Namunaviy o‘quv dasturi - o‘quv rejadagi aniq fanlar bo‘yicha davlat ta’lim standartlariga asosan tayanch OTMlarining tegishli kafedralari tomonidan ishlab chiqiladigan, o‘quv materiallarni o‘zlashtirishga va o‘qitish mazmuniga qo‘yiladigan majburiy talablarni o‘z ichiga oladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, OTMlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun tavsiya etiladigan me’yoriy hujjat xisoblanadi.
Namunaviy o‘quv dasturi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i bilan tayanch etib belgilangan oliy ta’lim muassasalari kafedralarida tegishli fan sohasidagi yetuk olimlar, mutaxassislar va tajribali professor-o‘qituvchilardan tashkil topgan ijodiy guruh tomonidan tuziladi.
Namunaviy o‘quv dasturi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Kirish
Asosiy qism
Amaliy mashg‘ulot mavzulari
Seminar mavzulari
Mustaqil ta’lim mavzulari
Tavsiya etiladigan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar ro‘yxati.
Ishchi o‘quv dasturi - OTMning aniq bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoki magistratura mutaxassisligi talabalari uchun o‘quv rejadagi aniq bir fan bo‘yicha o‘quv dasturiga asosan professor-o‘qituvchilar tomonidan ishlab chiqiladigan, fanning mazmuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan, mavzularning o‘qitish ketma-ketligiga rioya qilingan xolda fanga ajratilgan soatlar aniq ko‘rsatilgan me’yoriy hujjat xisoblanadi.
Ishchi o‘quv dasturi tegishli ta’lim standartlarini konkretlashtiradi, o‘quv jarayonini uslubiy, informatsion va texnik jixatidan ta’minlanishini nazarda tutadi. OTMlarda talabalarni tayyorlash va o‘qitish xususiyatlarini aks ettiradi.
Ishchi o‘quv dasturlarini tuzish va tasdiqqa kiritish tartibi:
1.Ishchi o‘quv dasturlari OTMlarining tegishli kafedralarini professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqiladi.
2. Ishchi o‘quv dasturlarini DTS talablari va o‘quv dasturlarga mos holda ishlab chiqilishiga tegishli kafedra mudiri va professor-o‘qituvchilar mas’ul hisoblanadi.
3. Ishchi o‘quv dasturining kirish qismida o‘qitiladigan fanning dolzarbligi, sohaning tarixi, jamiyatni demokratlashtirish va iqtisodiyotni bozor tamoyillari asosida isloh qilishdagi ahamiyati va o‘rni ochib beriladi. Shunigdek, fanni o‘qitishning asosiy maqsadi va vazifalari, boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rsatiladi.
4. Ishchi o‘quv dasturida uslubiy jihatdan uzviy ketma-ketlikligi hamda o‘qitish turlari o‘qitishning interaktiv uslublari va vositalari hamda fanni o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, ta’lim jarayonini optiimallashtirish uchun omil bo‘ladigan mexanizmlar ko‘rsatiladi.
5. Ishchi o‘quv dasturlarida o‘quv jarayoni uchun zarur texnik vositalar, axborot-resurs markazidagi tegishli o‘quv adabiyotlari, didaktik vositalar, ashyolar va boshqa moddiy-texnik baza to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilishi maqsadga muvofiq.
6. Ishchi o‘quv dasturining titulida amaldagi Klassifikator bo‘yicha tegishli bilim, ta’lim sohalari va ta’lim yo‘nalish (mutaxassislik) larning shifri va nomlari hamda ishchi o‘quv rejaga muvofiq fanning to‘la nomi ko‘rsatiladi.
7. Ishchi o‘quv dasturining yaratilishiga mas’ul kafedraning nomi, mualliflar va taqrizchilar to‘g‘risida ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni), tasdiqqa tavsiya etuvchi ilmiy-uslubiy Kengashlarning bayonnomasi raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
8. Ishchi o‘quv dasturining foydalaniladigan manbalar ro‘yxatiga asosiy adabiyotlar va qo‘shimcha adabiyotlar kiritiladi.
9. Ishchi o‘quv dasturining matni A-4 format, Times New Roman shriftida, 14-chi o‘lchamda, chap tomonidan - 3 sm, pastidan - 2 sm, yuqoridan - 2 sm, o‘ng tomonidan - 1,5 sm o‘lchamida hoshiyalanadi. Betlarni raqamlash – pastki qismining markazida joylashtiriladi.
10. Ishchi o‘quv dasturi xar o‘quv yili kafedra yig‘ilishida ko‘rib chiqib muxokama qilinadi va tegishli o‘quv – uslubiy kengashida ko‘rib chiqib ma’qullanadi hamda OTMning ruxsat etilgan kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
11.OTM o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori yoki fakultet dekani tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |