Toj razryadi. O’tkir uchli o’tkazgichlarga katta zaryadlar berilganda uning o’tkir uchlari yaqinida atmosfera
bosimi sharoitida Quyosh tojiga o’xshash razryad yuzaga keladi. Shuning uchun ham bunday razryad turiga tojli
deb aytiladi. Odatda bunday razryad elektr maydon kuchlanganligi bir necha ming volt/metr ga yetganda ro’y
beradi.
Gaz juda yuqori temperaturagacha qizdirilganda tez harakatlanayotgan atom yoki molekulalarning
to’qnashuvi hisobiga ionlasha boshlaydi. Bunda gaz plazma deb ataladigan holatga o’tadi. Plazma qisman yoki
to’liq ionlashgan gaz bo’lib, unda manfiy va musbat zaryadlar zichligi bir xil bo’ladi. Shuning uchun u butunicha
olib qaralganda elektr jihatdan neytraldir.
Gazning plazma holati o’ziga xos xossalarga ega. Ularning harakatchanligi yuqori bo’lganligi va deyarli
barcha zarralari ionlashgan bo’lganligi uchun ularni elektr va magnit maydoni orqali boshqarish oson. Uning
zarralari orasida Kulon kuchlari ta’sir etadi. Har bir zarra bir vaqtning o’zida atrofdagi juda ko’p zarralar bilan
ta’sirlashganligi tufayli, ular xaotik harakat qilish bilan birga, tartiblangan kollektiv harakatda ham qatnasha oladi.
Shuning uchun plazmada turli xil tebranishlar va to’lqinlar juda tez tarqaladi.
Plazmaning ionlashash darajasi ortgan sari o’tkazuvchanligi ortadi.
Koinotda moddalarning ko’p qismi plazma holatida bo’ladi. Quyosh va boshqa yulduzlar asosan to’liq
ionlashgan plazmadan iborat.
Bizning sayyoramiz atrofida ham plazma mavjud bo’lib, atmosferaning 100-300 km balandligidagi qatlami
ionlashgan gazdan iborat bo’lib, ionosfera deb ataladi. Bu ionlar Quyosh nurlari va Quyosh chiqaradigan zaryadli
zarralar oqimi ta’sirida ionlashadi. Yer atrofida ionosfera qatlami mavjudligi sun’iy yo’ldoshlar tomonidan
aniqlangan.
Amalda plazmadan keng ko’lamda foydalaniladi. Gaz razryadining barcha turlarida plazma paydo bo’ladi.
Turli xil reklama yozuvlarining naylarida va kunduzgi yorug’lik lampalarida miltillama razryada paydo bo’ladigan
plazma qo’llaniladi. Plazmatron deb ataluvchi asbob yaratilgan bo’lib, u zich plazmaning kuchli oqimini hosil
qiladi. Bu oqimdan metall qirqish, payvandlash, tog’ jinslarida quduq qazish va boshqa ishlarda foydalaniladi.
Boshqariladigan termoyadro reaksiyalarini hosil qilishda plazmadan foydalanish (TOKAMAK) istiqbollari
haqida keyingi yillarda olimlar bosh qotirmoqdalar. Bu ulkan masala hal qilinsa inson qo’liga amalda bitmas-
tuganmas energiya manbaini beradi.