10-bob. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari blankalarini tayyorlash, taqsimlash, hisobga olish va saqlash Oldingitahrirga qarang. 54. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari, mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (094\x shakl), ta’lim olayotgan shaxslar uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (095\x shakl) va bemor bolani parvarishlash uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) blankalari (bundan buyon matnda blankalar deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining (bundan buyon matnda Sog‘liqni saqlash vazirligi deb yuritiladi) buyurtmasi bo‘yicha tayyorlanadi.
(54-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 11-maydagi 117-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-2, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/2667-2/0765-son) Blankalarni tayyorlashga sarflanadigan xarajatlar (shu jumladan, sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari, boshqa vazirlik va idoralar tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari uchun) Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Blankalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari, vazirlik va idoralar tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan taqdim qilingan davolash-profilaktika muassasalarining ehtiyoji inobatga olingan talabnomasi (kirim-chiqim hamda kasalliklar bo‘yicha ishlatilgan blanka hisoboti) asosida bir yilda ikki marotaba tarqatiladi.
Boshqa vazirlik va idoralar o‘z tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari ehtiyojlari uchun blankalarni markazlashgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligidan oladi.
Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlaridagi davolash-profilaktika muassasalari uchun blankalar Sog‘liqni saqlash vazirligining zaxirasi hisobidan ajratiladi.
Blankalar qimmatbaho pochta jo‘natmalari bilan tarqatiladi. Jo‘natilgan blankalarning yuk xatlari alohida buyurtma xat — topshirganlik to‘g‘risidagi xabarnoma bilan yuboriladi.
55. Blankalarni tayyorlash, taqsimlash, hisobga olish, saqlash va hisobini yuritish ishlarini tashkil qilishga O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari, davolash-profilaktika muassasalari hamda tibbiy xizmatga ega bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan mas’uldirlar.
56. Davolash-profilaktika muassasalari tomonidan blankalarning kirim va chiqim hisobotlari olib boriladi va blankalarni hisobga olish daftarida qayd qilinadi.
Blankalarni hisobga olish daftari ip o‘tkazilib tikilgan, betlari raqamlangan, oxirgi betida davolash-profilaktika muassasasining nomi, varaqlar soni ko‘rsatilgan va javobgar shaxs tomonidan imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim.
57. Davolash-profilaktika muassasalari shifokorlari (feldshyerlari) blankalarning ishlatilganligi to‘g‘risidagi hisobotni ularning koreshoklarini javobgar shaxsga topshirish yo‘li bilan amalga oshiradi.
Rasmiylashtirilgan blankalarning rekvizitlari blankalarni hisobga olish daftarida qayd qilinadi.
Bemor tomonidan olinmagan yoki rasmiylashtirishda xatoga yo‘l qo‘yilgan blankalarga “X” shaklida chizilib, katta harflar bilan “yaroqsiz” yoki “buzilgan” deb bekor qilinadi va javobgar shaxsga topshiriladi.
Rasmiylashtirilgan blankalarning koreshoklari, bemor tomonidan olinmagan yoki rasmiylashtirishda xatoga yo‘l qo‘yilgan blankalar davolash-profilaktika muassasalarida 2 yil davomida saqlanadi va davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrug‘i asosida yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘qotiladi. Yo‘qotilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma 10 yil davomida saqlanadi.
Davolash-profilaktika muassasalari blankalar yo‘qolgan barcha hollar bo‘yicha ularni bevosita yetkazib bergan tashkilotga xabar berishlari lozim.
58. Erkin shakldagi ma’lumotnomalarning berilishi tibbiy hujjatlarga asoslanadi va uning raqami, berilgan sanasi maxsus jurnalda qayd qilinadi.