta’sirlari:
emigratsiya mamlakat mehnat bozorini ancha yumshatadi, ya’ni ishchi kuchi migratsiyasi natijasida ortiqcha mehnat resurslari soni kamayadi, ayniqsa, aholisi zich joylashgan mamlakatlarga sezilarli darajada ijobiy ta’sir o‘tkazadi (Xitoy, Hindiston, Meksika, Pokiston, Turkiya).
ishchi kuchi eksporti – donor mamlakatlarning emigrant ishchilariga tekin yangi mutaxassislikni o‘zlashtirishga, ularning malakasi oshishiga, yangi texnika va texnologiyalar bilan aloqa qila olishiga olib keluvchi jarayon;
migrantlar o‘z vataniga qaytayotganda o‘zi bilan qimmatbaho buyum, pul va shunga o‘xshagan noyob narsalarni olib kelishadi va shuningdek turli pul jo‘natmalarini amalga oshiradilar:
ishchi kuchi eksporti – valyuta kirib kelishining asosiy manbai bo‘lishi bilan birga ularning oila a’zolari turmush darajasi ko‘tarilishining yo‘llaridan biri;
donor mamlakatlar o‘z fuqarolarining xorijda ishlashini tashkillashtiradigan vositachi firmalardan davlat byudjetiga soliqlar undiradi.
Donor mamlakatlar iqtisodiyotiga ishchi kuchi migratsiyasining salbiy oqibatlarini quyidagilarda ko‘rish mumkin:
emigratsiya qiladigan mamlakatlar o‘zlarining mehnat resurslari yoki mehnatga layoqatli iqtisodiy faol aholining ma’lum qismidan ajraladilar;
donor mamlakatlar emigrantlarning bilim olish va malakasini oshirish uchun mablag‘ sarflaydilar;
malakali kadrlarning kamayishi, ya’ni bilimli va malakali kadrlarning chiqib ketishi sodir bo‘ladi. Buning natijasida esa davlat yirik miqdordagi pul mablag‘ini yo‘qotadi.
Retsepient mamlakatlar iqtisodiyotiga esa ishchi kuchi migratsiyasi quyidagicha ijobiy samara beradi:
xorij ishchilarining kirib kelishi yuqori darajadagi safarbarlikni keltirib chiqaradi, milliy iqtisodiyotning tarkibida ayrim tarmoqlarini shakllantiradi;
immigrantlar millatning yosh tarkibini yashartiradi, chunki odatda emigratsiya qilinganlar yoshlardan iborat bo‘ladi;
qabul qilib olayotgan mamlakatlar xarajatlarini tejashga erishadi, chunki o‘z ishchi kuchlarini bilim va malakasini oshirishga jo‘natayotgan donor mamlakatlar buni oldindan to‘lashgan bo‘ladi;
immigrantlar ichki bozor hajmini oshiradilar, tovar va xizmatlarga talabni va ishlab chiqarish xajmini oshiradilar;
ishchi kuchi importi tovarning raqobatbardoshligini oshiradi, chunki arzon ishchi kuchi kelishi bilan ishlab chiqarish xarajatlari tejaladi;
immigrantlarning vaqtinchalik bo‘sh turgan mablag‘lari, qabul qiluvchi davlat tomonidan o‘z iqtisodiyoti uchun moliyalashtiriladi;
immigrantlar demografik holatni yaxshilaydilar, bu ayniqsa, umumiy aholisi tarkibida qariyalar ulushi yuqori hisoblangan G‘arbiy Evropa mamlakatlari uchun xosdir;
Mehnat migratsiyasining retsepient davlatlar uchun salbiy tomonlari esa quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
mamlakatning iqtisodiy tarmoqlari xorij ishchi kuchlariga qaram bo‘lib qoladi;
ichki ishchi kuchlarining bahosi pasayadi va xorij ishchi kuchlarining taklifi oshib ketadi;
tub aholi bilan immigrantlar o‘rtasida turli ziddiyatlar paydo bo‘ladi va natijada mamlakatlararo nizolar ham paydo bo‘lishi mumkin;
immigrantlar mehnat faoliyatini olib borayotgan mamlakatda uzoq va qiyin moslashadilar.
Ishchi kuchini chetdan olib keluvchilar uchun ham, uni chetga chiqaruvchilar uchun ham tashqi mehnat migratsiyasining ijobiy va salbiy oqibatlarini tahlili
asosida ishchi kuchi harakatining iqtisodiy samaradorligini aniqlashga mo‘ljallangan qator iqtisodiy nazariyalar ishlab chiqilgan. Ularning ichida ko‘proq ma’lum bo‘lgani ishchi kuchi xalqaro migratsiyasining «balans» va «assimmetriya» nazariyalari bo‘lib, ularning har biri ishchi kuchini bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga ko‘chib yurishini turlicha tushuntiradi. «Balans» yoki neoklassik nazariya migratsiyani tor ma’noda, ya’ni asosan, mehnatga haq to‘lash, ishchi kuchi bilan ta’minlanganlik, ishlab chiqarish hajmining o‘sishi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi yoki ishchi kuchi migratsiyasini tovarlar va kapital oqimi singari yana bir ishlab chiqarish omilining harakati sifatida tushuntiradi. Ushbu nazariyaga binoan, migratsiya mehnat unumdorligi va ish haqi darajasi o‘rtasidagi tafovutlar ko‘payib borishi bilan o‘sib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |