Mehnat muhofazasi inson mehnati, sog`lig`i va hayotiga bevosita daxldor masala bo`lib, uni o`z mohiyatidan kelib chiqqan holda keng va tor ma`noda anglamoq lozim.
Keng ma`nodagi mehnat muhofazasi-bu mehnat faoliyati jarayonida inson hayoti va sog`lig`ining xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, sanitariya-gigiena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya va boshqa tadbirlar tizimidan iboratdir. Mehnat muhofazasining bunday keng ma`nodagi tushunchasi xavfsiz va sog`lom mehnat sharoitini ta`minlashga qaratilgan bo`lib, barcha vositalarni, ya`ni huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy-texnikaviy, tibbiy va boshqalarni o`z tarkibiga oladi. Bu tadbir O`zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida”1993 yil 6 maydagi qonunida mujassamlashgan.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, faqat mehnat muhofazasining keng ma`nodagi tushunchasi xavfsiz va sog`lom mehnat sharoitini ta`minlab bera oladi. Agar uning birorta komponenti (huquqiy, tibbiy, iqtisodiy yoki texnikaviy) etarli ta`minlanmasa, umuman mehnat muhofazasi ta`minlanmay qoladi. Shu bois mehnat muhofazasi masalalari turli institutlarda o`qitiladi.
Mazkur qonun ishlab chiqarishda sog`lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta`min etishda juda katta ahamiyat kasb etadi. SHuningdek:
mehnatkashlarning mehnat muhofazasiga oid huquqlarini amalga oshirish;
mulkning barcha shaklidagi korxonalarida xodimlar bilan ish beruvchi o`rtasidagi mehnat muhofazasiga oid munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning yagona tartibini belgilab beradi va uni ta`minlaydi;
xodimlar uchun sog`lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratib berishni yo`lga qo`yadi va amalga oshiradi.
Ma`lumki, mehnatni muhofaza qilish borasida O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi qonuni ham muhim ahamiyatga ega bo`lib, uning asosiy vazifasi:
fuqarolarning sog`liqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishishini ta`minlash;
fuqarolarning sog`lom turmush tarzini shakllantirish;
davlat organlari, korxonalar. muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashlarining fuqarolar sog`liqini saqlash sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdan iboratdir. SHu bilan birga boshqa qonun hujjatlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari, Farmoyishlari, tegishli normativ-huquqiy hujjatlari, O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan qabul qilingan qarorlar, davlat organlari hujjatlari, jamoa shartnomalari, kelishuvlari tadbiq etiladi.
Mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunlar, ularning qo`llanish sohasi jihatidan juda kengdir.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-sonli qarori bilan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalarni va xodimlar sog`lig`ining boshqacha tarzda shikastlanishlarni tekshirish va xisobga olib borish to`g`risida Nizom tasdiqlangan. O`zbekiston Respublikasi hududida mulkchilikning barcha shaklidagi korxona, muassasa, tashkilotlarda, shuningdek mehnat shartnomasi bo`yicha ishlayotgan ayrim fuqarolarda mehnat faoliyati bilan bog`liq holda xodimlar bilan ro`y bergan baxtsiz xodisalarni tekshirish va xisobga olib borish tartibi belgilab berilgan. Mazkur Nizom yana:
-sud hukmiga binoan jazoni o`tayotgan fuqarolarga ishlab chiqarishdagi ish davomida;
-ish beruvchilarga;
-pudrat va topshiriq shartnomalari bo`yicha fuqarolik-huquqiy (kontraktlar) bitimlar asosida ish bajarayotgan shaxslarga;
-tabiat xodisalari va texnogen xarakteridagi favqulodda xodisalarning oqibatlarini tugatishda ishtirok etayotgan shaxslarga;
-yollanib ishlayotgan chet el fuqarolariga, basharti maxsus xalqaro shartnomalarda o`zgacha holat ko`rsatilmagan bo`lsa;
-harbiy xizmatni o`tash bilan bog`liq bo`lmagan qurilish, qishloq xo`jaligi va boshqa ishlarni bajarish uchun korxonalarga ishlashga yuborilgan harbiy xizmatchilarga, shuningdek, muqobil xizmatni o`tayotgan shaxslarga;
-korxonada ishlab chiqarish amaliyotini o`tayotgan talabalar va o`quvchilarga nisbatan tadbiq etiladi, tekshirib ko`riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |