14.3-rasm. Mintaqaviy rivojlanish banklari
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) – 1991-yilda tashkil topgan va unga 56 ta mamlakat a’zo. YeTTB Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan.
YeTTB tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar soni 1991-2012-yillarda 3644 taga (2012-yilda 393 ta) yetdi. 1991-2012-yillarda amalga oshirilgan loyihalarning umumiy qiymati 235,4 mlrd. yevroni, 2012-yildagi loyihalar qiymati esa 24,8 mlrd. yevroni tashkil etdi12.
YeTTB ning asosiy faoliyat doirasi quyidagilardan iborat:
infratuzilmani rivojlantirish;
turli xususiy va xususiylashtirilgan korxonalarning loyihalarini moliyalashtirish va kreditlash. Bunda resurslarning 60 % xususiy sektorga, 40 % davlat sektoriga mo‘ljallangan;
xususiy kapital qo‘yilmalarga kafolatlar berish;
iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini qayta qurish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
aniq loyihalarga maslahat-texnik yordam berish.
Xususiy sektorning rivojlanishi, xususiylashtirish jarayoni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, moliya muassasalari hamda sanoat sektorini tashkil etish va mustahkamlash, kichik biznesning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha va dasturlar YeTTB uchun ustuvor hisoblanadi. Bank xususiy va xususiylashtirilgan korxonalar taklifi, homiylar salohiyati yuqori bo‘lishi va biznes rejalarining ishonchli bo‘lishini talab qiladi.
Boshqa rivojlanish banklaridan farqli ravishda YeTTB siyosiy tuzilmalarni kreditlashda ishtirok etmaydi va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda loyihaviy moliyalashga ixtisoslashgan.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) – 1966-yilda tashkil topgan va unga 67 ta mamlakat (48 ta hududiy va 19 ta hududdan tashqari mamlakatlar) a’zo. OTB ga a’zolik BMT ning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha komissiyasidagi barcha mamlakatlar va Osiyo mintaqasidagi boshqa mamlakatlari (agar agentliklariga a’zo bo‘lsalar) uchun ochiq. A’zolikda mavjud bunday keng imkoniyatlar OTB da Osiyo mintaqasidan tashqari mamlakatlar ulushining ortishiga olib keldi, ularga bank aksiyalarining qariyb 37 % va ovozlarining 35,0 % to‘g‘ri keladi.
Yaponiya, AQSh, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Indoneziya, Kanada, Janubiy Koreya OTBning yirik aksiyadorlari (aksiyalar paketi 5 %dan ko‘p bo‘lgan) hisoblanadi. Xitoy, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Bangladesh kabi mamlakatlar asosiy qarz oluvchi mamlakatlar sanaladi.
OTB ning maqsadi Osiyo qit’asidagi rivojlanayotgan mamlakatlarga iqtisodiy rivojlanishda ko‘maklashish, hududiy hamkorlikni rag‘batlantirish, a’zo mamlakatlarga texnik yordam ko‘rsatish va ularning iqtisodiy siyosatini muvofiqlashtirishdan iborat.
OTB transport va kommunikatsiya, energetik loyihalar, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslar, moliya, ijtimoiy infratuzilma sohalarini moliyalashtiradi.
Islom taraqqiyot banki (ITB) – 1974-yilda tashkil topgan. Unga islom diniga e’tiqod qiluvchi 35 ta mamlakat, ya’ni Islom anjumanining deyarli barcha a’zolari kiradi. Ustav kapitalining miqdori OTB dan 5 marta kam. ITB ning maqsadi a’zo mamlakatlarning rivojlanish loyihalarini, tashqi savdoni kreditlash va savdo, sanoat kompaniyalari kapitallarini investitsiyalashdan iborat.
1976-2008-yillar davomida ITB tomonidan 56,9 mlrd. dollar qiymatidagi 6103 ta loyiha moliyalashtirilgan. 2008-yilda bank tomonidan loyihalarni moliyalashtirish, texnik ko‘mak berish, savdoni moliyalash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 399 ta loyihaga 5,7 mlrd. dollar mablag‘ yo‘naltirilgan.
Asosiy tayanch tushunchalar
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarni davlatlararo tartibga solish – turli mamlakatlar tomonidan jahon xo‘jalik aloqalari sohasida ixtiyoriy ravishda qabul qilinadigan umumiy majburiyat va qoidalar yig‘indisi.
Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar – bu xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida hamkorlikdagi qarorlarni ishlab chiqish, tartibga solish, bir xillashtirish (unifikatsiyalash) maqsadida xalqaro kelishuvlar asosida tashkil etilgan tashkilotlar.
Xalqaro valyuta-moliya tashkilotlari – jahon valyuta tizimini rivojlantirish va mustahkamlash, jahon moliyaviy resurslar bozorini barqarorlashtirish va kapital aylanishini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tashkilotlar.
Xalqaro valyuta fondi (XVF) – 1945-yilda tashkil etilgan bo‘lib, maqsadi a’zo mamlakatlar valyuta-moliya siyosatini muvofiqlashtirish, to‘lov balansini tartibga solish va valyuta kursini barqarorlashtirish uchun qarz berish hisoblanadi.
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) – 1946-yilda tashkil etilgan bo‘lib, maqsadi a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini qayta qurishga va rivojlanishiga kapital qo‘yilmalar berish, xususiy xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish orqali ko‘maklashish, to‘lov balansi muvozanatini ta’minlashga qaratilgan qarz berishdan iborat.
Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) – 1960-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uzoq muddatga foizsiz, kredit ko‘rinishida va bozor shartlari bo‘yicha qarz olish imkoniga ega bo‘lmagan dunyoning eng past daromadli mamlakatlariga grantlar beradi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) – rivojlanayotgan mamlakatlar xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1956-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilot.
Investitsiyalarni kafolatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama agentlik (MIGA) – 1988-yilda a’zo mamlakatlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tashkilot.
Investitsion nizolarni tartibga solishning xalqaro markazi (ICSID) – 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, maqsadi xorijiy investorlar va investitsiyalarni jalb etuvchi mamlakatlar o‘rtasida yuzaga kelgan xalqaro investitsion nizolarni arbitraj ko‘rib chiqish va tartibga solish mexanizmini ta’minlab berishdan iborat.
Xorijiy investorlarga maslahat berish agentligi – Jahon bankining bo‘linmasi bo‘lib, a’zo mamlakatlar hukumatlarini xorijiy investitsiyalar masalalari bo‘yicha konfldensial maslahatlar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tashkilot.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) – 1991-yilda tashkil topgan. YeTTB Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga bozor iqtisodiyotiga o‘tishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda yordam berish maqsadida tuzilgan.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) – 1966-yilda tashkil topgan bo‘lib, maqsadi qit’aning rivojlanayotgan mamlakatlariga iqtisodiy rivojlanishda ko‘maklashish, hududiy hamkorlikni rag‘batlantirish, a’zo mamlakatlarga texnik yordam ko‘rsatish va ularning iqtisodiy siyosatini muvofiqlashtirishdan iborat.
Islom taraqqiyot banki (ITB) – 1975-yilda tashkil topgan bo‘lib, maqsadi a’zo mamlakatlarning rivojlanish loyihalarini, tashqi savdoni kreditlash va savdo hamda sanoat kompaniyalari kapitallarini investitsiyalashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |