o’qimoq” va “o’qitmoq” so’zlariga e’tibor berilsa, ta’limtarbiya ishlari faqat yoshlar o’rtasida emas, shu bilan birga, kattalar (ota-onalar) o’rtasida ham olib borilishi lozimligi ta’kidlanadi.
Behbudiy yoshlar ta’lim-tarbiyasi haqida nima ish qilgan, qanday faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, hammasini, asosan, turkiy xalqlarning kelajagini porloq, o’zlarini mustaqil, vatanni obod, el-yurtni qaramlikdan ozod etish uchun qilgan. Turkistondagi barcha ota-onalarni ham, ularning farzandlarini ham shu ruhda tarbiyalashni ko’zda tutgan.
Behbudiy chor Rossiyasiga qaramlikdan qutulmoq, mustaqillikka erishmoq uchun savodxon bo’lmoq darkorligini alohida ta’kidlar, buning uchun ma’rifat o’choqlari bo’lmish yangi usul maktablarini ko’paytirish, maktab va madrasalarda esa diniy bilimlar bilan birga tabiiy fanlarni ham xuddi Ovro’pa mamlakatlaridagi saviyada o’qitish g’oyasini targ’ib qiladi: «…Yahudiy, armani va boshqa ajnabiylarga poymol bo’lishimiz yillarning o’tishi bilan lozim keluvchi bir amri tabiiydir. Zamonamizning ilm va fanidan, ilmi di-nimiz ila birga o’qib o’zimizni din va millatimizni hifz etmak kerak va illo Ovro’pa ashyoniy nafisasi kasabalarimizni va Ovro’pa siyosiylari vujudimizni bo’lib yuboradilar…
…Ilmi diniy ila barcha ilmi zamoniy — ilmiy dunyoviy tahsil qilmaslik munkariz bo’larmiz…».
Behbudiy o’zining mana shu fikrlarini amalga oshirish borasidagi ko’p qirrali va sermahsul faoliyati davomida ma’rifatparvarlik va taraqqiyparvarlik: g’oyalarini keng tashviq etibgina qolmasdan, balki Jomboy qishlog’ida o’qituvchilik qilib yurgan Abduqodir Shakuriyni yollab, maktab uchun o’z hovlisining tashqarisini beradi, bolalar esa tekinga o’qitiladi.U katta o’g’li Ma’sud bilan qizi Parvinni ham Shakuriy maktabiga o’qishga beradi. Behbudiy o’z uyida ochilgan “usuli jadid”maktabining butun moddiy xarajatlarini o’z gardaniga oladi «Padarkush»ning sahnaga qo’ilishidan kelgan asosiy
daromadni Samarqand, Qo’qon, Namangan, Toshkent, Kattaqo’rg’on va boshqa shaharlardagi “usuli jadid” maktablariga hadya qildi, bu maktablar uchun o’zi «Muntaxabi jo’g’rofiya umumiy» («Qisqacha umumiy jo’g’rofiya»), «Madxali jo’xrofiya umro-qiy» («Ahli jo’g’rofiyasiga kirish»), «Muxtasari jo’g’rofiyai Rusiy» («Rusiyaning qisqacha jo’g’rofiyasi»), «Kitobul aftol» («Bolalar maktubi»), «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Amaliyati islom» va «Yangi hisob» darsliklarini yaratdi va o’z mablag’iga matbaa ochib, maktab uchun darslik va qo’llanmalarini tekinga bosib tarqatadi. Samarqanddagi birinchi musulmon kutubxonasi va qiroatxonaning asosiy mablag’i ham uning hisobidan chiqqan edi.
Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma’rifatparvarlik xizmatlari. Qizig’i shundaki, Mahmudxo’ja Behbudiyning hayot yo’li, uning din va jamoat arbobi sifatidagi faoliyatida ma’rifatparvarlik va shariat uzviy birlikni tashkil etadi. Chunki, Behbudiy faqat diniy bilimlarnigina emas, shu bilan birga, zamonaviy ilmlarning zo’r bilimdoni, xalqni ma’rifatli qilish uchun kurash yo’lida o’z moddiy boyliklarini, hatto jonini ayamagan shaxsdir. Professor Abdurahmon Sa’diy 1923 yilda z’lon qilgan «Behbudiy va uning tegrasiga yig’ilgan yozuvchilar» nomli maqolasida «O’z zamonida Turkiston jadidlarining eng faol va eng ma’lumotli rahbarlaridan edi» deb ta’riflagan bo’lsa, Fayzulla Xo’jaev o’zining «Buxoro tarixi» asarida bu fikrni rivojlantirib: «Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o’sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng kelaoladigan kishi bo’lmasa kerak» deb yozgan edi.
Bu gapda haqiqat bor, chunki zamonasidagi fikrlar — diniy huquq bilimdonlaridan hech biri fikh ilmining kengligi jihatidan mufti Mahmudxo’ja Behbudiyga teng kela olmas edi. Behbudiyning ayrim jaholatparast ruhoniylardan farqi va afzalligi shunda ediki, u hech qachon fikhning biror qoidasi yoki yo’l-yo’rig’ini xalq manfaatlari va ijtimoiy taraqqiyotga zarar keltiradigan tarzda talqin qilmagan. Aksincha, oyat va hadislarga tayangan holda, shar’iy dalillar asosida jamiyatdagi davlatmand sinf vakillarini insofga, shafqatga chorlaydi, ularning ochko’zligi va noinsofligini keskin qoralaydi, ayni paytda ma’rifatparvar arbob sifatida mehnatkashlarning bolalarini o’qimishli, bilimdon qilish vositasida ijtimoiy tengsizlik ildizlarini quritish mumkin degan xayol bilan bepul yangi usul maktabi ochadi, keng xalq ommasining barcha tabaqalarini ma’rifatli etish choralarini izlaydi, bu yo’lda shaxsiy mablag’larini beg’araz sarf qiladi. U xalqni, millatni ma’rifatli etish yo’lidagi tadbirlar uchun o’z mablag’larini ayagan mulkdorlarni qanchalik yomon ko’rsa, umumxalq manfaatini oyoq osti qilib, mulkdorlar yuz-xotirini qilgan din arboblaridan ham shunchalik nafratlanadi. Biroq Mahmudxo’ja Behbudiyning muftiylik lavozimini bunday halollik bilan ado etishi, yangi usul maktabi ochishi va taraqqiyparvar jadidlar faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlashi mutaassib ruhoniylarga hecham yoqmas edi. Shu bois 1914 yilning 3 yanvarida g’oyat mash’um hodisa ro’y berdi: Samarqanddagi Ulug’bek madrasasining ichida joylashgan Jomeda o’qilgan juma namozidan so’ng muazzin besh-olti ming musulmon huzurida nutq so’zlab, «usuli jadidchilarning kofirligi va har kim bolasini usuli jadid maktabiga bersa, o’zi kofir, xotini taloq bo’lishini», jamoaga e’lon qiladi. Uning aytishicha, bu favqulodda takfirni u ulamoning «qavmi va buyrug’i» ila e’lon etgan. Bu shum xabar yashin tezligida butun Turkistonga tarqaladi. Mutaassib ruhoniylar tomonidan qo’llangan bu makkorona usul jadidlarni mushkul ahvolga solib qo’ydi, o’z bolalarini usuli jadid maktabiga bergan ota-onalar tavahhumda qoldilar. Bunday vaziyatda eng oqilona tadbir jadidlarni diniy dalillar vositasida himoya qilmoq edi. Bu vazifani muftiy Behbudiy yuksak mahorat bilan ado etadi. To’g’ri, zamonaning zayli bilan dastlab ulamoning o’zi takfirdan tanishga majbur bo’ladi. Gap shundaki, mustamlakachi ma’muriyatning Samarqand viloyatidagi Mahkamasiga mazkur takfirning ma’naviy rahbarlari hamda muazzin chaqirtiriladi. Shunda ularning jamoadagi jangariligi va yuqoridagi xurujidan asar ham qolmaydi, ular hayosizlarcha bu dalildan tonadilar va almoyi — aljoyi javoblar beradilar. Natijada, Behbudiy «Oyna» jurnalining 1914 yil yanvarida chiqqan 12-sonida e’lon qilingan «Favqulodda takfir» maqolasida sodir bo’lgan voqea haqida zo’r taassuf bilan xabar beradi. «Oyna» jurnalining 12-sonida esa Mahmudxo’ja Behbudiyning bu masalaga bag’ishlangan «Bizni(ng) hollar va ishlar» maqolasida: «Ushbu nutq hukumatga ma’lum bo’lib, hukumat tarafidan Madrasai Tillakor va Madrasai Ulug’bek mudarrislari janob mulla Imomnazar va mulla Salim ham nutq qilg’on muazzindan so’rolibdur – Janob mudarrislar ushbu nutqdan xabarimiz yo’q— debdurlar. Muazzin aytibdurki, men usuli jadid o’ruscha o’qumoq va yo usuli jadidchilar haqida hech bir nimarsa aytganim yo’q…— boshqa aytganlariga munkir bo’lubdir.
Adabiyot
Oʻzbek sovet entsiklorediyasi. 2-jild. T., 1979.
Qosimov S. Behbudiy va jadidchilik. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1990-yil 19,26-yanvar.
Qosimov Behbudiy Karvonboshi. „Yoshlik“ jurnali, 1990-yil, 1-son.
Aliev A. Mahmudxoʻja Behbudiy. T., 1994.
Ahmedov S. Oʻlimdan qoʻrqmagan mutafakkir. „Sovet Oʻzbekistoni sanʼati“, 1989-yil, 2-son.
Rizaev Sh. „Padarkush“ yohud Samarqand tarixidan lavhalar". „Vatan“ gazetasi, 1994-yil, 39-son.
Do'stlaringiz bilan baham: |