So`zning morfologik strukturasidagi o`zgarishlar. So`zning morfologik strukturasida uchraydigan tarixiy o`zgarishlarning eng asosiylari soddalanish va morfologik qayta bo`linishdir. Bu jarayonlar, ya'ni soddalanish va morfologik qayta bo`linish hodisalari haqida "O`zbek tili grammatikasi"da quyidagicha so`z yuritiladi:
Soddalanish. So`zning morfemalarga bo`linish hodisasining bora-bora o`zgarishga yuz tutishi mumkinligini yuqorida ayt, art so`zlari misolida ko`rdik (ilgari ikki morfemaga ajralgan, hozir ajralmaydi). Yana quyidagi misollarni chog`ishtiring:
1. qopla (bug`doyni qopla) so`zi ikki morfemadan iborat bo`lib, o`zagi qop otidir (qop-la; qiyoslang: qop-qanor): qop - berkitadigan predmet, qopla - shu predmet vositasi bilan berkitish, shu predmetga ega qilish. Lekin qop so`zi berkitish ma'nosidagi fe'l hamdir. Misollarni qiyoslaylik: Tishning ustini tilla bilan qopladi, Xarajatni qopladi, Ko`rpani qopladi, Yer yuzini qopladi kabi gaplardagi qopla fe'lining o`zagi "berk" ma'nosidagi sifat bo`lsa (qopla - berkla, berk, bekik holga keltir), Kuchuk qopti gapidagi qop so`zining o`zi fe'ldir. Demak, biz bu o`rinda shunday holni ko`ramiz: qop so`zi ham fe'l, ham ot (keng ma'noda), bular aslda ichki tomondan bir-biri bilan bog`liq bo`lgan. Anglashiladiki, aslida o`zaro bog`langan bir qancha ma'nolarni bildirgan, keyinchalik ayrim ma'nolar orasidagi bog`lanishning yo`qolishi (ipning uzilishi) natijasida bir necha so`zga aylanib ketgan qop so`zi bugungi tilda qop (ot: tor ma'noda) va kusat ma'nosidagi fe'l sifatidagina ayrim leksemalikni saqlaydi va affikslar qo`shilganda, o`zak sifatida ajratiladi (qop fe'li aslida, qap etib - xap etib oyog`idan oldi kabi iboralarda uchraganida taqlid so`zga aloqador ko`rinadi).
2. Og`riq (og`ri-q, "kasallangan", "kasallik", "bol" ma'nolarida: bosh og`rig`i; qo`li og`ridi) orriq (q - r r - r; chog`ishtiring: o`g`ri - urri, dialektal forma) o: riq ("ozg`in" ma'nosi (qiyoslang: oz - ham fe'l, ham ravish), "bol" ma'nosi, demak, endi morfemalarga ajralmaydi).
3. Uvla (kuchuk uvladi, uv-la formasida morfemalarga ajraladi: uvla, uvulla, uli: bo`ri ulidi: hozirgi tilda morfemalarga ajralmaydi).
4. Ilgari (qiyoslang: ich-kari), ilg`or (oldinda boruvchi, asli-sifatdosh; ilga: oldinda - ilgarilab borish, oldindagi biror narsani ko`rish), ildam tez-oldinlab borish), illayida (dialektal forma: yonida - oldida, arxaik "qoshida"), ilk (ilk baqor), olg`a (vperyod), old, oldin (avval, vperedi: oldinda borayotgan kolxozlar), erta (erta bahor, erta bilan, ertaga), ertak (ertaki: avvalgi, o`tgan) so`larining hammasi aslda "oldinda, oldindagi narsa, oldingi qism" ma'nosidagi il - ol o`zagidan yasalgan. Qiyoslang: 1. Eski o`zbek tilida "peshana (pye:sh - o:na) -manglay" ma'nosida o:lin so`zi uchraydi; old so`zidagi ol elementi aslida ruscha "perednaya chast" ma'nosini, ort, orqa so`zlaridagi or elementi esa ruscha "zadnaya chast" ma'nosini bildirgan. 2. Erta bahor, erta bilan, ertaga, ertalab, ertak (ertaki: ilgari, oldin, avval bo`lib o`tgan hodisa; cho`pchak; chog`ishtiring: kechki, kuzgi, tushki) so`zlaridagi erelementi aslida "oldin-avval" ma'nosini ifodalagan.
5. Yilon - jilon - ilon: jil - surilmoq, polzat, sekin surilib harakat qilmoq (qiyoslang siljimoq: jilg`a - o`tlar orasidan jilib chiqadigan suvlardan hosil bulgan ariq).
6. Uvoq - uvala fe'lini qiyoslang (ushoq) ushat, ushal va b., uvada, urvoq, un, upa, uqala, juxorini uqaladi) so`zlari aslida "mayda, poroshok, kukun" ma'nosidagi uv - u o`zagidan yasalgan.
7. Yana: baqir, chaqir, o`kir, bo`kir, kekir, o`shqir, qiyqir, qichqir aslida -qir-kir affiksi orqali yasalgan); undalma (un - ovoz, tovush o`zagidan). Qiyoslang, unamoq - ko`nmoq, xo`sh demoq, unda (madi) - inda: ovoz. Chiqarmoq, gapirmoq; bo`rsiq (bo`r – semiz. Qiyoslang, bo`rdoqi qo`y; bo`rda - semirmoq demak, aslida: bo`r-si-q).
Yuqoridagilar ko`rsatadiki, so`zning morfemalarga ajaratilishi uning qadimgi, avvalgi davrlardagi holatiga ega emas, balki hozirgi tildagi strukturasiga asoslanadi: so`zlarning tub-yasamaligi ularning hozirgi kunda qanday o`qilishiga qarab belgilanadi. Ba'zi so`zlar qadimda yasalgan bo`lsa ham, bora-bora turli sabablar natijasida ularning bu holati yo`qolgan: ularning yasalganligi sezilmay qolib, ajralmas bir so`zga aylangan. Demak, shu so`z bildirgan predmet va hodisalar vosita orqali anglashilish xususiyatini yo`qotgan - bevosita almashiladigan bo`lib qolgan: yasama so`z tub so`zga aylangan: ko`rpacha aslida: ko`rpa-cha); ko`mir - (asli ko`m-ir, yoki: kuy-mir: kuygan, kuyadigan"; Qiyoslang: o`smir - o`sadigan, yomg`ir – yog`adigan, kuymir - kuyadigan, yonadigan); yaxshi (yoqmoq fe'lidan); chaqirim (asli: cha-qir-im).
So`zning morfologik strukturasidagi bu tarixiy o`zgarish - bir necha qismli so`zning ajralmas bir bo`lakka aylanishi - soddalanish deb ataladi. Bunday soddalanish qo`shma so`zlarda ham bo`lishi mumkin. Masalan, tog`olcha so`zi aslida ikki elementdan iborat bo`lsa ham, hozirgi tilda bir ajralmas elementdir (tog`+olucha (olu-cha) tog` olcha (tog`olcha); sakson (sakkiz+o`n), to`qson to`qqiz+o`n), odamovi (odamlarga kam aralashadigan, aralashmaydigan odam) odam yovi (y tovushi tushgan) so`zlari ham shunday. So`zning sostavida ko`pincha affiksatsiya bilan bog`liq holda bo`ladigan fonetik o`zgarishlar soddalanishning sabablaridan biri bo`lib, ular soddalanishni yana ham kuchaytiradi: bunda so`zning morfemalarga ajralmaslik holati yana ham mustahkamlanadi. Masalan, bu kun-bugun, sez-seskanmoq, ters+kari - teskari, qars-qurs+ir-qasir-qusir, past-ay - pasaymoq, sust-ay-susaymoq. Soddalanish natijasida yasama so`z tub so`zga (negiz-o`zakka) aylanadi: morfemalarning soni kamayadi.
Soddalanish hodisasi affikslarda ham uchraydi. Masalan, fe'l yasovchi -da (aslda-li affiksining varianti) va ot yasovchi (keng ma'noda) -sh affikslarining birikishidan (-da-sh) tug`ilgan qo`shma affikslar keyinchalik tarixiy taraqqiyot prosessida ma'lum sabablar bilan bir sodda affiksga aylangan (qo`l-da-sh - qo`ldosh; yo`ldosh, safdosh, quroldosh).
Yuqoridagilardan anglashiladiki, so`zni morfemalarga ajratishda, boshqa sohalarda bo`lgani kabi, tarixiy hodisalar bilan hozirgi hodisalar bir-biriga mos kelavermaydi, til tarixining avvalgi davrlarida, morfemalarga ajralgan so`z keyin ajralmas birlik bo`lib qolishi mumkin. Demak, morfologik analiz (hozirgi holatiga qarab ajratish) bilan etimologik analiz (kelib chiqishini aniqlash, asliga qarab ajratish) ma'lum belgi asosida farqlanadi.
Soddalanish hodisasining o`z fonetik, leksik-semantik va grammatik sabablari bor:
1. O`zakning o`z mustaqillik holatini yo`qotganligi (uning so`z sifatida yo`qolganligi) sababli, semiz (asl o`zagi - sem: semir fe'lini chog`ishtiring. Demak, sem o`zagi hozir yakka holda qo`llanmaydi va ma'no bermaydi.); qimir (-la, qimir-qimir): asli qim o`zagidan (qimiz so`zini chog`ishtiring, "doim qimirlab turadigan" degan ma'noda); siyla ( asli hurmat ma'nosidagi siy o`zagidan);
Do'stlaringiz bilan baham: |