ФИО автора:
Hidoyatova Gulnoza Umidullayevna
O'zbekiston Badiiy Akademiyasi Ro'zi Choriyev nomidagi Surxondaryo
ixtisoslashtirilgan san'at maktab -internati Libos Dizayni o'qituvchisi
Название публикации:
«РУЗИ ЧОРИЕВ-ТАНИКЛИ СУРХОН МУСАВВИРИ»
Ro‘zi Choriyev – XX asr O‘zbekiston tasviriy san’atidagi yulduzli nomlardan biri. Uning ijodiy taqdiri o‘z xalqi,
mamlakati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Rassomdan meros bo‘lib nafaqat o‘ziga xos badiiy uslub,
betakror usul, balki olam va odam haqidagi betakror fikrlar, qarashlar ham qoldi. Ro‘zi Choriyev shunday
serqirra rassomki, uning ijodida mahalliy, milliy va umumbashariy ma’naviy qadriyatlar bir-biri bilan
chatishib ketgan. Shunchaki so‘zlar emas, balki musavvir yashagan va ijod qilgan voqelik ijodining tom
ma’nodagi mazmuni, mehvari sanaladi. Shu o‘rinda Ro‘zi Choriyev ijodining yana bir jihatini aytib o‘tmoq
joiz. Gap shundaki, hayotlik vaqtida u bir soniya ham rassom bo‘lmasdan yashagan emas. Hatto tashqaridan
qarab ham bilmagan odamlar ko‘rkam soqoli, doim kiyib yuradigan beretidan uning rassom ekaniga iqror
bo‘lar edilar. Hamkasb musavvirlar o‘z do‘stlarining ishlari haqida samimiy va g‘oyat ramzli tarzda: “Zo‘r!”
deb qo‘yishini tez-tez yodga oladilar. U ko‘rgazmalarning ochilish marosimlarida qo‘shiq aytishdan ham
o‘zini tiyolmasdi, chunki ko‘rgan-kechirganlaridan azbaroyi hayajonlanib, yuragiga sig‘dirolmasdi va
taassurotlari qo‘shiq bo‘lib otilib chiqardi. Ijodiy faoliyatda esa u har doim, faqat va faqat inson bo‘lib
qolaverardi. Buni biz noyob iste’dod sohibining deyarli barcha asarlarida chuqur his etamiz. U hayotni va
odamlarni sevardi: sevinishning uddasidan chiqardi va tevarak-atrofida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni
ko‘rar, mohiyatini teran his qila olardi.
Ro‘zi Choriyevning ijodiy taqdiri o‘zining noyob an’anaviy madaniyatiga ega go‘zal, ko‘hna va navqiron
Surxondaryo bilan bog‘liq. U 1931 yilning 28 avgustida shu viloyatdagi Pashqurt degan tog‘ bag‘ridagi
qishloqda dunyoga keldi. Bolalik chog‘laridayoq u tog‘lar fusunkorligiyu dala-dashtlar jozibadorligini, u
yerda istiqomat qiluvchi odamlarning ulug‘vor va keng qalbini o‘z qalbiga jo etar, vujudiga singdirib borardi.
Liboslardagi yorqin ranglar uyg‘unligi, rang-barang hunarmandlik buyumlari, an’anaviy qo‘shiq va
raqslarning alohida ohangdorligi, qishloqdoshlari timsolida namoyon bo‘luvchi urf-odat va rasm-rusumlar
rang-barangligi – bular barchasi bo‘lajak rassom ko‘z o‘ngida ikkinchi, sir-sinoatlarga to‘la dunyo bo‘lib
gavdalanardi. Rassomning bolalik paytidagi tasavvurlari o‘tkinchi holga aylanmadi, aksincha, ular inson va
rassom sifatida uning dunyoqarashiga mustahkam asos, negiz bo‘lib qoldi. Surxondaryo an’anaviy
madaniyati har doim rassom ijodiga ilhom va ozuqa berib keldi, uning suvratlaridagi bezak yechimida,
ramzu timsollarda o‘z ifodasini topdi, shu boisdan ham musavvir asarlaridagi quyosh nuri jilvalarining yorqin
bo‘yoqlari jilosidan tomoshabin dili beixtiyor ravshan tortadi.
Avval-boshdanoq yosh Ro‘zining romantikaga moyil ijodiy tabiati keyinchalik poytaxt – Toshkentda kamol
topdi. Unga rassomlikni Xudo yuqtirgan, shundan boshqa kasbu hunarga unda na havas va na ishtiyoq bor
edi. Shu intilish uni Respublika badiiy bilim yurtiga yetaklab keldi, o‘qishga kirdi va uni 1959 yilda bitirdi
ham. Badiiy bilim yurti Ro‘zining ko‘z o‘ngida tasviriy san’atning go‘zal olamini namoyon etdi, aynan shu
narsa rassom orzusidagi va mudom intilib kelgan maqsad edi. U tasavvuridagi bu jilvagar olamni, shaxsiy fikr
va tuyg‘ularini bo‘yoqlar hamda bo‘z matolar yordamida qayta gavdalantira olishini angladi.
546
Ro‘zi Choriyevning ijodkor sifatida shakllanishida I.E.Repin nomidagi Rangtasvir, haykaltaroshlik va
me’morchilik instituti katta rol o‘ynadi. U yerda bo‘lajak rassom Yu.Neprintsev ustaxonasida ta’lim oldi.
Realistik ifoda asoslarini anglash va rivojlantirishda bu ilm dargohining ahamiyati katta edi. Ro‘zi jahon
tasviriy san’at durdonalari bilan tanishish, abadiyat va go‘zallik bilan yuzma-yuz kelish imkoniyatiga ega
bo‘ldi. Akademik badiiy yo‘nalish Ro‘zi Choriyevda katta qiziqish uyg‘otdi. U bu yo‘nalishni mohirona
egalladi, tajribali, ko‘pni ko‘rgan muallimlar uning joniga oro kirdi. Shuningdek, u mazkur yo‘nalish tarkibiga
ekspressiya, harakat, sezgilar tarovatini olib kirdi. Hali talabalik vaqtlaridayoq uning ishlari
tengdoshlarinikidan yaqqol ajralib turardi. Ro‘zidagi sobitlik, tabiiylik ularda hadeganda ko‘zga
tashlanavermasdi. Musavvir chizgan portretlarda qahramonlar yashar, o‘ylar, ijod qilar, his etar edi.
San’atga nimanidir olib kirish Ro‘zi Choriyevga Alloh tomonidan ato etilgan fazilat, xislat edi. Uning
shaxsiyatini bundan boshqacha tasavvur etib ham bo‘lmasdi.
Rassomning 1960 yillardagi dastlabki mustaqil ishlaridan shu narsa yaqqol ko‘rinadiki, O‘zbekiston tasviriy
san’atiga o‘z dunyosi, ramzlari va syujetlari, uslub va mo‘yqalami bilan o‘ziga xos san’atkor kirib keldi. Ro‘zi
Choriyev turli janrlarda: portret, peyzaj, natyurmortda faol va barakali ijod qildi. Balki biz bugungi kunda
rassom ishlariga oz-moz ko‘nikib qolgandirmiz, ammo 1960 yillarda Ro‘zi Choriyev o‘z rangtasvir asarlariga
olib kirgan sezgi erkinligi o‘sha yillar san’atida his etilgan katta o‘zgarishlar ifodasi bo‘lib qoldi. Bu davrda
san’at 1930-50 yillar “sotsrealizmi”ning siyqasi chiqqan me’yoriy estetikasidan xalos bo‘lgan edi. Mazkur
san’at o‘zi uchun milliy, yevropa san’ati va kengroq olib qaraganda, jahon san’atining boy va rang-barang
an’analarini inkishof etdi.
Ro‘zi Choriyev bag‘rikeng inson edi, yuragida ezgulikdan o‘zga narsa yo‘q edi, hayot yo‘lida unga kim duch
kelgan bo‘lsa, hammasini sig‘dira oladigan ko‘ngil dunyosi bor edi. Rassom sifatida ham u doim biron-bir
yangilik o‘ylab topish payida bo‘lardi, turli badiiy an’analarni erinmay tadqiq qilar va o‘zlashtirardi. Nima
bo‘lganda ham Ro‘zi Choriyev tasviriy san’atda o‘z yo‘lini tanladi – bu realistik yo‘nalish uslubiy anglash
sifatida Sharq san’atini bezakchilik bilan singdirib yuborish yo‘li edi. San’atda bezakchilik haqida juda ko‘p
gaplar aytilgan va yozilgan. Sharq san’atida, jumladan,O‘zbekiston san’ati tarixida bezakchilik shunchaki
kolorit yorqinligida ifodalanib qolmagan, balki xalqning, dunyoning hayot manbai deb qarashini ham aks
ettirgan. U jo‘ngina rasmiy-plastik tushuncha emas, balki eng avvalo, mazmundor dunyoqarashga ega
chuqur nazariya hamdir.
Rassom chizgan portretlar xususida to‘xtalmay o‘tib bo‘lmaydi. Ular qator yorqin, betakror obrazlar
silsilasidan iborat bo‘lib, qahramonlari esa oddiy mehnatkashlar, katta va o‘rta yoshdagi erkaklar, ayollardir.
Ular yonginamizda, o‘zimiz bilan baqamti yashab turgan zamondoshlarimizdir. Shu bilan birga har bir obraz
– bu betakror individuallik, boy ichki olamdir. Har bir portret yechimida jo‘shqinlikning muayyan ulushi bor,
ammo asosiysi, rassomning o‘zi chizayotgan insonga nisbatan muhabbat tuyg‘usi mana men deb turadi.
Bir necha yildirki, Ro‘zi Choriyev oramizda yo‘q… Ammo uning dil qo‘ri, shijoati, ezguligi, insoniy pokligi bilan
yo‘g‘rilgan suvratlari biz bilan qoldi. Ularni Davlat san’at muzeyida, Badiiy ko‘rgazmalar direktsiyasida,
Tasviriy san’at saroyida, xususiy jamlamalarda topish va tomosha qilish mumkin. Musavvirning ko‘plab
547
hazilomuz gaplari el ichida hikmat va latifalarga aylangan: “O‘zingizni allaqanday mayda-chuydalarga urib,
ovora bo‘lmang – bu dunyoda faqat ishlash, ishlash va ishlash kerak”. Bu hayotiy taomilga Ro‘zi Choriyev
eng avvalo o‘zi amal qildi. Uning milliy tasviriy san’atdagi xizmatlari munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston xalq
rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi.
Ro‘zi Choriyev yonib yashadi, yonib ijod qildi, do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari, uni tanigan va bilgan
barcha uchun munosib ibrat, yorqin xotira bo‘lib qoldi. Atoqli musavvir 2004 yilning 18 sentyabrida
dunyodan ko‘z yumdi.
548
Do'stlaringiz bilan baham: |