185-modda. Mehnat shartnomasining bir tarafi boshqa tarafga yetkazgan zararni qoplash majburiyati
Mehnat shartnomasining bir tarafi (ish beruvchi yoki xodim) mehnat sohasidagi vazifalarni bajarishi munosabati bilan boshqa tarafga yetkazgan zararini ushbu Kodeks va mehnat to’g’risidagi boshqa me’yoriy hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq qoplaydi.
Mehnat shartnomasi yoki unga qo’shimcha ravishda tuzilgan yozma shakldagi kelishuvda, shuningdek jamoa shartnomasida mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi aniqlashtirib qo’yilishi mumkin. Bunda shartnoma bo’yicha ish beruvchining xodim oldidagi javobgarligi ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan kam, xodimning ish beruvchi oldidagi javobgarligi esa nazarda tutilganidan ko’p bo’lmasligi kerak. Zarar yetkazilganidan keyin mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinganiga mehnat shartnomasi taraflarini moddiy javobgarlikdan ozod qilishga sabab bo’lmaydi.
186-modda. Moddiy javobgarlikning yuzaga kelishi shartlari
Mehnat shartnomasining bir tarafi o’zining g’ayrihuquqiy, aybli xulq-atvori (harakati yoki harakatsizligi) natijasida boshqa tarafga yetkazgan zarari uchun, basharti ushbu Kodeksda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo’lsa, moddiy javobgar bo’ladi.
Taraflarning har biri o’ziga yetkazilgan moddiy zararning miqdorini isbotlab berishi shart.
Zararni qoplash ma’muriyatning buyrug’i bilan xodimdan yozma rozilik olingan holda, ish haqidan ushlab qolish yo’li bilan amalga oshiriladi. Yozma rozilik bo’lmagan yoki xodim rozilik bermagan taqdirda ish haqidan ushlab qolinmaydi va zararni qoplash masalasi ma’muriyatning arizasiga ko’ra hokimiyat xalq sudi tomonidan hal qilinadi.
Xodimning korxonaga yetkazgan moddiy zararini ish haqidan jarima asosida ushlab qolish Mehnat kodeksining 164-moddasiga rioya qilgan holda, ish bilan ta’minlovchi tomonidan amalga oshiriladi.
164-modda. Mehnat haqidan ushlab qolish
Umumiy qoidaga ko’ra, xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo’lmagan taqdirda esa, — sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin.
Quyidagi hollarda xodimning roziligidan qat’iy nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadi:
1) O’zbekiston Respublikasida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni undirish uchun;
2) sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun;
3) ish haqi hisobiga berilgan avansni ushlab qolish uchun, xo’jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoki boshqa joydagi ishga o’tganligi munosabati bilan berilgan bo’lib, sarf qilinmay qolgan va o’z vaqtida qaytarilmagan avansni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar natijasida ortiqcha to’langan summani qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi avansni qaytarish yoki qarzni to’lash uchun belgilangan muddat tamom bo’lgan kundan yoxud haq to’lash noto’g’ri hisoblab chiqaril-gan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan avans yoki qarzni ushlab qolish haqida farmoyish berishga haqlidir. Agar bu muddat o’tib ketgan bo’lsa yoki xodim xo’jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoxud boshqa joydagi ishga o’tganligi munosabati bilan berilgan avansning ushlab qolinishini asossiz yoki miqdorini noto’g’ri deb hisoblasa, u holda qarz sud tartibida undiriladi;
4) hisobidan xodim ta’til olib bo’lgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, — ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun. Ana shu kunlar uchun haq mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 89-moddasining to’rtinchi qismida, 100-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlarda, 106-moddasining 1 va 2-bandlarida ko’rsatilgan asoslarga ko’ra, shuningdek o’qishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan bekor qilinganda ushlab qolinmaydi;
5) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o’rtacha oylik ish haqidan ortiq bo’lmasa;
6) ushbu Kodeksning 181-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun.
Do'stlaringiz bilan baham: |