Ulug’ov A..Adabiyotshunoslikka kirish.T.,Universitet. 2000.
Umurov H. Badiiy ijod asoslari. T., “O’zbekiston”, 2001.
Umurov. H. Adabiyot nazariyasi. T., Sharq 2002.
ADABIYOT HAQIDA MA’LUMOT
Asrlar mobaynida badiiy ijod, badiiy adabiyot – milliy
ma’naviyatimiz ko’zgusi bo’lib kelgan. Buni o’zbek she’riyatining
gultoji deya e’tirof etilgan Mir Alisher Navoiy davridan to
bugungacha o’tkir qalam sohiblari yaratishgan badiiy ijod
mahsullariga payvand milliy qadriyatlarimiz, ma’naviyatimiz rivoji
misolida kuzatishimiz mumkin.
Sobiq mustabid tuzum davrida milliy qadriyatlarimizga,
ma’naviyatimizga, jumladan, milliy adabiyotimizga ham
beshafqat tajovuz qilingan edi. Adabiyotimizning XX asr
boshlaridagi asl darg’alaridan Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Usmon
Nosir kabi o’nlab yozuvchi shoirlari qatag’on qurboni bo’lgani
millat qalbidagi bitmas jarohatdir.
ABDULLA ORIPOV
Abdulla Oripov hozirgi o‘zbek she’riyatining yirik vakili, mohir tarjimoni va jamoat arbobidir.
U 1941-yil 21-martda Qashqadaryo viloyatining Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. 1958-yili o‘rta maktabni bitirib, shu yili Toshkent davlat
universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kiradi.
A.Oripov o‘quvchilik yillaridayoq she’rlar yozishni mashq qila boshlagan. Uning ilk she’rlari dastlab tuman gazetalarida e’lon qilinadi.
Talabalik yillarida esa she’rlari respublika matbuotida bosilib chiqib, adabiy jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Shoirning ilk to‘plami 1965-yili “Mitti yulduz” nomi bilan nashr qilingan. Shundan so‘ng 1966-yilda “Ko‘zlarim yo‘lingda”, 1969-yili
“Onajon”, “Ruhim”, 70-yillarda “Buloq”, “O‘zbekiston”, “Yurtim shamoli”, “Hayrat”, “Yuzma-yuz”, 80-yillarda esa “Najot qal’asi”,
“Yillar armoni” kabi qator to‘plamlari chop etildi.
1968-yil Abdulla Oripov Oybek, Uyg‘un, Mirtemir tavsiyalari bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinadi. U
avval “Yosh gvardiya” nashriyotida, keyinroq, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bo‘lim muharriri, “Sharq
yulduzi” jurnalining she’riyat bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining adabiy maslahatchisi, Yozuvchilar uyushmasi
Toshkent bo‘limi mas’ul kotibi, “Gulxan” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida
ishladi.
Abdulla Oripov O‘rta asr italyan shoiri Dantening “Ilohiy komediya”sidan “Do‘zax” dramasini, venger dramaturgi Xeltonning “Soqov
ritsar” nomli she’riy dramasini, Pushkin, Nekrasov she’riyatini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
A.Oripov 1983-yili Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. U adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun 1989-yili
“O‘zbekiston Xalq shoiri”, 1999-yilda esa “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvonlari bilan taqdirlandi. Abdulla Oripov 2016-yil 5-
noyabrda vafot etdi.