Bog'liq O`zbekiston Respublikasi Oliy va O`rta Maxsus Ta`lim Vazirligi
2. Indikatorlar, titrlash usullari va hisoblash formulalari. Titrlashda reaktivning ortiqcha miqdori emas, balki aniqlanayotgan modda miqdoriga ekvivalent miqdori ishlatiladi. Ishchi eritma bilan titrlanayotgan modda orasidagi reaksiyaning tugash paytini, ya`ni ekvivalent nuqtasini aniq belgilash zaruriy shartdir. Reaksiyaning tugashi qanchalik aniq belgilansa, analiz natijasi shunchalik aniq bo`ladi.
Reaksiya tugashini aniqlash uchun indikatorlar deb ataluvchi alohida reaktivlar qo`llaniladi. Ko`pincha indikatorlarning ta`siri shunga olib keladiki, ular titrlanayotgan modda va ishchi eritma o`rtasidagi reaksiya oxirida ishchi eritmaning ozgina ortiqcha miqdori ishtirokida o`zgarishga uchraydi va eritma yoki cho`kmaning rangini o`zgartiradi. Byuretkadan–ishchi eritmadan ma`lum miqdorda quyilganda titrlanayotgan eritma rangi sezilarli o`zgarsa, bunda titrlashning so`nggi nuqtasiga erishildi deyiladi.
Ko`pchilik hollarda indikator aniqlanayotgan modda eritmasiga qo`shiladi va titrlash indikator ishtirokida yuzaga chiqadi. Bu ichki indikatorlardir. Ayrim hollarda titrlash mobaynida titrlanayotgan eritmadan kapillyar bilan bitta tomchidan olinib unga chinni plastinkada bir tomchi indikator qo`shiladi. Shunday qilib, indikator bilan bo`ladigan reaksiya titrlanayotgan eritmadan tashqarida ketadi. Bu holda ishlatiladigan indikatorlar tashqi indikatorlar deyiladi.
Titrlash jarayonini olib borish quyidagicha amalga oshiriladi. O`lchov va oddiy idishlar yaxshilab xromli aralashma, oddiy suv bilan yuviladi, distillangan suv bilan chayiladi, birorta tomchi suyuqlik idish ichida devordan oqaturib ushlanib qolmasligi kerak. Byuretka shtativga mahkamlab o`rnatiladi, ishchi eritma bilan to`ldiriladi, bunda byuretka ichida havo pufakchalari bo`lmasligi kerak. Tutrlanadigan eritma konussimon kolbaga solinadi, rang o`zgarishi aniq bilinishi uchun kolba tagiga oq qog`oz varag`ini qo`yish kerak. Titrlash paytida kran yoki qisqich chap qo`l bilan boshqariladi, kolba esa o`ng qo`l bilan ushlanadi. Byuretkadan ishchi eritma asta–sekin tushiriladi, kolbadagi eritma hamma vaqt aylanma harakat bilan aralashtirib turilishi kerak. Reaktivning sachragan mayda tomchilarini yuvib tushirish uchun vaqti–vaqti bilan kolba devorlarini uning bo`g`zidan boshlab yuvgichdagi distillangan suv bilan oz–ozdan yuvib turish kerak. Titrlashning oxirgi nuqtasiga yaqin byuretkadan eritmani ayniqsa ehtiyotlik bilan bitta–bitta tomchidan qo`shish va kolba ichki devorini tez–tez yuvib turish kerak. Titrlash jarayoni tugagach byuretkadagi sarflangan ishchi eritma hajmi aniqlanadi, natijalar formulaga qo`yiladi va hisoblash ishlari olib boriladi. Titrlash jarayoni eng kamida 3 marta takroran olib boriladi hamda natijalarning o`rtachasi asosida hisoblanadi.