Aim.uz
Mehnatga haq to`lash tamoyillari va vazifalari
Qishloq xo`jaligi korxonalarida ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini oshirish, ishchi va xizmatchilarning mehnat faolligi va mehnat intizomi ko`p jihatdan moddiy manfaatdorlik tamoyiliga amal qilinishiga bog`liq.
Moddiy manfaatdorlik tamoyili ijtimoiy ishlab chiqarishning asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ishlab chiqarish munosabatlari va manfaatlar masalasiga to`xtaladigan bo`lsak, har bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzum, avvalo, ma’lum manfaatlar sifatida namoyon bo`lishini tushunishimiz kerak.
Moddiy manfaatlar har doim mavjud ishlab chiqarish munosabatlari bazasida vujudga keladigan bo`lganligi uchun, ular obyektiv xarakterga ega. Moddiy manfaatlar kishilar tomonidan to`la tushunib olingandan keyin ma’lum maqsad va harakat sifatida namoyon bo`lganda rag`batlantiruvchi kuch va moddiy rag`batlantirishga aylanadi.
Agar moddiy manfaatlar sinflar, ijtimoiy guruhlar, ayrim jamoalarning o`zaro va jamiyat bilan hamda xodimlarning korxonalar va jamiyat bilan bo`ladigan munosabatlarini ifodalaydigan bo`lsa, moddiy manfaatdorlik esa oxirgi munosabatlar guruhi, ya’ni xodimlarning korxona jamoa va jamiyat bilan bo`ladigan munosabatlari bir qismini ifoda etadi. Bu tushunchadan shunday xulosa kelib chiqadiki, ishlab chiqarish va mehnat texnika bilan qancha qurollanib borsa, ishlab chiqarishdagi xodimlarning roli, shu vositalardan samarali foydalanishdagi moddiy va ma’naviy manfaatdorligini ta’minlashning ahamiyati shuncha ortib boradi.
Moddiy manfaatlar juda ko`p bog`lanishda bo`ladi. Ular tizimini quyidagi uch guruhga bo`lish mumkin:
- ijtimoiy manfaatlar;
- shaxsiy manfaatlar;
- jamoa manfaatlar.
Bu manfaatlar guruhlari o`zaro dialektik birlik va noantogonistik qarama-qarshiliklarda namoyon bo`ladi va harakat qiladi.
Ijtimoiy manfaatlar – butun jamiyat manfaati, barcha mehnatkashlarning manfaati.
Jamoa manfaatlari – davlat, jamoa, ishlab chiqarish jamoalarini manfaati.
Shaxsiy manfaatlar esa, avvalo, jamiyatning ayrim kishilari manfaati. Shaxsiy manfaat faqatgina mehnatga haq to`lash bilan cheklanmaydi. Iqtisodiy munosabatlar moddiy manfaat doirasida takror ishlab chiqarishning hamma bosqichlarida amal qilganligi uchun taqsimot va ayniqsa, iste’mol vositalari taqsimotida juda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun mehnatga qarab taqsimot iqtisodiy qonuni talabini amalga oshirish mehnatga haq to`lashni to`g`ri tashkil etish orqali shaxsiy manfaatdorlik ta’minlanadi.
Qishloq xo`jaligi korxonalarida shaxsiy manfaatdorlikni ta’minlash vositalaridan biri bo`lgan mehnatga haq to`lashni to`g`ri tashkil etish uchun quyidagi tushunchalarga amal qilish talab etiladi:
1. Ish haqini o`sish sur’ati mehnat unumdorligining o`sish sur’atiga to`g`ri kelishi, ya’ni mehnatga haq to`lashni tashkil qilishda uning shunday shakl va tizimini ishlab chiqish va joriy qilish kerakki u mehnat unumdorligini ustun darajada o`sishini ta’minlasin, aks holda ijtimoiy jamg`arishni amalga oshirib bo`lmaydi.
2. Ish haqi darajasi xodimlarning o`z malakasi va mutaxassisligini doimo oshirib borishga rag`batlantirish darajasida bo`lishi.
3. Mehnatga haq to`lashni tashkil qilishda bajariladigan ishlarning xususiyati, ishlarni bajarish, mahsulot yetishtirish sharoitlari, ishlarning og`ir yoki yengilligi, malakali mehnatni talab qilish-qilmasligi hisobga olinishi kerak.
4. Haq to`lashning shakl va tizimi hamda darajasi ishlab chiqarishning miqdor ko`rsatkichlari bilan bir qatorda uning sifat ko`rsatkichlarini yanada yaxshilash, ishlab chiqarishning mavjud imkoniyatlarini hisobga olgan holda korxona faoliyatini rejalashtirish va yuritishni rag`batlantiradigan darajada bo`lishi.
5. Mehnatga haq to`lash avvalo ishlab chiqarishning pirovard natijalari bilan bevosita bog`liq bo`lishi.
6. Mehnatga haq to`lash shakl va tizimining oddiy, sodda hamda barcha xodimlarga tushunarli darajada bo`lishi.
Bu tamoyillarga to`la amal qilish ish haqining rag`batlantiruvchi funksiyasini yanada oshiradi, xodimlarning mehnat faolligini ta’minlaydi.
O`zbekiston davlati, uning Prezidenti moddiy manfaatdorlik va mehnatga haq to`lashning nazariy masalalarini yanada rivojlantirib, mehnatga haq to`lashni takomillashtirish borasida juda yirik tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Prezidentimiz Oliy Majlisining X sessiyasidagi Qishloq xo`jaligi taraqqiyoti – to`kin hayot manbai» mavzusidagi nutqlarida bu masalaga katta e’tibor berdilar.
Chunonchi:
- mehnat unumdorligini o`stirishda fan va texnika taraqqiyotini jadallashtirishda, mahsulot sifatini yaxshilashda haq to`lashni rag`batlantirishning rolini kuchaytiradi;
Tarif tizimini takomillashtirish va uning rolini oshirish:
-
kamroq xodimlar bilan mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash uchun moddiy rag`batlantirishning progressiv shakllarini, ya’ni pudrat va akkord haq to`lash usullarini keng qo`llash.
-
mukofotlashning barcha tizimini takomillashtirish, uning mehnat natijalari, mahsulot sifati, texnikaviy asoslangan ish va mahsulot yetishtirish me’yorlarini bajarilishi bilan bog`liqligini ta’minlash.
-
turli tarmoqlarda band bo`lgan ishchi va xizmatchilarga to`lanadigan ish haqidagi o`zaro nisbatlarni yaxshilash, tabiiy-iqlim sharoitlari og`ir bo`lgan tumanlarda ishlayotgan mehnat sharoiti og`ir va noqulay bo`lgan ishlarda band bo`lgan xodimlarning mehnatiga haq to`lashdagi imtiyozlarni kengaytirish.
-
xo`jaliklarda mehnat haqi miqdorini ishning pirovard natijalariga tobora bog`liq qilib qo`yish.
-
murakkabligi, og`irligi va intensivligi bir xil bo`lgan mehnatga tobora bir xil haq to`lashni ta’minlash.
Mehnatning miqdori va sifatiga ko`ra haq olish mehnatkashlarning konstitutsion huquqi bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida shunday yozilgan: «O`zbekiston fuqarolari mehnat qilish huquqiga, ya’ni mehnatning miqdori va sifatiga muvofiq va kamida davlat tomonidan belgilangan minimum miqdorida haq to`lanadigan va kafolatlangan ish haqi olish huquqiga ega».
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |