Men yolg`on aytaman ,siz rostdan tinglang.
Inson umrining asl mohiyati nimadan iboratligi haqida juda ko`p o`ylaymiz. Haqiqatan olib qaraydigan bo`lsak, inson tug`iladi, yashaydi va vafot etadi. Bu yuzaki qarash xolos. Aslida esa mana shu yuzaki qarash ham bizga juda ko`p narsani anglatayotgandek. Chunki shu uch bosqichdan iborat bo`lgan umrni ham o`zi istaganidek yashashga qo`yishmaydi. Kimlardir hayotingizga aralashadi va mana shu aralashuvning oqibati juda ham yomon bo`lib chiqadi. Bu aralashuv bir insonning orzu umidlarini, ko`nglidagi istaklarini hisobga olmagan holda amalga oshirilsa, uning natijasi aynan shu hikoyada keltirilgan qizning taqdiri kabi ayanchli yakun topishi ehtimoldan holi emas. Hikoyani o`qir ekansiz beixtiyor hayolingiz olis-olislarga bosh olib ketadi. Istaysizmi, yo`qmi chuqur qayg`uga tushasiz va mana shu qayg`u ta`sirida qizning taqdiriga ich-ichingizdan achinasiz. Bu achinish esa qandaydir ichki kuch uyg`otadi va ovozingizning boricha “To`xtang. Qiz bolaning ko`ngli shu darajada eng oxirgi o`rinda turuvchi matohmidiki, bir og`iz bo`lsa ham undan so`rab qo`yishga yaramadingiz. Bu qanday odamlarki, ikki ota farzandlarining ko`nglida nima kechayotgani bilan zarra bo`lsin qiziqmasdan, to`y ahdini qilishadi? Bu qanday odamlarki o`z oriyatini o`z jon tomiridan bo`lgan farzandidan ham ustun qo`yadi? Bu qanday erkakki, ojiza bo`lgan ayolga muttasil qo`l ko`taradi? Bu qanday onaki, farzandi tinimsiz kaltaklansa ham bir og`iz yurak yutib uni o`sha “hayvon kuyovidan” himoya qila olmaydi? Bu qanday zamonki, insonlar bir-birlarining taqdirlariga jim, befarq qarab tursalar?” deb baqirgingiz keladi. Bir marta bo`lsa ham tolko`prikning tasviridan o`zingizni chetga oling va xotirjam holda o`zingizga savol bering: “Qiz shunday taqdirga, shunday xo`rliklarga rozimi edi?” Agar “ha” desangiz qizning haqiga hiyonat qilgan bo`lasiz. “Yo`q” desangiz esa atrofingizda sizga qarshi insonlarning yovvoyi nigohlariga duch kelasiz. Siz agar ana shu nigohlarni yengib o`z fikringizda sobit tura olsangiz siz hali insof va diyonatingizni chetga surib qo`ymagansiz. Hikoyada aynan motiv qilib tolko`prik olingani ham diqqatimizni tortadi. Nega aynan ko`prik toldan boshqa daraxtdan emas? Sabab sifatida esa tolning qayishqoqligini ko`rsatishimiz mumkin. Inson ham ayni mana shu toldek qismatning zarbalari qarshisida yengilmas va bo`ysunmas bo`lishi kerakdek taassurot qoldiradi. Hikoyada yashirin tarzda bo`lsa ham ayolning qadri degan tuyg`uga takror va takror murojaat qilingan. Uning eng avvalo, undan bir og`iz ham so`ralmasdan taqdiri hal qilinganligi bo`lsa, keyingilari uning kaltaklanishi va najot istab ota uyga qaytib borishi aynan uning qadrini belgilab berayotgan vaziyatlar hisoblanadi. Avval qiz bola ekanligida shirin orzular og`ushida yurgan edi. U birdaniga kelinga aylandi va hech qanday isyon ham, qarshilik ham qilmadi. Chunki u otasining qarorini hurmat qildi. Otasining yuzi yerga qarashini istamadi. “Kuyov chaqirdi” ga kelayotganda ham hammasidan mamnundek edi. Keyin esa butunlay hammasi teskarisiga aylana boshladi. U endi taqdiriga qarshilik ko`rsatishga harakat qila boshladi. Lekin har safar mana shu qarshiliklar otasining oriyati yoki g`ururi oldida mayda chaqadek bo`lib qolaverdi. U begonalardan emas aynan o`zining otasidan, onasidan najot izladi. Shu orada uning farzandlari ikkitaga yetdi. Lekin u kutgan kunlar kelmadi. Hammasi o`zgarmas qonun bo`yicha qolaverdi. Oxirgi marta qilgan iltijosini bir eslang: “Jon ota, urib o`ldirib qo`yadi. Iltimos, qaytarmang.” Beixtiyor qoningiz qaynayotganini, g`azabingiz kelayotganini sezib qolasiz. Shu daqiqada qanday qilib bo`lsa-da qizni himoya qilishga urinasiz. Afsus… siz ham qo`lingizdan hech narsa kelmasligini bilib alamdan labingizni tishlaysiz. Hayot ijodkor aytmoqchi bo`lgandek beshavqat. Odamlar esa unutuvchan. Eshityapsizmi, odamlar unutuvchan bo`ladi. Muallif ayni mana shu jumlaga alohida e`tibor qaratadi. Bir ayolni ikki farzandi bilan dom daraksiz g`oyib bo`lganini unutgan odamlar uning o`sha erdan ajrashib ota uyiga kelib qolganini unutishmas edimi? Avvalgi ayolining nom-nishonsiz yo`qolganiga qaramay boshqa qizga uylangan o`sha erkakka ko`nikkan odamlar u farzandlari bilan ota uyiga qaytib kelganiga ko`nikmas edimi? ….
Bir daqiqaga to`xtating hayotni. Iltimos, kimningdir hayotiga aralashmoqchi bo`lsangiz, avval uning ko`nglida nima borligiga zarra qiziqib qo`ying.
Tolko`prik ma`yus boqib turadi. U qandaydir xafahol qiyofada. Chunki u kunchiqish va kunbotishga ko`prik bo`ldi, ikki tomonni bog`ladi. Ammo insonlar qalbiga ko`prik sola olmadi. Ikki insonning qalblarini birlashtira olmadi. Hikoyada etni seskantiruvchi holatlar talaygina. Eng muhim jihati hikoyada biror bir ismning tilga olinmaganligidir. Ahamiyat qaratadigan bo`lsak, ijodkor obrazlarga ism qo`ymaslik orqali ajib bir maqsadni ko`zlagandek bo`ladi. Hikoyani o`qir ekansiz, uning qahramonlaridan qaysidir birini taniysiz. Uni hayotda ko`rgansiz…
Tolko`prik hanuz mahzun qiyofada boqib turadi…Insonlarning qalbiga ko`prik bo`lish oson emasligini anglagandek ma`yus turadi.