[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.15.00 Ta’tillar. Bolalarning yozgi dam olishi]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining qishki ta’tilini tashkil etish to‘g‘risida
Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning qishki ta’til vaqtida o‘zlari doimiy ravishda istiqomat qilayotgan joylarga o‘z vaqtida va xavfsiz yetib borishlari va qaytishlarini tashkil etish, ularning qishki ta’til vaqtini samarali va mazmunli o‘tkazishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining dekabr oyining oxirgi o‘n kunligi va yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari talaba (o‘quvchi)larining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik)
mavjud sharoitdan kelib chiqib, o‘quvchi va talabalarga ta’til berish muddatini o‘zgartirish huquqi beriladi;
mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tartib nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.
3.
Tizimida oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar va davlat ulushi mavjud xo‘jalik birlashmalari qishki ta’tilni tashkil etish yuzasidan zarur choralarni uyushqoqlik bilan amalga oshirsinlar hamda talaba va o‘quvchilarga ularning doimiy yashash joylariga borib kelishida har tomonlama yordam bersinlar.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
bayram kunlari va qishki ta’til davrida talabalar turar joylarida qolayotgan talabalarning xavfsizligi va bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi,
shuningdek, ovqatlanishi mazkur oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
ta’til
davrida oliy, o‘rta maxsus, professional davlat ta’lim muassasalari va ular filiallarining pedagogika sohasidagi imkoniyatidan samarali foydalanish ta’minlanadi, o‘quvchilar va talabalar bilan ishlashning darsdan tashqari faol usullari, shuningdek, pedagog
xodimlar malakasini oshirish, oliy ta’lim muassasasining sohasiga muvofiq turli maslahat yordamini berish nazarda tutiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda talaba va o‘quvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularning hududlarga harakatlanish imkoniyatini oshirish maqsadida har yili qishki ta’til kunlari ularning yashash joylariga borishlari va ta’lim muassasasiga o‘z vaqtida qaytib kelishlari uchun vaqtincha ko‘paytirilgan transport vositalari qatnovini yo‘lga qo‘ysin.
6. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Uzbekistan airways” AJga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining qishki ta’tilni e’lon qilish haqidagi buyrug‘i va buyurtmanomalari asosida qishki ta’til boshlanishidan 10 kun avvaldan boshlab chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foizli chegirma to‘lovi asosida respublika ichida harakatlanuvchi tezyurar va yo‘lovchi (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar va barcha yo‘lovchi
poyezdlarning SV, VIP vagonlari bundan mustasno) poyezdlariga hamda mahalliy aviareyslarga chiptalarning ekonom sinfi tarifi qiymatidan 50 foizli chegirma to‘lovi asosida sotuvini tashkil etish tavsiya etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, 2022-yildan boshlab qishki ta’til davrida o‘quvchi va talabalarning yo‘nalishli shaharlararo avtobus qatnovi orqali harakatlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan muddatli imtiyozlar to‘plamini (chegirmali chiptalar, aksiyalar) taqdim etish mexanizmi joriy etiladi. Bunda, imtiyozlar talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy muhofazalanishi
zaruratidan kelib chiqib, tashuvchilar tomonidan joriy etiladi.
7. Qishki ta’til paytida harakatlanish grafigini muvofiqlashtirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari talabalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi operatorlarning ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi uch oy muddatda Vazirlik bilan birgalikda o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazalarini yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi operatorlar ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish chorasini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-oktabr,
560-son
(Qonunchilik ma’lumotlari
milliy bazasi, 04.10.2022-y., 09/22/560/0885-son)