Mavzuning dolzarbligi:Yadrolarning strukturasini va reaktsiyalarning mexanizmlarini o’rganishda yuqori quvvatli tezlatgichlarning o’rni tobora ortib bormoqda. Yadroga tegishli spektroskopik ma’lumotlarning barchasi tezlatkichlar yordamida amalga oshirilgan yadro reaksiyalari orqali olingan.Keyingi vaqtlarda yadroning strukturalarini radioaktiv ionlar orqali o’rganish ishlari rivojlanib bormoqda. Bu ishlarni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan tezlatkichlar komplekslari qurilmoqda va parametrlari yuqori bo’lgan tezlatkichlar loyihalashtirilmoqda. Shuning uchun zamonaviy tezlatkichlarning tuzilishi va ishlash prinsipini o’rganish biz fiziklar uchun o’ta muhim va dolzarb hisoblanadi.