O‘ZBEKISTON VA QIRG‘IZISTON YETAKCHILARI OLIY DARAJADAGI KELISHUVLAR IJROSINING BORISHINI MUHOKAMA QILDILAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari muqaddas Ramazon oyi boshlangani bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishining borishi batafsil muhokama qilindi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surishga, shu jumladan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini boshlash, Qambarota 1-gidroelektr stansiyasi va “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi sermahsul almashinuvlar va qo‘shma dasturlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qabul qilingan qarorlarni so‘zsiz bajarish maqsadida hukumatlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ko‘rib chiqdilar. Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi.
ULUG‘ AYYOM KUNLARIDAGI EZGU ISHLAR
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va mahallalarni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi.
Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
– Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma’naviy qudratini ko‘rsatishi qayd etildi.
– O‘tgan yili Qashqadaryoda “O‘zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi, – deya ta’kidladi Prezident.
Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.
Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mushafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi.
Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi.
Prezidentimiz “Ilm-fan” bo‘limini ko‘zdan kechirdi. Alloma bobolarimiz merosini keng va ta’sirchan targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Davlatimiz rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar namunalarini ham ko‘rdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi Universitet mahallasiga bordi.
Ijtimoiy dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi. Universitet mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy ta’mirlangan. Uylar hovlisi, maydonchalar obod qilinib, ichki yo‘llar beton bilan tekislangan, 700 metr uzunlikdagi velosiped yo‘laklari qurilgan.
Ma’lumki, o‘tgan yili noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingan edi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda daraxt ko‘chatlari ekish bilan birga mahallalarda ishkomli ko‘chalar tashkil qilish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, Universitet mahallasida 750 metr uzunlikdagi ishkomlar o‘rnatilib, uzum ko‘chatlari ekilgan. Ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar yetishtirilmoqda.
Universitet mahallasida 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 19 ta ko‘p qavatli uyning qiyofasi, yo‘laklari yaxshilandi. Bu yerda 150 o‘rinli xususiy maktab ham bor. O‘ndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |